1

Surxondaryoda ​64 yoshli chol kampirini o`ldirib qo`ydi

Jinoyat 19.02.2019, 14:54
Surxondaryoda ​64 yoshli chol kampirini o`ldirib qo`ydi

2019 yil 15 yanvar sanasida jinoyat ishlari bo`yicha Qiziriq tuman sudi binosida sudlanuvchi U.Hamdamov (maqoladagi ism-shariflar o`zgartirildi)ga oid jinoyat ishi ko`rib chiqildi. 1955 yilda tug`ilgan, ma`lumoti o`rta, pensioner, oilali, etti farzandning otasi, muqaddam sudlanmagan U.Hamdamov jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`lgan qasddan badanga og`ir shikast etkazish jinoyatini sodir etgan.

U.Hamdamov 2018 yil 11 dekabr kuni soat 09:00 atrofida turmush o`rtog`i V.Hamdamova bilan oldindan davom etib kelayotgan oilaviy kelishmovchiliklar sababli o`zaro tortishib qoladi. Jahl otiga mingan chol omborxonadan temir bo`lagini olib chiqib, kampirini urmoqchi bo`lganida erining vajohatini ko`rgan ayol jon holatda ko`chaga qochadi. Ammo sudlanuvchi kampirining omon qolishiga yo`l bermaydi. U ayolning izidan quvlab etib olib, qo`lidagi temir bo`lagi bilan bosh qismiga bir necha marotaba uradi.

«Yarashib olmoqchi edim, ammo...»

U.Hamdamov ko`rsatmasidan:

– Kampirim V.Hamdamova bilan 1979 yil turmush qurganmiz. Etti nafar farzandimiz bor. Ayolim bilan ko`p yillardan buyon til topisha olmas edik. O`zaro kelishmovchiliklar sababli 2017 yil alohida xonalarga ko`chib o`tib, bo`lak yashay boshladik. U bilan deyarli gaplashmasdik, bundan farzandlarimizning ham xabari bo`lgan. Ular bizni yarashtirmoqchi bo`lganida kampirim unamadi. Rahmatli yomon ayol emasdi. Ammo ayollik vazifalarini to`la-to`kis bajarmasdi: osh-ovqatimga qaramasdi, kiyimlarimni ozoda tutmasdi, umuman men bilan ishi yo`q edi.

O`sha kuni soat 08:30 larda o`g`lim va kelinim bilan birga nonushta qildik. Xonaga kirib kelib, menga ko`zi tushgan kampirim keyinroq choy ichishini aytib, xona burchagidan joy oldi. O`g`lim ishga ketgach, men ham hovliga chiqdim. To`g`ri omborxonaga borib, boltaga dasta yasatish uchun mos keladigan temir bo`lagini olib chiqdim. Birozdan so`ng payvandchi bilan ko`rishishim kerak edi. Eshik tomonga ketayotganimda ichkari xonada kampirim choy ichayotgan edi. Tashqarida poyabzali turganini ko`rib, u bilan gaplashib olish uchun yoniga kirdim. Qo`limda temir bo`lagi bor edi. Xotinimga «Qachongacha shunday yashaymiz, bolalarning oldida uyalmaysanmi?» dedim. U bo`lsa «Siz bilan hech qachon yarashmayman. Boshqasiga uylanishingiz mumkin. Roziman!» deb zarda qilib, xonadan chiqib ketdi. Achchig`im kelib uni to`xtatmoqchi bo`lganimda u dod-voy qilib kelinni chaqirdi. Hovliqib kirib kelgan kelinni ko`rib, kampirimning kiyimini qo`yib yubordim. U esa oyoqyalang hovliga yugurib chiqdi-da, baqir-chaqir qila boshladi. So`ng ko`chaga qarab yugurdi. Uning IIBga borib ustidan shikoyat qilishi mumkinligini o`ylab, to`xtatmoqchi bo`ldim. Avvaliga ortiga qaytishini aytib, baqirdim. Ammo u e`tibor qilmadi. So`ng ortidan quvlab etib oldim-da, qo`limdagi temir bo`lagi bilan orqa tomonidan boshiga bir marta urdim. Kampirim temir zarbidan hushini yo`qotib, erga yiqildi. Ortimdan etib kelgan kelinim «Urmang», deganidan so`ng o`zimga kelib, kampirimga tan jarohati etkazganimni angladim. Shundan keyin uyga kirib, kiyimimni almashtirdim va temir bo`lagini olib, Qiziriq tumani IIBga yo`l oldim. Huquqni muhofaza qilish organi xodimlariga bo`lib o`tgan voqeani so`zlab berdim. Kechroq xabar topdim, kamirim shifoxonada jon beribdi. Rosti, bunday bo`lishini istamagandim.

Ma`lumotlarga ko`ra, jabrlanuvchi shifoxonaga etkazilgach, unga birinchi yordam ko`rsatilgan. Bosh sohasida operasiya o`tkazilgan. Biroq bemor ko`p qon yo`qotgani tufayli uning hayotini saqlab qolish imkoni bo`lmagan.

«Hammasi ko`z o`ngimda sodir bo`ldi»

Sudda so`ralgan guvoh Sh.Mamajonova ko`rsatmasidan:

— Qaynota-qaynonamning o`zaro munosabatlari o`tgan bir yil davomida yomonlashdi. Ular bir-biri bilan gaplashmasdi. Qaynotamning ust-boshiga men qarardim. Osh-ovqatini ham men tayyorlab kelganman. Ikkisini yarashtirish uchun ko`p harakat qildik. Ammo bo`lmadi. 2018 yil 11 dekabr kuni men, turmush o`rtog`im va qaynotam birga nonushta qildik. Qaynonam eri bilan bir dasturxon atrofida o`tirishni istamagani bois xona burchagida o`tira turdi. Keyin men turmush o`rtog`imni ishga kuzatgani chiqdim. Qaynotam ham xonadan chiqib ketdi. Birozdan so`ng ichkaridan qaynonamning baqirayotganini eshitdim. Xonaga yugurib kirganimda qaynotam bir qo`li bilan qaynonamning bilagidan ushlab turardi, ikkinchi qo`lida esa temir bo`lagi bor edi. Undan qaynonamni qo`yib yuborishini so`radim. Biroq qaynotam «Sen aralashma», deb jerkib berdi. Paytdan foydalanib qaynonam qaynotamning qo`lidan qutuldi-da, hovliga chiqdi. Qaynotam ortidan chiqib, yana qo`lidan siltalab tortmoqchi bo`ldi. Shunda qaynonam qo`shnilarni yordamga chaqirib, baqira boshladi. Tabiiyki, bundan qaynotamning battar jahli chiqdi. «Sen hali qo`shnilarni yordamga chaqirasanmi?» debbaqirdi. Qaynonam qo`rqqanidan «Yo`q, hech kimni chaqirmayman», deb o`zini ko`chaga urdi. Qaynotam uning ortidan quvlab ketdi. Chamasi 10-20 metrlar yugurib, qaynonamga etib oldi. Qo`lidagi temir bo`lagi bilan avval qaynonamning beliga urdi. Qaynonam erga yiqilgach, temir bilan boshiga zarba berdi. Men etib kelganimda qaynonam hushsiz yotardi. Og`zi va burnidan qon oqayotgandi. Qo`rqib ketib, qo`shnilarni chaqirdim. Ko`plashib qaynonamni Qiziriq tuman markaziy kasalxonasiga olib bordik.

Qanday jazo tayinlandi?

Sud sudlanuvchi U.Hamdamovga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda uning aybiga to`liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi va keksa yoshda ekanligini jazoni engillashtiruvchi holatlar deb e`tiborga oldi.

Sudlanuvchi U.Hamdamov JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan O`zbekiston Respublikasi JKning 57-moddasini qo`llab, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Qiziriq tuman sudi raisi

Baxtiyor Madaminov bilan hamkorlikda

Dildora Yusupbekova tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1