1

​Mudofaa vazirligi askarlari Harbiy qasamyodni qabul qildi

Jamiyat 15.04.2019, 17:26
​Mudofaa vazirligi askarlari Harbiy qasamyodni qabul qildi

Chirchiq poligonida Mudofaa vazirligi qo`shinlariga joriy yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan oddiy askarlarni Harbiy qasamyodga keltirish marosimi bo`lib o`tdi.

Tantanali marosimda O`zbekiston mudofaa vazirining o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov, mas`ul ofiserlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, askarlarning ota-onalari ishtirok etdi. Shuningdek, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatga bo`lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Chirchiq shahridan ikki ming nafarga yaqin yoshlar qatnashdi.

Tadbirda so`zga chiqqanlar Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilishning naqadar sharafli ekanligini, yoshlarimizga Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi jasur ajdodlarimizga munosib voris bo`lish lozimligini ta`kidladilar.

Harbiy qasamyodga keltirish marosimidan so`ng, Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurtining kursantlari tomonidan tayyorlangan qurol bilan saf elementlari va qo`l jangi ko`rgazmali chiqishlari, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri jamoasi, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan tayyorlangan kuy-qo`shiqlar mehmonlar e`tiboriga havola etildi.

Amir Temur tavalludining 683 yilligi munosabati bilan bilim yurtining askarlari tomonidan tayyorlangan tarixiy sahna ko`rinishi esa barchaning olqishiga sazovor bo`ldi.

Shuningdek, poytaxtimizdagi “Vatanga qasamyod” monumenti oldida Toshkent garnizonidagi harbiy qismlarning muddatli harbiy xizmatchilari ham Harbiy qasamyodni qabul qildilar.

Tadbirlar davomida muddatli harbiy xizmatchilarga O`zbekiston Prezidentining sovg`asi — Amir Temurning “Temur tuzuklari” va “O`zbekiston tarixi” kitoblari tantanali tarzda topshirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1