1

Musofir yurtdan ayolning tobuti qaytdi... (hikoya real voqealarga asoslangan)

Mutolaa 06.02.2019, 09:32
Musofir yurtdan ayolning  tobuti qaytdi... (hikoya real voqealarga asoslangan)

«O`zbekistonlik ayol Turkiyada avtohalokatga uchrab, vafot etdi». Internet yangiliklarini ko`zdan kechirayotgan Rustam bir zum sergak tortdi-da, shu xabarni sinchiklab o`qishga kirishdi. «Ayolning millati o`zbek, ismi Nargiza. Boshqa ma`lumotlar mavjud emas. Agar marhumaning tanishlari yoki qarindoshlari bo`lsa, tegishli muassasalarga murojaat qilishingizni so`raymiz».

Xabar bir zumda butun tarmoqda, odamlar orasida shov-shuvga aylandi. Hamma marhumaning kimligiga, nega bu ahvolga tushganiga qiziqardi. Rustam ishxonada ham fikrini jamlay olmadi. O`y-xayoli o`sha xabarda edi. Nahotki, u bo`lsa?Tez orada ayolning suratlari ham internet saytlarida tarqaldi. Afsuski, og`ir halokat sabab yuzi tanib bo`lmas darajaga etgandi. Rustam suratga uzoq tikildi, shubha-gumonlar yana bo`y cho`zdi. Unga o`xshayapti. Yo boshqamikin?

Ishini arang tugatib, uyiga shoshildi. Kelganida bolalari dars tayyorlashar, onasi oshxonada kuymalanardi.

— Yaxshi keldingmi, o`g`lim?Rosa charchagandirsan? Hozir ovqat suzaman, - onasi darrov Rustamga peshvoz chiqdi. O`g`li Murodjon va qizi Munisa ham chopqillab kelishdi.

Rustam ularni biroz erkalatdi. Ishtahasi bo`lmasa-da, onasining ko`ngli uchun ovqatdan bir-ikki luqma edi-yu, charchaganini bahona qilib, xonasiga kirib ketdi.

Qalbida javobsiz savollar-u, o`tmish xotiralari tug`yon urardi. Javondagi kitoblardan birining orasiga berkitilgan suratni oldi. Suratda hali yigirmaga to`lmagan, oppoq yuzli ko`hlikkina qiz mayin jilmayib turardi. O`shanda Nargiza bilan endi tanishgan chog`lari edi. Uning beg`ubor tabassumi, bolalarcha samimiyati Rustamni tamomila maftun qilgandi. Ajrimdan keyin Rustam uning barcha suratlarini yirtib tashladi. Ammo bunisini ko`zi qiymadi.

Ular uch yildan ortiq ahdlashib yurishdi. Rustam o`qishini tugatib, ishga joylashgach, to`y taraddudi boshlandi. Ikkala tomon ham bir-biriga ma`qul tushgan, hammasi risoladagidek edi. Rustam va Nargizaning quvonchi cheksiz, baxtdan sarmast edilar.

To`y juda ajoyib o`tdi. To`ydan so`ng Nargiza bir oycha kelinlik vazifalarini sidqidildan bajardi. Keyin Rustamning ishi sabab ular shahar markaziga ko`chib, alohida yashay boshlashdi. Rustam yaxshigina maosh olar, Nargizaning barcha erkaliklarini ko`tarar, og`zidan chiqqanini muhayyo qilardi.

Birin-ketin farzandlar tug`ildi: avval o`g`li Murodjon, keyin qizalog`i Munisa. Har safar ota bo`lganida Rustam ichiga sig`may shodlandi. Tabiiyki, bolalar tug`ilgach, xarajatlar ham ko`paydi. Ammo Nargizaning orzu-havasi, injiqliklari chegara bilmasdi. Kazo-kazo dugonalaridan ortda qolmaslik uchun eriga hali uni, hali buni olib bering, deb shart qo`ya boshladi. Rustam oilasining tinchini o`ylab, o`zini o`qqa-cho`qqa urib, xotinining istaklarini bajarishga tirishardi. Lekin Nargizaning talablari ham kun sayin ortib bordi.

Endi kunora uyda janjal bo`lar, o`chakishgandek, Rustamning ishlari ham orqaga ketardi.

— Qachongacha shu arzongarov ko`ylaklarda yuraman? Men ham dugonalarimga o`xshab asl chet el kiyimlaridan kiygim keladi. Hatto telefonimni ham yangilab bermadingiz! Ko`chada shu almisoqdan qolgan eski telefonda gaplashishga uyalaman! – Nargiza doimgidek erini shikoyatu diydiyo bilan qarshi oldi.

— Biroz sabr qil, onasi. Hozir vaziyat shunday. Hali hammasi o`nglanib ketadi, - Rustam jahlini bosishga urinib, bosiqlik bilan javob qildi.

— Amakimning qizini to`yiga ham oz qoldi. Nima kiyib boraman? To`yona uchun ham pul kerak!

— Axir shuncha ko`ylaging bor! Namuncha noshukursan! Sabr qil deyapman-ku! Ovqatniyam zahar qilding.

Nargiza yig`lagancha oshxonaga kirib ketdi. Rustam esa chekish uchun tashqariga chiqdi. Bu holga o`rganib qolgan bolalar beparvo o`ynab o`tirishardi.

Ishxonasidan qo`shimcha maosh berishganda Rustam Nargizaning telefon olib bering deganini esladi. Ishdan chiqib yangi zamonaviy telefon xarid qildi. Nargizaning boshi ko`kka etdi. Endi u kun bo`yi internetdan bosh ko`tarmas, ijtimoiy tarmoqlarda maqtanchoq dugonalari bilan vaqtini behuda sarflardi. Eri bir-ikki dakki berganda ham parvo qilmadi.

— Yaqin dugonam Turkiyaga ketibdi. O`sha bilan gaplashyapman. Suratlarini qarang, bunisini uyida tushgan, bunisini yaxtada. Ajoyib-a? Undan turkchani ham o`rganyapman, - Nargiza og`iz ko`pirtirib dugonasining shohona hayotini maqtardi.

Rustam uning gaplariga ham, ko`rsatgan rasmlariga ham unchalik e`tibor bermadi. Ammo xotinidagi o`zgarishlardan yuragi g`ash tortdi.

Bir kuni Nargiza uxlab yotganida Rustam uning telefonini oldi. Qurilma o`chiq edi. Balki quvvati tugagandir, deya yoqib ko`rdi. Telefon ishga tushishi hamon internet xabarlari yog`ila boshladi. Ularga ko`z yugurtirgan Rustam karaxt bo`lib qoldi. Aksariyati Kenan ismli turk yigitdan edi. Rustam turk tilida yozilgan xatlarga uzuq-yuluq tushundi. “Go`zalim,nega javob bermayapsan”, “Yagonam...Sevaman... Sog`indim... Yonimga kel...”,yana uzundan-uzun turk tilidagi ishqiy nomalar. Nimalar bo`lyapti?Bularni Nargiza yozmagan, qandaydir tushunmovchilik bor shekilli. Shunday xayollar bilan Rustam ularning yozishmasini o`qiy boshladi. Afsuski, Kenanga yuborilgan rasmlarda jufti haloli Nargiza noz-karashma bilan sirli jilmayib turardi. Rustamning ko`zi qonga to`ldi, qo`lidagi telefonni devorga qarata uloqtirdi.

Ajrim ishlari tez nihoyasiga etdi. Sababi Nargiza biror e`tirozsiz ajrashishga rozi bo`ldi. Ota-onasi undan qattiq ranjishdi.

— Yuzimizni erga qaratding. Ikki go`dakni tirik etim qilding, noshukur, - onasi jon kuydirib Nargizaga dashnom berdi.

— Qo`ying, oyi. Shunga tegib, nima ko`rdim? To`rt devor ichida guldek yoshligim kuyib ketsinmi? Axir men ham bir marta yashayman. Na o`zi tuzukroq pul topadi, na menga ishlashga ruxsat beradi.

— Oilangni boshiga etding. Hali uvoli tutadi seni!

Nargiza hech kimga quloq solmas, uni kutayotgan yangi dunyo fikru xayolini o`g`irlagandi. Bolalar qonunga ko`ra onasi bilan qolishdi. Rustam har hafta bolalarni ko`rgani kelib turdi. Kelganida iloji boricha sobiq rafiqasiga duch kelmaslikka harakat qilardi. Qaynukasi bilan gaplashib, bolalarni olib ketardi. Poymol bo`lgan g`ururi va parchalangan oilasi haqqi u Nargizani o`z qo`llari bilan o`ldirishni istar, ammo farzandlarini o`ylab, o`zini qo`lga olardi. Bir safar bolalarni olib ketishga kelganda Nargiza qarshisidan chiqdi. Turkiyaga ketmoqchiligini, dugonasi ish taklif qilganini aytdi. Rustam g`azab va nafrat bilan unga tikildi:

— Menga desa jahannamga ketmaysanmi! Bolalar men bilan qoladi!

Shundan keyin bolalar Rustam bilan yashaydigan bo`lishdi. Rustamning onasi o`g`li uylanishni istamagach, o`zi nabiralariga qarash uchun ular bilan yashay boshladi. Mana to`rt yildirki, Nargizadan biror darak yo`q. Rustam esa alamini ishdan olar, tunu kun qog`oz titkilardi. Qalbini nafrat egallagan, uylanish haqida eshitishni ham xohlamasdi.

Internetda shu xabar tarqaldi-yu, eski xotiralar alami qayta bosh ko`tardi. Rustam yana qo`lidagi suratga tikildi. Qanday qilib rasmdagi farishtadek qiz alamzada ayolga aylandi?

Rustam tuni bilan bezovta bo`ldi. Uyg`onishi hamon internet yangiliklarini tekshirdi. Turkiya polisiyasi marhumaning halokatdan avvalgi suratlarini topishga muvaffaq bo`libdi. Suratlarni ochishga urinarkan, Rustam bir zum nafas olishdan to`xtagandek bo`ldi. Nihoyat, surat ochildi. U!Ana kulib qarab turibdi. Nargiza!O`zining Nargizasi. Ko`z ochib ko`rgani, dunyosini ostin-ustun qilib ketgani... Nargiza edi.

Rustam o`zini qo`lga olish uchun tashqariga otildi. Toza havodan to`yib nafas olarkan, qalbidagi iztirob ko`z yosh bo`lib oqa boshladi. Qiziq, u qanday bu ahvolga tushdi? Musofir yurtlarda boshidan nelar kechdi? Ishongan xushtorlari tashlab ketdimi? Nega to`rt yildan beri bolalarini yo`qlamadi? Rustam endi bu savollarga hech qachon javob topolmasligini bildi. Ayni dam qalbining tubiga ko`mgan muhabbatining siniqlari unga azob berardi.

Birozdan so`ng o`ziga kelib, sobiq qaynotasining uyiga yo`l oldi. Ular ham xabar topishgan, hovlida janozaga tayyorgarlik ketardi. Nargizaning ota-onasi bir chekkada mung`ayib, yig`lashardi. Ayniqsa, onaizorning qalbi tilka-pora bo`lgan, kuydirib ketgan bebosh qizim, deya nola qilardi.

Shu kuni tunda Turkiyadan samolyotda Nargizaning tobuti keldi. Rustam o`zi bosh-qosh bo`lib Nargizani so`nggi yo`lga kuzatdi, haqiga duo qildi. Shunga qaramay, qalbining bir chetini vijdon azobi kemirardi. Balki Nargizaning ayanchli qismatida uning ham aybi bordir? Axir u Nargiza uchun mas`ul emasmidi? O`sha turkiyalik nokas uni aynitishidan avval nega ayolini to`g`ri yo`lga sololmadi? Bolalariga nima deydi? Avvallari alam ustida ularga oying o`lgan, deya uqtirardi. Endi esa ularni aldashga ham hojat qolmadi.

Ilmira Fayzullaeva

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1