1

“URING, YoShULLI, URING!”

Mutolaa 23.03.2019, 19:47
“URING, YoShULLI, URING!”

Yoxud ayrim hokimlarimiz urish va so`kishdan nega voz kechmayapti?

Yo hokimlik o`ta asabiy kasb, yo bizning xalqimiz allaqachon kaltak bilan muomala qilishga o`rganib qolgan. Bo`lmasa, ikki-uch yildan beri hokimlarning so`kong`ichligiyu urong`ichligi butun matbuotga do`mbira bo`lsa-da, bu holatlarning cheki ko`rinmayapti.

So`kong`ich hokimlar poygasi

Ikki yilcha ilgari Sirdaryo viloyatida yuz bergan sharmandalikni eshitmagan odam qolmadi: kuchi bayramga “odam olib chiqmagan” maktab direktorlariga etgan “hokimcha” esingizdadir? Ha, balli! Zo`ravonning zo`ri elga oshkor bo`lganidan keyin, mansabidan ham mosuvo bo`ldi. “Otdan tushganidan” so`ng ko`cha-ko`yda, to`y-ma`rakada yuzi musht tushirgan direktor-u o`qituvchilarning yuziga qanday qaradi – bunisi endi o`zigayu Xudoga ayon.

Vodiy taraflarda yana bir “akamiz” borlar. Gaplariga kirmagan xodim borki, “ishlashasanlarmi senlar o`zi” deb, anjanchasiga boloxonador qilib so`kardilar. Ayol bo`ladimi, erkakmi, yosh bo`ladimi, qarimi – nima farqi bor? Aql, e uzr, mansab yoshdamas, boshda. Adashmasam, shu o`tkir tillari sabab yaxshigina dakki eshitdilar, sudga borib, besh-olti millionni ham to`lab keldilar-ov! Agar yaqin orada e`lon qilingan “hokimlarning qancha maosh olishi” to`g`risidagi ma`lumotlarga ishonsak, anjanlik akamizning uch-to`rt oylik maoshlari “burro” tillari kasratidan davlat kassasiga qarab oqib ketgani haqiqat. Lekin, uzunquloq gaplarga qaraganda, hozir ham unda-bunda so`kinib turarkanlar, vallohu a`lam!

Ancha ilgari Toshkent viloyatidagi bir tumanda ham “hokim buva” paxta terimiga odam chiqarmagan mahalla oqsoqollarining “changini chiqargan”. Xorijlik hamkasblarimizning aniq faktlarga asoslangan statistik ma`lumotiga ko`ra, hokim buva 45 daqiqa davomida 126 marta “izohli lug`at”ga kirmagan so`zlarni ishlatgan. To`g`ri, tilimiz bag`oyat boy, imkoniyatlari keng. Lekin, rahbar zoti bu imkoniyatlardan “keng foydalanaverishi” to`g`ri emas-da!

“Yoshulli bolamni urg`oni yo`q!”

Yaqinda “o`rgimchak to`ri”da Xorazm tomonlarda yana bir rahbarning yig`ilish vaqtida fermerlarni haqorat qilganlari haqida xabar tarqaldi. Qalashtirib so`kkanlari etmagandek, “Yoshulli” bir fermerga qarab o`zlari o`tirgan stulni ham irg`itibdilar. Hokimninng qahriga duchor bo`lgan fermer bolaga nima qilganini aniq bilmadig-u, lekin stul sinib ketganidan xabarimiz bor! Ol-a! Odam bolasini-ku, bir chaqaga olmas ekansiz, bitta stul qancha turishini bilasizmi, Yoshulli?

Kun.uz saytining ma`lumotiga ko`ra, “Yoshulli” voqeaga aniqlik kiritib, kattaroq majlisda izza bo`lganlari sabab, “ijro intizomiga amal qilish maqsadida”, yig`ilishga kech kelgan fermerlarga jahl qilib, kursini minbardan pastga irg`itibdilar.

Fermerning otasi ham muxbirning so`roviga javoban, internetdagi xabarlar “bo`rttirib yuborilgani”ni aytib, hokimdan xafa emasligini aytgan. Har qalay bir yurtning odami-da, kirar eshigingni qattiq yopma, degan maqolga amal qiladigan xalqmiz.

Aytgancha, bu ishni prokuratura organlari ham tekshirishga kirishgan. Lekin, kaltak egan odam (agar rostdan ham kaltak egan bo`lsa) bo`ynini egib, “ayb menda” deb tursa, otasi “yoshulli bolamni urg`oni yo`q” deb qo`l qovushtirsa, huquq-tartibot organlari kimni ayblasin? “Bo`lar-bo`lmas” shov-shuv tarqatgan jurnalistlarnimi?

Egilgan boshni qilich kesmaydimi?

Undan sal avvalroq, Buxorodayam xuddi shunaqa ish bo`lgan ekan. Chekka tumanlardan birining hokimi yana bir fermerni do`pposlagan, sho`rlik fermer do`xtirxonaga tushib qolgan. Keyin shov-shuv ko`tarilgan. O`rtaga “kattakonlar” tushgan. Tuman hokimi fermerning yoniga bosh egib, “xay, endi ot tepkisini ot ko`taradi-da, jo`rajon, bizdan o`tibdi” deb borganlarida, fermerning ham ko`ngli yumshab, “ibi, hokim bovo, siz katta boshingizdi kichkina qilib kechirim so`ropsiz, biz kechirmaymizmi, oxi” deb shartta kechirvoripti. Kechirimlilik tanamizga qon bilan singgan-da! Ayniqsa, “kattalar” bosh egib uzr so`rab tursa-yu, “kichiklar” kechirmasa, o`zbekligimiz qaerda qoladi? Biz nemis yo amerikalik emasmizki, bir og`iz haqorat uchun deputat yoki vazirni ham sudga berib, «ko`kida» falon ming jarima undirib olsak…

Hazil-ku, o`z yo`liga, lekin Yurt rahbari “xalq mansabdorga emas, mansabdor xalqqa xizmat qilsin” deb turgan bir paytda, katta-kichik rahbarlar hamon odamlar bilan “musht tili”da gaplashayotgani, qo`l ostidagilarga noo`rin munosabatda bo`layotganga hecham ko`z yumib bo`lmaydi.

“So`ksa indamaysan, ursa yig`lamaysan!,,,”

Men-ku, hokim bo`lib ko`rmaganman, bu amalning “past-balandi”dan uncha xabarim yo`q. Balki ularga ham oson tutib bo`lmas. Bir viloyat, shahar yoki tumanning og`ir-engili, issiq-sovug`ini elkalash oson emasdir, har qalay. Lekin nima bo`lganda, mansab kursisida o`tirgan har bir rahbar tagidagi mashinasi, egnidagi qimmatbaho kostyumi, kunda-kunora ziyofatlar (boshqa “imtiyoz”lar haqida og`iz ochganim yo`q, bunisi har kimning vijdoniga havola) ana shu qo`l ostidagi odamlar, kechani-kecha kunduzni kunduz demay ishlayotgan hamyurtlari hisobidan ekanini unutmasalar, bas.

“Rahbar shunaqa bo`lishi kerak-da, qattiqo`l bo`lmasa, ish bitmaydi?” deguvchilar ham topilar. Ammo, dunyoda bizga qaraganda har jihatdan ilgarilab ketgan mamlakatlar bor. O`sha yurtlarda ham turli rutbadagi “kattakonlar” ishlaydi. O`sha mamlakatlarda fermerlar, o`qituvchilar, oddiy odamlar ham yashaydi.

Lekin nimagadir, shu yoshga kirib, biror marta Fransiyaning Marsel shahar hokimi bayramda bayroq ko`tarib chiqmagan kollej direktorini onasini “eslab”di, AQShda, Pensilvaniya shtatininig falon okrugidagi makkajo`xori planini bajarmagan fermerni allaqaysi boshliq o`lasi qilib kaltaklabdi, Yaponiyaning Kyusyu oroli gubernatori “planni bajarmagan” baliqchilarga tosh ko`tartirib, suvga tushiribdi”, Angliyaning Glostershir grafligida allaqaysi lord “ko`cha tozalash”ga chiqmagan o`qituvchining yuziga shapaloq tortvoribdi” degan gaplarni hozircha eshitganimiz yo`q! Agar bizdagi “innovasion texnologiyalar”dan ibrat olib, keyinchalik xorijda ham shu “usullar” qo`llanadigan bo`lsa, unda biz ham bemalol ko`krak kersak bo`lardi: “Mana, biz hech kimdan kam emasmiz, bizning tajribamizni jahon tan oldi” deb.

Xullas... yana o`sha gap: Yo hokimdan so`kish eshitib, kaltak egan odamlarning o`zida ham etarlicha ayb borki, ursayam, so`ksayam indamay turaveradi. Yo odamlarimiz allaqachon “kattakon”larning shu taxlit muomalasiga ko`nikib qolishgan, kechirasiz-ku, ular boshqacha muomalaga loyiq emas... Boshqa yana nima deyish mumkin? Rahmatli shoirimiz Muhammad Yusufdan qolgan ikki misra she`r yodgsha tushadi:

So`ksa indamaysan, ko`ymi-to`qlisan,

Ursa yig`lamaysan, demak — o`g`risan!..

Sohib IXTIYoR

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1