1

"O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida": munozaralar, mushohadalar, kashfiyotlar davom etadi...

Jamiyat 07.12.2018, 11:03
"O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida": munozaralar, mushohadalar, kashfiyotlar davom etadi...

10-11 dekabr kunlari O`zbekistonda “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasining 2018 yil yakunla­ri va “Yo`l xaritasi-2019”ni ishlab chiqishga bag`ishlangan xalqaro multimedia forumi bo`lib o`tadi.

Mazkur yirik anjuman arafasida loyiha rahbari, O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov bilan suhbatlashdik.

— Avvalo, loyiha doirasida qo`lga kiritilayotgan yutuqlar bilan tabriklaymiz. Mazkur loyihaning asosiy maqsad va vazifalari, hamkorlari haqida gapirib bersangiz.

— Rahmat. Ma`lumki,­ O`zbekiston dunyo ta­mad­­dunining qadimiy o`choq­laridan biri hisob­lanadi. Bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yurtimiz hududida yaratilgan va turli sabablarga ko`ra jahonning turli hududlariga sochilib ketgan merosimiz namunalarini izlab topish, tadqiq qilish va keng miqyosda targ`ib etishga katta e`ti­bor qaratilmoqda. Bu borada bir qator me`yoriy hujjatlar qabul qilindi. Biz ana shu maqsadda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondining mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi, Turizmni rivojlantirish bo`yicha davlat qo`mitasi, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mah­kamasi huzuridagi O`z­be­kistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Islom sivilizasiyasi markazi, Madaniyat vazirligi, YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi, shuningdek, neft qazib chiqarish bilan shug`ul­lanuvchi “EriellGroup” kompaniyasining ayrim ijtimoiy­ mas`uliyatga ega yi­rik biznes sub`ektlari bilan hamkorlikda ish olib boramiz.

— Navbatdagi forumning avvalgilaridan farqli jihatlari bormi?

— Bu galgi forumda joriy yil davomida qilingan ishlar xususida so`z yuritiladi. Joriy yilda xorijiy mamlakatlarda amalga oshirilgan ilmiy ekspedisiyalar, turli shaharlarda o`tkazilgan yirik xalqaro anjumanlarning natijalari keng ommaga taqdim etiladi.

Shu bilan birga mamlakatimiz, shuningdek, Rossiya, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya singari mamlakatlardagi muzeylar, kutubxonalar, ilmiy muassasalarda saqlanayotgan O`zbekistonga oid madaniy yodgorliklar haqidagi ma`lumotlarni qamrab olgan “O`zbe­kiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” turkumidan chop etilgan kitob-albomlarning navbatdagi — 10 jildi o`quvchilarga taqdim qilinadi.

Forumning kulminasion nuqtalaridan yana biri dunyo­ga mashhur olim, tarix fanlari doktori Efim Rezvan Qur`oni karimning O`zbekiston hududiga tegishli bo`lgan, ayni damda dunyo­ning turli hududlarida saqlanayotgan 114 ta nusxasi haqida so`zlab beradi.

— Nega aynan 114 ta?

— Di­nimizning muqaddas kitobi bo`lgan Qur`oni karim 114 ta surani o`z ichiga oladi. Qur`oni karimning eng qadimgi nusxalaridan biri Hazrati Usmon mushafining yurtimizda saqlanayotgani ham bejiz emas. Bu muqaddas kitobning yana bir qadimiy nusxasi — “Katta Langar Qur`oni” ham uzoq asrlar mobaynida yurtimiz hududida ko`z qorachig`idek saqlangan. Keyinchalik turli sabablarga ko`ra uning katta qismi O`zbekistondan olib chiqilgan. Mazkur lo­yiha doi­rasida “Katta Langar Qur`oni”ning faksimile nusxalari yaratildi va mam­lakatimizning turli madaniy-ma`­ri­fiy muassasalariga tar­qatildi.

Bunday nusxalar juda ko`p. Chunki O`zbekiston zamini azaldan islom madaniyatining eng yirik markazlaridan hisoblangan va bu erda Qur`oni karimni ko`chirish san`at darajasiga ko`tarilgan. Albatta, 114 — ramziy raqam. Biroq biz bu loyihamiz doirasida eng sara, bebaho Qur`on nusxalarini qamrab olishga harakat qilyapmiz.

— Mazkur anjumanda “O`z­bekistonning 100 mash­­hur qo`lyozma yodgorliklari” loyihasi ham taq­dim etilar ekan...

— Ayni paytda mazkur loyiha bo`yicha bir qator durdona asarlarning faksimile nusxalari Evropa texnologiyalari asosida ko`paytirilib, yurtimizga olib kelindi. Ular qatorida “Temur tuzuklari”, “Devoni Husayniy”, “Me`rojnoma”, “Ravzat­ us-safo” singari noyob asarlarini misol keltirishimiz mumkin.

Ushbu forumda Sharafuddin Ali Yazdiyning Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Zafarnoma” kitobi noyob nusxasining faksimile nusxasini taqdim etamiz. Kelgusida mazkur turkumga kirishi mumkin bo`lgan nodir asarlar ro`yxatini shakllantir­yapmiz.

— Anjumanda yana qanday o`ziga xos yan­gi­lik­lardan xabardor bo`lishimiz mum­kin?

— Olimlar yurtimiz tarixini o`rganishda katta ahamiyatga ega bo`lgan bir qancha asarlarni yaratishgan. Ammo ular o`z vaqtida kam nusxada chop etilgani bois bugun ularni topish amrimahol. Ana shu maqsadda biz bunday durdonalarni qayta nashr etishni yo`lga qo`ydik. Ushbu turkumning birinchi kitobi — E. V. Rtve­ladzening “Buyuk Hind yo`li” kitobi ham mazkur anjuman taqdimotidan o`rin olgan.

Anjumanda mamlakatimiz va xorij kinoustalari tomonidan suratga olingan, O`zbekiston madaniyati haqida hikoya qi­luvchi bir qator yangi huj­jatli film­lar ham namoyish qilinadi. Yaqinda O`zEOAVMA hamda Rossiya­ning “Kultura” telekanali hamkorligida suratga olingan “O`zbekiston. Sevgi haqida afsonalar” nomli to`rt seriyali hujjatli filmi shular jumlasidan.

— Bu yilgi X Ijtimoiy­ media mahsulotlar milliy festivali aynan shu mazkur ilmiy anjuman bilan birga bir paytda o`tyapti...

— X Ijtimoiy media mahsulotlar milliy fes­tivalida bevosita “Madaniy meros — O`zbekiston brendi” g`oyasinitarg`ib etuvchi ijod namunalari taqdim etiladi. Mazkur festivalning mutlaq g`olibiga “Spark” avtomashinasi taq­dim etilishi ham uning qamrovi, talablari, mas`u­liyati qanchalik yuqori ekanini ko`rsatib turibdi.

Biz bu festivalni 10 yildan beri o`tkazib kelamiz. Uning asosiy maqsadi jamiyatimizdagi jiddiy muammolarga qisqa, lo`nda, aniq roliklar orqali jamoatchilikning e`tiborini qaratishdan iborat. U atigi bir-ikki daqiqa davom etadi. Shu qisqa vaqt kesimida mualliflar yirik bir muammo va uning echimini ko`rsatib bera olishlari kerak.

— “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`p­lam­larida” loyihasi davomida xorijda yuz bergan qiziqarli vo­­qea­larni eslay olasiz­mi?

— Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Din tarixi davlatmuzeyi — o`ta ixtisoslashgan muzey. Biz mazkur muzeyga O`zbekistonga oid eksponatlarni o`rganish maqsadida borganimizda, muzey xodimlari fondda saqlanayotgan “o`zbekona” eksponatlaridan bexabar ekani ma`lum bo`ldi. Ularga O`zbekiston madaniy merosiga oid eksponatlarni ko`rsatishni so`raganimizda, elka qi­sishdi: “Nima uchun bizda shunday eksponatlar bor, deb o`ylayapsiz?”. “Siz nima uchun yo`q deb o`ylayapsiz? Xorijdagi boshqa muzeylarda ham shu masalada murojaat qilganimizda ham shunaqa deyishgandi. Muzeylarning zaxira fondlarini o`rganganimizda ko`plab qimmatli ashyolarni topganmiz, siz ham yaxshilab qarab ko`ring”, dedik. Ular rozi bo`lishdi. Muzey fondidan birin-ketin juda antiqa buyumlar topila boshladi. Xodimlar har bir topilma haqida bizga ma`lumot berib turishdi. Ular hatto Buxoro amirining zardo`zi choponini ham topishdi. Mazkur muzeydan nafaqat Islom, balki O`zbekiston hududidan topilgan zardo`shtiylik, buddaviylik, yahudiylik dinlariga oid eksponatlar ham o`rin olgan ekan. Buesaazal azaldan Vatanimizda diniy bag`rikenglik an`analari mavjud bo`lganini ko`rsatadi.

— Mazkur yirik loyiha doirasida kelgusi yilda qanday rejalar ko`zda tutilgan?

— Biz forumning ikkinchi kuni 2019 yilgi “yo`lxari­tasi”ni muhokama qilamiz. Ayni paytda Sa­marqand, Sur­xondaryo­, Qora­qal­po­g`is­­tondagi qa­dimiy mas­­kan­lar­ning virtual xaritalarini — o`tmishda ular qanday ko`rinishda bo`lganini bugungi tomoshabinga namoyish qilish ustida ishlayapmiz.

Joriy yilda Sankt-Peterburgda o`tgan kongressda dunyoning turli hudud­laridan 300 olimni o`zida birlashtirgan O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrash va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati ta`sis etildi. Dunyoning biror mamlakatida bunday nufuzli xalqaro jamiyat tashkil etilmagan. Biz bu olimlarning ilmiy sa­lohiyatidan, tajribasidan foydalanishimiz kerak.

Masalan, Yaponiyaning Mixo muzeyi mutaxassisi Sergey Laptev qadimiy sopol koshinlar sirini topish ustida izlanmoqda. Bilasiz, yurtimizdagi tarixiy obidalar gumbazlari asrlar o`tsa-da, o`z tusini yo`qotmaydigan o`ziga xos sirli koshinlar bilan qoplangan. O`tmishda bobolarimiz bu gumbazlarga rang berishda qanday texnologiyalardan foydalangani hanuzgacha sir bo`lib qolmoqda. Laptev esa ana shu sirni ochish arafasida. Biz esa unga qo`ldan kelgancha yordam beryapmiz.

— Ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Rustam ­JABBOROV suhbatlashdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1