1

Umid Ahmadjonov: O`zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz kerak

Sport 19.02.2019, 19:45
Umid Ahmadjonov:  O`zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz kerak

Bugun, 19 fevral kuni Milliy olimpiya qo`mitasida viloyat futbol federasiyalari va futbol akademiyalari rahbarlari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etdi, deb xabar berdi O`FA matbuot xizmati.

Yig`ilish davomida mutasaddilar o`z viloyatlarida futbolni ommalashtirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berishdi. Shuningdek, akademiyalar faoliyatini rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, muxlislarni stadionga jalb qilish va boshqa masalalar ko`rib chiqildi.

Umid Ahmadjonov futbol akademiyalarini rivojlantirish haqida gapirar ekan, iqtidorlarni tarbiyalash orqali mamlakatimizni o`ziga xos futbol fabrikasiga aylantirishimiz kerakligini aytdi.

«Iqtidorlarni tarbiyalash orqali O`zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz lozim. Tarbiyalangan futbolchilarni sotish orqali akademiyalar o`zini qoplashi va daromad ko`rishi kerak. Ishlab topilgan mablag` orqali hududda futbolni yanada rivojlantirish mumkin bo`ladi. Biz birgalikda ana shu tizimni yaratib olishimiz lozim. Rejalar har bir viloyat uchun alohida ishlab chiqiladi», – dedi Umid Ahmadjonov.

MOQ rahbari futbol akademiyalarini zamonaviy ko`rinishga keltirish bo`yicha tegishli loyihalarni ishlab chiqish bo`yicha ko`rsatma berdi. Unga ko`ra, yaqin kunlarda akademiyalar infratuzilmasini rivojlantirish, ish tizimini tashkil etish bo`yicha loyihalar tayyorlanadi.

Yig`ilishda Superliga uchrashuvlari davomida muxlislarni stadionga jalb qilish, ommaviylikni oshirish masalalari ham keng muhokama qilindi. Mutasaddilar bu borada o`z takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirib o`tishdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1