1

​Ajrashishdan voz kechtirgan so`z

Mutolaa 11.01.2019, 15:31
​Ajrashishdan voz kechtirgan so`z

So`nggi paytlar u ayoli bilan hech yaxshi chiqisholmasdi. Uyda har kuni arzimagan sabablar bilan tortishuv bo`lardi. Bulardan bezor bo`lgan er ajrashishni istardi. Oiladagi notinchlik tufayli qudalarning ham orasiga sovuqchilik tushgandi. Er bir kuni parishon holda maslahat so`rash uchun ko`pni ko`rgan, odamlarning hurmatini qozongan bir zotning oldiga borib, ahvolini aytdi. U zot:

— Endi ajrashsang ham hech nimani o`zgartirolmaysan. Bir oy umring qolibdi, nima qilsang qil, debdi.
Bu gapni eshitgan er dahshatga tushib, rangi oqargan holda chiqib ketibdi.
Yo`lda uchragan tanishlaridan rozi-rizolik so`ray boshlabdi. Uyiga qaytib, “Xotin, shuncha payt seni xafa qildim, yaxshi er bo`lolmadim, haqqinga rioya qilmadim. Meni kechir, mendan rozi bo`l”, debdi.

Xotini, “tavba, bu odamga nima bo`ldi?” deb unga rahmi kelib:

— Dadasi, aslida, siz rozi bo`ling, men doim beodoblik qildim, sizni ko`p ranjitdim, debdi.

Ikkovining ham qalbi yumshab ko`zlari yoshlanibdi..
Keyin er xafalashgan qaynotasinikiga boradi. Ulardan ham yig`lab rozilik so`raydi. Xotini ham qaynonasidan kechirim so`raydi. Endi uyda har kun totuv yashardilar va bir-birlarini hech ranjitmasdilar. Lekin u kishi xotiniga muhtaram zotning aytganlari haqida hech narsa demabdi. Bir oy to`lishini sanay boshlabdi. Kunlar yaqinlashgani sayin yaxshiliklari ortar, kechalari ibodat qilardi.
Uning yaxshi ishlari ko`paygani sari xotinining ham munosabatlari iliqlashib, totuvlik ortib borardi.
Bir oy o`tadi. Ha, bugun o`laman, debdi erkak. Ertaga esa...
Lekin o`lmabdi. “Aniq bir oy demadi, bir oy atrofida, dedi. Balki bir necha kun hali bordir”, deb o`ylabdi.
Axiyri, u zotning oldiga borib so`rabdi:
— Afandim, men o`lmadim.
— O`lish nimasi? – debdi u zot.
— Siz bir oycha umring qoldi, degandingiz, bir oy o`tdi.
U zot esa:
— Birodar, men sening qachon o`lishingni bilmayman, lekin shuni bilamanki, o`lim haq, bir kun, albatta, o`lasan, o`lamiz. O`ladigan odam janjal, nizo bilan hayotini zaharlamaydi. Hozirgi hayotingdan xursandmisan?
— Ha, hech tortishmayapmiz.
— Mana endi doim shunday yashanglar!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1