1

Sifatsiz qurilishga yo`l qo`yilmaydi

Jamiyat 22.04.2019, 14:28
Sifatsiz qurilishga yo`l qo`yilmaydi

Xabaringiz bor, keyingi vaqtlarda Sergeli tumanining 5-dahasida barpo etilgan arzon uylarning sifati va narxi masalasi ayrim e`tirozlarga sabab bo`layotgan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama etilayotgan edi. Shu sababli 11 aprel kuni Sergeli tuman hokimligida Hukumat a`zolari ishtirokida ushbu uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan uchrashuv bo`lib o`tgan edi. Unda tumandagi arzon ko`p qavatli uylarning narxlari, qurilishning sifati va yo`l qo`yilgan ayrim kamchiliklar muhokama qilinib, fuqarolarning murojaatlari tinglangan edi.

Sayyor yig`ilishda ko`tarilgan masalalarni joyining o`zida o`rganish va bartaraf etish bo`yicha ikkita komissiya tuzildi. Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo`jaev rahbarligidagi komissiyaga uylarning narxlari masalasini o`rganish, ularni imkon qadar arzonlashtirish bo`yicha taklif ishlab chiqish, qurilish vaziri Abduqahhor To`xtaev rahbarligidagi komissiyaga qurilishdagi kamchiliklarni o`rganish va joyining o`zida bartaraf etish vazifalari topshirildi.

Bugun ushbu komissiyalarning yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda komissiyalar rahbarlarining hozirga qadar bajargan ishlari haqida axborotlari tinglandi.

Qurilish vaziri 2 686 ta xonadon o`rganilgani, ulardan 283 tasida kamchilik aniqlangani va bartaraf etilgani, hech kim yashamayotgani sababli 155 ta xonadonni o`rganish imkoni bo`lmaganini ma`lum qildi.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri respublika miqyosida qurilish materiallarining narxlari tahlil qilinayotgani, ularning katalogi tayyorlanib, davlat tomonidan qurilish tashkilotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlarning qo`llanilishi o`rganilayotgani, bank marjasi va sug`urta pulini kamaytirish bo`yicha ishlar davom ettirilayotgani haqida axborot berdi.

Komissiyalarning axborotlari tanqidiy muhokama qilindi. Ularga ishni yanada jadallashtirish, komissiyalar faoliyatiga jamoatchilik vakillari, shu xonadonlarda yashaydigan fuqarolarni keng jalb etish zarurligi ta`kidlandi. Ijtimoiy uylar qurilishini biznesga aylantirib yuborishga yo`l qo`yilmasligi qat`iy uqtirildi.

Shundan so`ng komissiyalar a`zolari Sanobarxon Sodirova yashaydigan 18-uy, 45-xonadonda bo`lib, bu erda bajarilgan qo`shimcha ta`mirlash ishlari bilan tanishdi.

– Men uyimizning qurilish sifatidan shikoyat qilgan edim, – deydi Sanobarxon Sodirova. – Uch kun ichida hamma kamchiliklar tuzatildi. Ochig`i, bunday e`tiborni kutmagan, chala ishlar tezda yakuniga etkazilishiga ishonmagan edim. Bundan juda xursandmiz.

29-uyda yashovchi fuqarolar ham qo`shimcha ta`mirlash ishlaridan mamnunliklarini bildirishdi. Shu bilan birga, bu erda xotin-qizlarning ayrimlari ishsizligi, ish joyi uzoqda bo`lgani uchun qatnashga qiynalayotgani haqida so`zlashdi. Komissiya tomonidan shu erning o`zida qisqa muddatda tikuvchilik korxonasi tashkil qilish va xotin-qizlarni ish bilan ta`minlash bo`yicha aniq vazifa belgilab olindi.

28-uy ahli bilan muloqotlar ham qizg`in kechdi.

– Men ko`p mamlakatlarda bo`lganman, – dedi nafaqadagi o`qituvchi Mavluda Salohiddinova. – Rivojlangan davlatlarda ham aholining ko`pchiligi ijarada yashaydi. Yurtimizda uyga muhtoj fuqarolar uchun mana hozir yoppasiga arzon uylar qurilyapti. Biz ham o`z uyimizga ega bo`ldik. Bularning hammasi uchun avvalo shukr qilishimiz, yoshlarimizni boqimandalikka o`rgatib qo`ymasligimiz kerak.

Komissiyalar a`zolari xonadonma-xonadan yurganini eshitib, aholi yig`ila boshladi va ular bilan muloqot qizib ketdi. Hududda infratuzilmani rivojlantirish, qo`shimcha maktab, maktabgacha ta`lim, tibbiyot muassasalari qurish masalalari o`rtaga tashlandi.

Komissiya a`zolari bu erda davlat dasturlarida ko`zda tutilganidan tashqari yana 4 ta maktab va 4 ta maktabgacha ta`lim muassasasi, 1 ta poliklinika qurilishi shu yilning kuzida yakuniga etkazilishini ta`kidladi. Transport qatnovi masalalari ham hal etilishi aytib o`tildi.

– Ko`rib turibsiz, davlatimiz fuqarolar uchun yaxshi sharoitlar yaratayapti, – dedi “Nuroniy” jamg`armasi Markaziy Kengashi raisining o`rinbosari Sharof Ubaydullaev. – O`zingiz ayting, o`tgan yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, o`z uy-joyiga ega bo`lmagan fuqarolar uchun shunday keng miqyosda uylar qurilganmi? Albatta, yo`q. Endi o`zingiz shu uylarda yashayapsiz, kamchiliklari mana tuzatildi. Bu ishlar davlatimizning doimiy nazoratida ekani barchamizni xursand qiladi.

Uchrashuvda hududda mahalla fuqarolar yig`inlarini tashkil etish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini tuzish va ularning rahbarlarini shu erdagi faollar orasidan saylash taklifi qo`llab-quvvatlandi.

Belgilangan barcha ishlar sifatli bajarilishini ta`minlash maqsadida “Nuroniy” jamg`armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, xotin-qizlar qo`mitalari faollaridan iborat jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etildi.

Eslatib o`tamiz, komissiyalar o`z ishlarini davom ettirmoqda. 11 may kuni uylar qurilishida yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, uylar narxlarini tushirish bo`yicha qilingan ishlar haqida bu erda yashaydigan fuqarolar oldida batafsil hisobot beriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1