O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik bo`yicha jamg`armasi hamkorligida Butunjahon “Aholishunoslik kuni” munosabati bilan 13-15 yoshli o`smir qizlar o`rtasida suzish bo`yicha musobaqa o`tkazildi.
Butunjahon “Aholishunoslik kuni” munosabati bilan Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbus doirasida o`tkazilgan musobaqada Toshkent shahrida yashovchi jami 110 nafar uyda o`tirgan o`smir qizlar ishtirok etdi.
Bundan ko`zlangan asosiy maqsad – qizlarning suv sporti bilan ommaviy ravishda shug`ullanishini tizimli tashkillashtirish, buning qizlar salomatligini mustahkamlash, ularda sog`lom turmush tarzi ko`nikmalarini shakllantirishda katta ahamiyatga ega ekanligini keng jamoatchilik o`rtasida targ`ib qilishdan iborat.
Ochilish marosimida iqtidorli o`g`il-qizlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo`shiqlar musobaqa ishtirokchilari va tomoshabinlarga xush kayfiyat ulashdi. Qizg`in bahslar davomida ishtirokchi qizlarimiz o`zlarining naqadar sportga oshno ekanliklari, chaqqon va shijoatliliklarini namoyon qilishdi.
13 va 15 yoshli musobaqa g`oliblari tashkilotchilarning faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovg`alari bilan taqdirlanishdi. Bundan tashqari, o`zining faolligi, g`alabaga bo`lgan ishonchi va epchilligi uchun 10 nafar ishtirokchilar nominasiyalar bo`yicha munosib baholandi.