1

Bosh vazir qabulxonalari – tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik

Jamiyat 23.05.2019, 14:24
Bosh vazir qabulxonalari – tadbirkorlar uchun  yana bir qulaylik

Press-klubning navbatdagi sessiyasi “O`zbekistonda tadbirkorlarning hukumat bilan muloqotining yangi formati va “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturining ijrosi: tahlil va yondashuvlar" mavzusida bo`lib o`tdi.

Unda «Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident farmoniga asosan 1 iyundan 200 ta tumanda Bosh vazir qabulxonalari tashkil qilinishi haqida axborot berildi. Mazkur qabulxonalarda tadbirkorlik sub`ektlari hamda xorijiy investorlarning huquq va manfaatlariga rioya qilinishini ta`minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga to`siq bo`layotgan muammolar, byurokratik va boshqa to`siqlarni bartaraf etish, ta`magirlik va korrupsiya holatlarining oldini olish, qonunlarni takomillashtirish va boshqa masalalar bo`yicha murojaat qilish mumkin.

Nusratbek To`ychiev, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari bo`yicha o`rinbosari:

– Bosh vazir qabulxonalarida muammolar imkoniyat darajasida joyida hal etiladi. Ularning Xalq qabulxonalaridan farqi tadbirkorlik, bank, kredit va shunga o`xshash masalalarni hal qilishda amaliy yordam ko`rsatadi. Tumanlardagi qabulxonalarning har birida ikki nafardan mutaxassis ishlaydi. Qabullar jadval bo`yicha har kuni o`tkaziladi. Murojaatlarni hal qilish «tuman/shahar – viloyat – respublika» uch pog`onali prinsipi bo`yicha ko`rib chiqiladi. Quyi bosqichlarda hal etilmagan murojaatlar yuqori hududiy qabulxonaga yo`naltiriladi, ular Vazirlar Mahkamasi Kotibiyatida ham hal etilmasa, ko`rib chiqish uchun bosh vazirga kiritiladi. Bosh vazir qabulxonalari sayyor faoliyat ham olib boradi. Bundan tashqari xorijiy investorlar uchun murojaatlarni videokonferensiya orqali qabul qilishga sharoit yaratiladi. 15 iyundan «Tadbirkorlarning muammolarini qabul qilish, umumlashtirish, monitoring va nazorat qilish uchun business.gov.uz portali ishga tushiriladi. Tadbirkorlar mazkur portal orqali murojaat qilib, uning ko`rib chiqilishini o`zlarining shaxsiy kabinetida real vaqt rejimida «onlayn» tarzda kuzatib borishlari mumkin.

Bosh vazir har chorakda Qabulxonalar faoliyati natijalarini alohida yig`ilishlarda, shu jumladan videokonferensaloqa o`tkazish yo`li bilan ko`rib chiqadi. Zarurat bo`lganda tadbirkorlik sub`ektlari va investorlarni shaxsan qabul qiladi. Shu bilan birga, har chorakda Qabulxonalar ishlarining natijalari xususida prezidentga axborot berib boradi.

Ruslanbek Davletov, Adliya vaziri:

–Ushbu vertikal tizimni joriy qilishdan maqsad – tadbirkorlarning ovoragarchiliklariga chek qo`yish, muammolarni joyida hal qilish, mutasaddilarning mas`uliyatini oshirish, sektorlar bilan ishlashni yaxshilash, ochiqlik siyosatini takomillashtirishga qaratilgan.

Hozir joylarda tadbirkorlikning rivojlanishiga turli byurokratik to`siqlar halal bermoqda. Masalan er ajratishda bir qator xato va kamchiliklarga yo`l qo`yilmoqda. Viloyatlarda hokimliklar erni auksionga chiqarmayapti. Hujjatlar stol ustida qolib ketyapti. Hokimliklarning er ajratish bo`yicha vakolatini qisqartirish kerak. Aynan shu sababli Er kodeksiga o`zgartirishlar kiritilmoqda.

Mamarizo Nurmuratov, Markaziy bank boshqaruvi raisi:

–Hozirgacha 244 ming 700 xonadon “har bir oila tadbirkor” dasturi bo`yicha qamrab olindi. Yurtimizda ilk bor ish boshlaganlarga ko`pgina qulayliklar yaratilgan: arzon kreditlar beriladi; ularni 3 yil davomida 3-8 oy oralig`ida to`lab borishga imtiyoz bor; loyiha qiymatiga qarab hatto 200 million so`mgacha kredit olish mumkin. Ayni paytda bank va hokimlik vakillarining o`zi xonadonlarga kirib borib bo`lajak tadbirkorlarni izlab topayapdi. Ularning takliflarini, g`oyalarini o`rganib, maqsadli loyihalarini qanday qilib amaliyotga joriy qilish, bankdan kredit olish bo`yicha tushuntirishlar o`tkazishyapti.

Banklar tadbirkorlik bilan shug`ullanaman, degan har bir oilaga faoliyat yo`nalishidan qat`iy nazar 8 foizli imtiyozli kredit ajratadi. Agar zarur bo`lsa ish boshlayotgan odamga naqd pul ham berilyapdi. Misol uchun savdoni aylantirib yuborguncha moliyaviy ko`mak beriladi. Masalan non yopib sotish faoliyati bilan shug`ullanmoqchi bo`lsa 1 tonna un olish va ishchilarga to`lanadigan 1 oylik haq uchun naqd pul berilishi mumkin. Hatto ta`minotchilarga ham mahsulot olib kelish uchun kredit ajratilmoqda. Faqat ulardan sifatli mahsulot olib kelish talab etiladi. Xullas tadbirkor oila bankdan kredit olib, kerakli dastgohni o`rnatishi, bemalol o`zini, qo`shnisini ish bilan ta`minlashi, bu jarayonda soliq to`lamay o`z biznesini rivojlantirishi mumkin. Shu bilan birga oila qaysi kasbda bo`lishidan qat`iy nazar, o`z ishidan tashqari qo`shimcha daromad olishiga imkon beriladi.

Biz ko`proq muhtoj oilalariga asosiy e`tiborni qaratyapmiz. Lekin kredit ajratishda kam ta`minlanganlik to`g`risida hujjat talab etilmaydi. Va agar kam ta`minlangan oila kredit olsa bu uning mahalladan olayotgan nafaqasiga ta`sir qilmaydi.

Statistik ma`lumotlar:

2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo`yicha tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun 16,4 trillion so`mlik kreditlar ajratilgan. Iqtisodiyotda investisiyalarni o`zlashtirish hajmlari 1,3 baravarga, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub`ektlari soni 2,3 baravarga o`sgan.

“Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 2018 yil may-dekabr oylarida 2,4 trln so`m kredit berilgan. 2019 yilning 1 yanvaridan buyon 244700 ta oilaga turli yo`nalishlarda kredit yordami ko`rsatilgan. Jumladan: chorvachilikka – 467 mlrd so`m, quyonchilikka – 29 mlrd so`m, baliqchilikka – 26 mlrd so`m, parrandachilikka – 151 mlrd so`m, asalarichilikka – 144 mlrd so`m, bog`dorchilik va issiqxona xo`jaliklari uchun – 454 mlrd so`m, kichik biznesga – 284 mlrd so`m, to`qimachilik uchun – 292 mlrd so`m, xizmat ko`rsatish sohasiga – 135 mlrd so`m ajratilgan.

Markaziy bank raisi byudjet tashkilotlari ishchilarining oylik maoshlarini to`liq plastik kartaga o`tkazilishi haqidagi rejalarni ma`lum qildi. Tez orada Toshkentda “Humo” to`lov tizimi ishga tushiriladi. Shu maqsadda 2000 dan ortiq bankomat olib kelinib,ularga dasturiy ta`minot o`rnatilmoqda. Bu amaliyot vaqt va boshqa ovoragarchiliklarni tejash bilan birga pulning elektron aylanmasini rivojlantirishga hissa qo`shadi.

Manzura BEKJONOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1