1

Sevara Solieva: Partnyorim turmush o`rtog`imga yoqmasa, roldan voz kechaman

Shou-biznes 16.01.2019, 16:14
Sevara Solieva: Partnyorim turmush o`rtog`imga yoqmasa, roldan voz kechaman

Mushtariylarimizning talab va takliflariga binoan aktrisa Sevara SOLIEVAni suhbatga chorladik. Aytishlaricha, aktrisa san`atni tashlab biznes bilan shug`ullanayotgan emish...

— So`nggi suratga tushgan filmingiz «Salom rashk» bo`ldi. Adashmasam, Aziz Rametov bilan ilk bor partnyor bo`ldingiz?

— Ha. Ushbu kartinada Aziz Rametov bilan birinchi marta partnyor bo`ldik. Men uni hind aktyorlariga o`xshatdim. Ijro mahorati, s`yomka jarayonida o`zini tutishi menga yoqdi. Rolini ijro etayotgan mahali ustozoda san`atkor ekanligi bilinadi. Rostini aytsam, ba`zi sabablarga ko`ra film premerasida qatnasha olmadim. Lekin turli fikrlar bo`lganidan xabarim bor.

— Masalan, nimalar deyishdi?

— Tanqidiy fikrlar bo`lmadi. Mabodo, siz nimadir eshitgan bo`lsangiz, aytavering.

— Film haqida yomon gap eshitmadim. Faqat Aziz Rametov bilan ekrandagi juftligingiz ba`zilar uchun erish tuyuldi.

— Bo`lishi mumkin. Axir bu ilk hamkorligimiz.

— Turmush o`rtog`ingiz aktyor va xonanda Ma`mur Sultonov s`yomka maydonchasida sizni Aziz Rametovdan rashk qilgan emish...

— (kuladi) Umr yo`ldoshim meni hammadan rashk qiladi. Nafaqat Aziz Rametovdan balki boshqa filmdagi partnyorlarimdan ham qizg`onadi. Lekin men buni to`g`ri qabul qilaman.

— Deylik, Ma`mur suratga olinishi rejalashtirilayotgan filmdagi partnyoringizni yoqtirmadi. Shu sabab bo`lib, roldan voz kechishingiz mumkinmi?

— Agar turmush o`rtog`im partnyorimni yoqtirmasa, u bilan bitta filmda suratga tushishimga qarshi bo`lsa, albatta, roldan voz kechaman. Men uchun oilam xotirjamligi har narsadan muhim.

— U ham siz uchun shunday qilgan bo`larmidi?

— Yo`q! Turmush o`rtog`imning fe`lini yaxshi bilaman. U mening gapim bilan kinodagi partnyori yoki qilayotgan ishidan voz kechmagan bo`lar edi. Bir tarafdan to`g`ri ham qiladi. Negaki, u erkak kishi. Biz, ayollar esa hamisha juftimizning fikrini hurmat qilishimiz kerak.

— Sevara, kinoda kam suratga tushayotganingizning boisi nima?

— E`tibor bergan bo`lsangiz, so`nggi paytlarda filmlar kap ishlanyapti. Rejissyorlar, asosan, yangi qiyofalarni kashf qilishga urinishmoqda. To`g`ri, takliflar bo`lyapti, ammo ko`pchiligi men aytgan gonorarga rozi bo`lmaydi.

— Bundan chiqdi, «Sevara rol uchun katta gonorar so`rayapti», degan gaplar rost ekan-da?..

— Nokamtarlikka yo`ymang-u, ammo ko`p yillardan buyon ijod qilib kelayotgan professional aktrisaman. Doim o`z ustimda izlanaman. Mahoratimni oshirib borishga harakat qilaman. Ozmi – ko`pmi, muxlislarim bor. Shunday ekan, rol uchun ma`lum miqdorda gonorar belgilashga haqliman, deb o`ylayman.

— Tushunarli. Teatrdan ta`tilga chiqqandingiz, ishga qaytdingizmi?

— Yo`q, teatrga qaytmadim. Biryo`la ishdan bo`shadim.

— «Aktrisa teatrda charhlanadi» derdingiz-u, ishdan bo`shashingizga nima sabab bo`ldi?

— Hali ham shu fikrdaman: aktrisa teatr sahnasida charhlanadi, mahorati oshadi. Ammo hozir teatr bilan kinoni birgalikda olib borishga qiynalyapman. Shu bois ishdan bo`shashga majbur bo`ldim. Nasib qilsa, keyinchalik teatr studiyalaridan birida ish faoliyatimni davom ettiraman.

— Hamkasblaringiz «Kinochi-da, teatrda ishlashni eplolmadi», deyishmadimi?

— Shaxsan o`zimga gapirishmadi. Balki ortimdan gap – so`z bo`lgandir, yana kim biladi, deysiz. Hozir bor diqqatimni kinodagi rollarimga qaratmoqchiman.

— To`ylarda boshlovchilik qilayapsiz-a?

— Ha! Bir men emas, ko`pchilik aktyor – aktrisalar to`yga chiqishadi. Meni xursand qilayotgani, odamlar to`ylarda boshlovchilik qilishimizni yaxshi qabul qilishyapti.

— «Bitta siz qolgandingiz shu ishni qilmagan», deguvchilar ham bo`lgandir?

— Bunday gaplar bo`lmadi. To`g`ri, bir necha yillar oldin aktyor – aktrisalarning to`ylarda ishtirok etishini hamma ham to`g`ri tushunmas edi. Ammo hozir unday emas. Aksincha, biror bir aktrisa to`yda boshlovchilik qilsa, tashrif buyurganlar mamnuniyat bilan qarshi olishmoqda.

— Yaxshi. Sevara, siz haqingizda yana bir gap eshitdim.

— Xo`sh, xo`sh nima ekan?

— Savdo markazlaridan birida do`kon ochganmishsiz...

— Xo`jayinimning ko`p yillik orzusi amalga oshib, restoran ochdi. Men esa reklama borasida unga yordam beryapman. Restoran savdo markazlaridan birida joylashgan. U erda meni ko`rganlar Sevara biznes bilan shug`ullanyapti, deb o`ylagan bo`lishsa kerak. Aslida, bu turmush o`rtog`imning loyihasi.

— Omadini bersin!

— Aytganingiz kelsin!

— «Sal qolishiga sal qoldi» filmi premerasi qachonga mo`ljallanyapti?

— Bilasiz, kartina turmush o`rtog`imning g`oyasi asosida suratga olindi. Nasib etsa, keyingi oylarda premerasi bo`lib o`tadi.

— Bosh rolda o`zingiz bo`lsangiz kerak?

— Yo`q, bu safar kichikroq rol ijro etdim. Film katta ekranlarga chiqqach, qahramonim bilan yaqindan tanishasiz.

— Kelishdik.


Sevaraning «ENG» lari

Eng yomon ko`rgani — odamlarning asossiz gap – so`zlari.

Eng quvongan kuni — kayfiyatni ko`tarish maqsadida o`zi uchun biror nima qilgan on

Eng katta kamchiligi — jahli tez

Eng yaxshi odati — yaxshilik qilgan insonlarni sira ham unutmaydi.

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1