1

O`zbekistonda moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot institutining filiallari ochiladi

Jamiyat 24.04.2019, 19:49
O`zbekistonda moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot institutining filiallari ochiladi

Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligining Radiologiya tibbiy tadqiqot milliy markazi bosh direktori, P.A. Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, akademik Andrey Kaprin boshchiligidagi onkolog shifokorlardan iborat delegasiya malakatimizda bo`lishdi. Ular yurtimizdagi Respublika ixtisoslashgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Toshkent shahridagi filiali faoliyati bilan tanishdilar.

Sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanov bilan bo`lib o`tgan muloqotda bugungi kunda dunyoda onkologik kasalliklari bilan kasallanish tobora o`sib borayotgani ta`kidlandi. Ma`lumotlarga ko`ra, har yili dunyoda 15 million nafarga yaqin kishi ushbu kasallik bilan ro`yxatga olinadi . Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining prognoziga ko`ra, 2020 yilga borib saraton kasalligiga chalingan bemorlarning soni 16 millionga etishi mumkin. Shuning uchun saraton kasalligiga qarshi kurash, bu boradagi muammolarni hal qilish kompleks yondashuvni talab qiladi. Bunda ilg`or xorijiy tajribani keng jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Do`stona ruhda o`tgan uchrashuvda O`zbekiston va rossiyalik hamkasblar ordinatura, aspirantura hamda doktorantura orqali etuk onkolog va radiolog shifokorlarni tayyorlash, radioterapiya bo`limlarida ishlash uchun tibbiy fizik mutaxassislarni etishtirish, onkologlarning Rossiya klinikalarida stajirovkasini tashkil etish orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo`yicha qator qo`shma loyihalarni muhokama qildilar. Eng asosiysi, bu borada P.A. Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti o`zbek hamkasblari uchun o`qishni bepul tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Muloqot chog`ida Toshkent va Samarqand shaharlarida P.A. Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti filiallarini ochishga kelishib olindi. Bundan tashqari, ilm-fan, telemedisina bo`yicha haftalik anjumanlarni tashkil etish, etakchi onkolog-jarrohlar bilan birgalikda mahorat darslar o`tkazish, shuningdek, qo`shma konferensiya, kongres va simpoziumlarni muntazam o`tkazish masalalari muhokama qilindi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1