Shavkat Mirziyoev "Sulton tex group" korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Siyosat 13.12.2018, 21:32
Shavkat Mirziyoev "Sulton tex group" korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Mazkur loyiha O`zbekiston Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan dasturdan o`rin olgan bo`lib, davlatimiz rahbarining viloyatga avvalgi tashriflari chog`ida bajarilayotgan ishlar haqida ma`lumot berilgan edi.

Qisqa vaqtda sobiq paxta zavodiga qarashli qarovsiz erda zamonaviy korxona barpo etildi. Shveysariya va Yaponiyadan eng so`nggi rusumdagi tozalash, yigirish va o`rash uskunalari keltirib o`rnatildi. Birinchi bosqichda ip-kalava ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. 300 ga yaqin odam ish bilan ta`minlandi.

Joriy yilning o`tgan davrida 12 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot Polsha, Turkiya, Eron, Misr kabi o`nga yaqin mamlakatga eksport qilinib, 50 milliard so`mlik mahsulot ichki bozorga etkazib berildi.

Korxonada tolani tozalashdan tortib, o`rashgacha bo`lgan barcha jarayon avtomatik tarzda boshqariladi. Bu erdagi laboratoriyada tola va ip sifati nazorat qilib boriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu laboratoriyani ham ko`zdan kechirdi, ishchilar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimizning tashrifi chog`ida loyihaning ikkinchi bosqichi – yiliga 3 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega to`quv fabrikasi faoliyatiga start berildi.

Umumiy qiymati 53 million AQSh dollaridan ziyod bo`lgan korxonaning navbatdagi bosqichlarida mato to`qish, uni bo`yash, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Jumladan, tikuv mahsulotlari va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish fabrikasi 2019 yil yanvar oyida ishga tushiriladi. Ushbu loyihaning qiymati 3 million dollardan iborat bo`lib, ishlab chiqarish uskunalari Evropaning ilg`or texnologiyalaridan iborat. Fabrika ishga tushishi natijasida 700 ga yaqin yangi ish o`rni yaratilib, yiliga 9 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

E`tiborli jihati, bugungi kunda korxonada eng samarali iqtisodiy tizim bo`lgan paxta-to`qimachilik klasteri tashkil qilingan bo`lib, buning uchun Qarshi tumani hududidan 10 ming gektar er maydoni ajratilgan. Ya`ni, paxta etishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot qilib sotishgacha bo`lgan jarayon ushbu korxonaning o`zida amalga oshiriladi. Bu orqali mahsulot tannarxini arzonlashtirish va sifatini oshirishga erishiladi.

Shavkat Mirziyoev korxonaning keyingi bosqichlarini ham tezroq ishga tushirish, tayyor mahsulot turlarini va eksport geografiyasi yanada kengaytirish, paxta-to`qimachilik klasterini takomillashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Shu erda Singapurning «Indorama» kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida paxta to`qimachilik klasterlari tashkil etish, mamlakatimizning Polsha, Eron Islom Respublikasi, Buyuk Britaniyadagi elchixonalari tomonidan Qashqadaryo viloyatiga xorijiy investisiyalarni jalb etish, qishloq xo`jaligi, sanoat, xizmat ko`rsatish sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan rejalar taqdimoti o`tkazildi. Bu haqda Prezident mabuot xizmati xabar berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1