1

Husayn Boyqaro zulm va jaholat timsolimi? (Mushohada)

Madaniyat 03.12.2018, 18:49
        Husayn Boyqaro zulm va jaholat timsolimi? (Mushohada)

Barchamiz bu ismni eshitishimiz bilan ko`z oldimizga Alisher Navoiy bilan bir zamonda yashagan, maishatga, aysh-ishratga mukkasidan ketgan, buyuk shoirning muhabbatiga va o`zining zukko nabirasi Mo`min Mirzoning o`limiga sababchi bo`lgan hukmdor gavdalanadi. Chunki, aksariyat odamlarning mazkur davlat arbobi haqidagi tasavvuri tarixiy manbalar orqali emas, teleekranda tez-tez namoyish qilib turiladigan mashhur spektakl va badiiy film orqali shakllangan.

2017 yilning 28-29 noyabr kunlari Toshkent shahridagi o`tkazilgan «Zamonlar chorrahasi: O`tmishning buyuk merosi – ma`rifatli kelajak poydevori” media-forumi doirasida xalqimizning boy madani merosi durdonalari sanalgan, ayni paytda turli xorijiy kutubxonalar, ilmmy muassasalarda saqlanayotganbir qator nodir kitoblarning faksimile nusxalari O`zbekistonga keltirildi.

O`zbek xalqi azaldan xalqi jahon tamaddunida o`zining munosib o`rniga ega bo`lgan, o`zining buyuk allomalari, mutafakkirlari, fozilu shoirlari bilan munosib hissa qo`shib kelgan buyuk xalqlar sirasiga kiradi. Bugun har birimiz ajdodlarimiz yaratib qoldirgan bebaho meros namunalari bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ammo, shu bilan birgalikda bu ma`naviyat durdonalarini o`qib o`rganish, tadqiq va targ`ib etish ham bugungi avlodlar zimmasidagi muhim vazifalardandir.

...Tarixda saltanat va she`riyatni yonma-yon qo`yib, bir qo`lida qilich, bir qo`lida qalam tutgan hukmdorlar ko`p o`tgan. Xususan Temuriylar tarixida tab`i nazmga ega bo`lgan tojdorlar ko`plab uchraydi. Ushbu sulola vakillari orasidan ko`plab noziktab` shoirlar etishib chiqqan. Husayniy taxallusi bilan she`rlar bitgan Xuroson hukmdori, Temuriylar sulolasining vakili Sulton Husayn Boyqaro ana shunday podshohlar qatoridan o`rin olgan.

Avvalo uning tarjimai holi xususida. Sulton Husayn Amir Temurning evarasi bo`lib, 1438 yil iyul (hijriy 842 yil, muharram) oyida Xirotning sharqi-shimolidagi Davlatxona saroyida dunyoga kelgan. Uning otasi G`iyosiddin Mansur Boyqoro Mirzoning uchinchi o`g`li edi. Boyqoro Mirzoning otasi esa Amir Temurning ikkinchi o`g`li Umarshayx (1356-1394), onasi Feruza begim esa ota tomonidan Amir Temurning katta qizi O`gi Begi xonimning o`g`li Sulton Husayn Mirzoning qizi bo`lib, Feruza begimning onasi Qutlug` Sulton begim esa Amir Temurning uchinchi o`g`li Mironshoh Mirzoning (1366-1408) qizi edi. Darhaqiqat, Husayn Boyqoro Zahiriddin Muhammad Bobur ta`riflaganidek, "karimut-tarafayn", ya`ni har ikki tomondan ham nasabi Amir Temurning avlodlaridan edi.

1452 yilda yosh Husayn Hirot hukmdori Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga kiradi. 1457 yili Abulqosim Bobur vafotidan so`ng, Husayn Mirzo saroyni tark etib, Marv hukmdori Sanjar Mirzo Marviy saroyiga xizmatga o`tgach, hukmdor o`z qizi - 15 yoshli Beka Sultonni unga nikohlab beradi. Biroq, qaynota bilan kuyov o`rtasiga sovuqchilik tushib, saroydan ketishga majbur bo`ladi. Shundan so`ng Husayn Mirzo o`n yildan ko`proq vaqt davomida Xorazm, Xuroson, Astrobod, Mozandaron va Jurjon oralig`ida sargardonlikda umr kechirdi. Bu davr mobaynida Temuriy shahzodalarning toju-taxt uchun olib borgan o`zaro urushlarida Husayn Mirzo ham faol katnashib, Hirot hukmdori Sulton Abusaid Mirzo (1424-1469) halokatidan so`ng, 1469 yil 24 mart, juma kuni Husayn Mirzo tantana bilan Hirotga kirib keldi va o`sha kuni Jome` masjidida uning nomiga xutba o`qildi.

Husayn Boyqaro Temuriy hukmronlik qilgan davrda Xuroson fuqarolari birmuncha osoyishta va farovon hayot kechirgan. Ayniqsa, uning vaziri Alisher Navoiyning sa`y-harakatlari natijasi o`laroq, mamlakatda yirik suv inshootlari, ma`muriy va madaniy qurilishlar, madrasa, masjid, karvonsaroy, rabotlar, ko`priklar va shu kabi qurilish ishlari keng ko`lamda olib borilgan.

Shu bois Sulton Husayn Boyqoroning hukmronlik davrida Hirot fan va madaniyat markaziga aylangan edi. Bu davrda ilmu fanning barcha jabhalarida qalam tebratgan bilimdon olimlar, so`z ustalari, adiblar, shoirlar, musiqashunoslar, hunarmand naqqoshlar va musavvirlar Hirotning dovrug`ini jahonga mashhur qilganlar.

Sulton Husayn Boyqoro Xuroson muzofotida, ayniqsa, Hirotda diniy va madaniy-maishiy binolarni ko`plab qurdirdi. Bu qurilishlarning asosiy mutasaddisi sifatida Alisher Navoiyni ko`rsatish joizdir. Shuningdek, shahanshohning yaqin kishilari hamda bek va amirlari o`z nomlarini abadiylashtirish maqsadida masjid, madrasa, rabot, ko`prik, hammom va shunga o`xshash qurilishlar bilan shahar ko`rkiga ko`rk qo`shishgan. Chunonchi, Sulton Husayn Boyqaro Gozurgoh yaqinida o`z nomiga Madrasa, Hirot tashqarisida "Bog`i bayt ul-imon" va " Bog`i Hamsa oro" bog`larini barpo etgan. Sulton Badiuzzamon Mirzo nomi bilan ataluvchi "Madrasayi Badi`a" ham Sulton Husayn Boyqoro davrining ulkan obidalaridan biridir. Shuningdek, Alisher Navoiy ham o`z hisobidan bir necha madaniy-maishiy binolar, chunonchi "Safoiya" nomli hammom va "Shifoiya" nomli kasalxona qurdirgan.

Tarixchi Xondamirning yozishicha, Xurosonda qirqqa yaqin yirik inshootlar Sulton Husayn Boyqoro davrida vujudga kelgan va Xirotga tevarak-atrofdan olimlar, shoirlar, adiblar, rassomlar, xattotlar, musiqachilar va boshqa har xil hunar ahli kirib kela boshlagan. Jumladan, o`sha davrda tabib Husayn Jarroh ichakni kesib davolashda chumolidan foydalanish usulini ixtiro qilgan. Ustod Sayyid Ahmad G`ijjakiy, Ustod Shodquli G`ijjakiy, Ustod Qulmuhammad Udiy, Ustod Husayn Udiy, Ustod Shayx Noiylar Xurosonda nom chiqargan etuk musiqashunos allomalardan bo`lishgan. Naqqoshlik va xattotlik sohasida Xoja Mirak naqqosh, Mavlono Xoja Muhammad naqqosh va buyuk iste`dod sohibi Ustod Kamoliddin Behzodlar o`z mahoratlari bilan Xuroson faxri hisoblangan.

Zahiriddin Muhammad Bobur Husayn Boyqoro zamonidagi olimlar, fozil va shoirlar haqida gapirib, ularning saromadi Mavlono Abdurahmon Jomiy, shuningdek, Shayxim Suhayliy, Husayn Ali Tufayliy, Osafiy, Binoiy, Sayfi Buxoriy, Mir Husayn Muammoiy, Mullo Muhammad Badaxshiy, Yusuf Badiiy, Ohiy, Shoh Husayn Koshiy, Hiloliy Ahliy, Muhammad Solih va boshqalar hakida qisqacha to`htalib o`tadi.

Alisher Navoiyning ta`kidlashicha Husayn Boyqoro eski o`zbek tilining taqdiriga befarq bo`lmagan, uning rivoji uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Yozma turkiy tilni rivojlantirish, shu tilda ijod qilishga doir maxsus farmon chiqargan. Bu dadil qadam mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotida katta voqea bo`lgani shubhasiz.

Husayn Boyqoro forsiy va turkiy tillarida g`azal bitish iqtidoriga ega bo`lsa-da, asosan turkiyda "Husayniy" taxallusi bilan ijod etgan.

Sulton Husayn Boyqaro Xuroson hududini ichki va tashqi dushmandan tozalagach, bir fursat beg`amlikka, ayshu-ishratga beriladi. Hukmdorning so`nggi yillari mamlakat ichida vujudga kelgan isyonlarni bostirish bilan o`tadi. Bu isyonlar o`z o`g`illari tarafidan mulk talashib, ko`tarilgan nizo va mojarolardan iborat edi. Ammo shunga qaramay, u qo`lidan kelganicha mamlakatda adolat va osoyishtalikni, ilm-ma`rifat va madaniyatni ravnaq toptirishga harakat qilgan.

1506 yil bahorida Sulton Husayn Boyqaro xastaligiga qaramay Xuroson qo`shinini yig`ib, Muhammad Shayboniyxonga qarshi Movarounnahr hududiga qarab yo`l oladi. Shahanshoh Bobo Ilohiy mavzeiga etganda, ahvoli og`irlashib, qo`shinni to`htatishga qaror qiladi. 1506 yil 5 may, dushanba kuni kechqurun saltanat sohibi Abulg`oziy Sulton Husayn Mirzo Boyqoro saktayi qalb (apopleksiya) kasali bilan 69 yoshida olamdan o`tadi.

Shu o`rinda Hazrat Navoiy va Husayn Boyqarom munosabatlariga ham biroz oydinlik kiritib o`tsak. Ma`lumki, sobiq tuzum paytida Navoiy shaxsiyati va ijodi o`sha davr mafkurasi nuqtai nazaridan o`rganildi va o`rgatildi. Hazrat Navoiy imkon qadar proletar shoir siymosini yaratishga urinishlar bo`ldi. Uning nashr etilgan asarlaridagi diniy jumlalar, hamd va na`tlar chiqarib tashlandi. Tasavvufiy mazmunga ega baytlaridan ateistik maqsadlarda foydalanildi.

Shu bilan birga “burjua jamiyati”, “Hukmron tabaqa” vakili deb talqin etilgan Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy o`rtasida sun`iy ziddiyatlar “yaratildi”. Hozirgi qadar tomoshabinlar e`tiboriga havola etib kelinayotgan ekran va sahna asarlarida ham shoh va shoir o`rtasidagi qarama-qarshilik o`tadarajada bo`rttirib ko`rsatildi. Bu ziddiyatni kuchaytirish maqsadida xalq og`zaki ijodidagi Guli obrazi jonlantirilib, undan ikki do`st o`rtasida adovat manbai sifatidafoydalanildi. Ayniqsa, valiahd shahzoda Mu`min Mirzoning o`limi sababli Navoiy va Boyqaro munosabatlari batamom yakun topgani aks ettirildi.

Albatta o`tgan asrdagi adabiyot va san`atimiz darg`alari tomonidan yaratilgan Navoiy haqidagi nodir asarlar hozir ham o`z qadr-qimmati, ahamiyatini yo`qotmay kelayotir. Ammo, ba`zi zamondoshlarimizdaushbu asarlar orqali tarixiy haqiqat haqida noto`g`ri tasavvur shakllanib ulgurganidan ko`z yumib bo`lmaydi.

Saroydagi fitnalar, ayrim amaldorlarning, vazirlarning qutqusi tufayli Husayn Boyqaro o`z do`stini bir muddat saroydan uzoqlashtirgani, uni Astrobodga hokim etib tayinlagani ayni haqiqat. Biroq, tashqi ta`sirlar, saroy ahlining qutqulari ikki do`st orasiga kuchli nifoq urug`ini eka olmagan. Aks holda Alisher Navoiy ko`plab asarlarida o`z qadrdon do`sti uchun alohida boblar ajratmagan, uning insoniy fazilatlarini sidqidildan e`tirof etmagan bo`lardi.

Navoiy sevgilisining sulton haramiga keltirilishi sahnasi ham tarixiy haqiqatga mutlaqo zid. Hazrat Navoiyning shaxsiy hayoti, oila qurmay o`tganini aynan ushbu to`qima hodisa bilan izohlash ham sobiq tuzum mafkurasining talablariga to`la-to`kis mos kelardi. Tabiatan o`ta hassos, nozikta`b, pokdomon bo`lgan Hazrat Navoiy o`ta nozik masaladagi bu bu ziddiyatdan keyin ham Sulton Husayn Boyqaro bilan umrbod do`st bo`lib qolmagan bo`lardilar.

Shahzoda Mu`min Mirzoning xionlarcha o`ldirilishi, bu mash`um qatlga Husayn Boyqaroning mastlik holatida muhr bosishi Temuriy sulolasi inqirozini yanada tezlashtirganini hech kim inkor etmaydi. Bu foija hazrat Navoiyni qattiq iztirobga solgani turgan gap. Zotan yosh shahzodaning iqtidori, aql-idroki buyuk shoirni bag`oyat quvontirardi.

Ammo, Mu`min Mirzoning o`limi shoh va shoirni bir-birida batamom ayirgani yolg`on. Hazrat Navoiy bu mash`um fojiada sultonning aybi qo`yqligini yaxshi tushunardi. Sultonning eng katta aybi keyingi paytlarda maishatbozlikka, ichkilikka qattiq berilgani edi. Bu masalada Hazrat Navoiy o`z do`stini to`g`ri yo`lga solishga uringani, imkon darajasida uni turli nuqsonlarda asrashga harakat qilgani seziladi. Chunki, bu kabi illatlandan xoli bo`lgan, umrini poklik, taqvo va parhezkorlik bilan kechirganmutafakkir boshqalarni, ayniqsa, yaqinlarini ham shunga dalolat qilishi aniq edi.

Biroq, Mu`min Mirzoning o`limi qanchalar qayg`uli bo`lmasin, Hazrat navoiy bu noxushlikni taqdir taqozosi sifatida qabul qildi. Bizga tanish asarlarda bo`lgani kabi hazrat bu fojiada sultonni ayblab, Uning pushaymonlikda ado bo`layozgan qalbiga nashtar urmadi. Aksincha bu ish haqning irodasi ekanini aytib, sultonga dalda berdi.

Navoiyning “Munshaot” to`plamida ushbu voqea munosabati bilan shahzodaning otasi Sulton Badi`uzzamon Mirzoga hamda bobosi Husayn Boyqaroga bitgan maktublari ham o`rin olgan. Jumladan shoir sultonga bitgan nomasida shunday so`zlarni o`qiymiz:

Jigarso`z hodisakim, istimoi ko`zga mujibi xunborliq va g`amando`z voqiakim, ittiloi jong`a boisi afgorlig` erdi — etishti. Ko`z ashk to`fonidin bahor yomg`uridek seli anduh oqizib, jon g`ussa fig`onidin nayson bulutidek o`kurmak og`oz qildi...Ammo «Kulli nafsun zoyiqat ul—mavti» sharbatidin hech mutanaffas maof va «kulli man al-ayha fana» xil`atidin hech kimarsa xalos ermas. Sabrdin o`zga chora va tahammuldin o`zga tadbir topilmas”.

Hazrat Navoiy qisqacha maktubga ushbu ruboiyni ham ilova qiladilar:

Gul bordi esa, chaman muattar bo`lsun,

Sham` o`chti esa, quyosh munavvar bo`lsun,

Shahzodag`a gar ravza muyassar bo`ldi,

Sultong`a jahon mulki musaxxar bo`lsun.

Bundan tashqari Hazrat Navoiyning so`nggi damlar ham aynan Husayn Boyqaroning yonida kechgani, hatto buyuk shoir o`z do`stini olis safardan qaytayotganida, xasta holiga qamasdan kutib olishga chiqqani, shahar tashqarisida uni ehtirom ila qarshi olgani va shu erda taqdlir taqozosi bilan Haq omonatini topshirgani ishonchli manbalarda zikr etiladi.

Xulosai kalom shuki, Hazrat Navoiyning yaqindo`sti, maslakdoshi Husayn Boyqaroga bo`lgan ixlos va ehtiromi to so`nggi damgacha uni tark etmadi. Sultonning turkiy til va adabiyotga bo`lgan hurmati va rag`bati ham Navoiyning unga nisbatan ehtiromini yanada orttirardi. Shu sababli shoir “Majolis-un-nafois” tazkirasining sakkizinchi majlisini aynan Husayn Boyqaroga bag`ishladi.

Muallif bu asarda sultonning she`riy iqtidoriga baho berarkan, uning she`rlaridan bir qancha namunalar keltirib o`tadi. Har bir baytni tahlil qilib, undagi badiiylikni, nafosatni ko`rsatadi. Mazkur bobda shoir Husayn Boyqaroni “Saltanat bahrining durri yaktosi va xilofat sipehrining xurshedi jahonorosi, saxovat havosining abri guharbori va shijoat beshasining huzabr shikori, adolat chamanining sarvi sarbalandi va muruvvat ma`danining gavhari arjumandi, ko`shish razmgohining Rustami dostoni va baxshish bazmgohining Hotami zamoni, fasohat ilmining nukta birla sehrsozi va balog`at jahonining diqqat bila mu`jiza pardozi” singari tavsifu tashbihlar iblan yodga oladi. U “Husayniy” devonini tahlil etarkan, alifbo tartibidagi har bir harf bilan tugagan baytlarga o`z munosabatini bildiradi.

Shoir turkiygo`y shoirlar devon tartibida chetlab o`tadigan, eski o`zbek tilida kam qo`llanadigan “se” harfi bilan tugaydigan misralar ham aynan Husayn Boyqaroda borligini faxr bilan e`tirof etadi va ushbu baytni misol keltiradi:

Yor ko`yidin o`tarda ko`rguzur bu zor maks,

So`z desa dog`i javobida qilur bisyor maks,

Husayn Boyqaroning she`riy iqtidori o`z davrining ko`plab tarixsi va shoirlarining e`tiboridan chetda qolmagan. Hatoo Movarounnahr va xurosondan tashqarida ham Husayn Boqaroning she`ryat ahliga bo`lgan e`tibori shuhrat qozongan. 16 asrda yashagan Ozarboyjon shoiri Kishvariy Navoiy va Husayn Boyqaro o`rtasidagi do`stona munosabatlarga havas va armon bilan qaragani yaqqol seziladi:

Kishvariy she`ri Navoiy she`ridin eksik emas,

Baxtina dushsaydi bir Sulton Husayni Boyqaro.

Buyuk sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ham o`zining “Boburnoma” asarida sulton Husayn Boyqaro haqida bir qancha fikrlarni bildiradi: «Sulton Husayn Mirzoning zamoni ajab zamone edi, ahli fazl va benazir eldin Xuroson, bataxsis Hirot shaxri mamlu edi. Har kishiningkim bir ishga mashg`ullug`i bor erdi, himmati va g`arazi ul erdikim, ul ishni kamolg`a etgurgay».

Shuningdek, “Boburnoma” Hazrat Navoiyning so`nggi damlari haqida ham so`z yuritib, yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi:

«Sulton Husayn mirzo Xayrabod cherikidin yong`onda istiqbolg`a keldi, mirzo bila ko`rushub qo`lquncha, bir holati bo`ldi qo`lolmadi, ko`tarib eltdilar. Tabiblar aslo tashxis qila olmadilar. Tonglasig`a-o`q tangri rahmatig`a bordi» .

Ayni paytga qadar Husayn Boyqaro ijodiy merosi adabiyotshunos olimlarning ham e`tiboriga tushmay qolmadi. Jumladan muhtarama ustozimiz, O`zbekiston Qahramoni Suyima G`anieva 1991 yilda Husayn Boyqaro g`azalarini to`plab “Jamolingdin ko`zum ravshan” degan nom ostida nashr etdilar. Mazkur nashr debochasida yozilganidek, Husayniy she`riyatida dunyoviy ruhdagi lirika an`analariga, Alisher Navoiy lirikasiga tayangani ko`zga tashlanadi. Ayni choqda, unda ijodkorning shoirona shuuri, badiiy o`tkir nigoxi ro`yi rost namoyon bo`ladi.

1995 yilda adabiyotshunos olim, filolgiya fanlari doktori Aftondil Erkinov va tarix fanlari doktori Shodmon Vohidovlar “Shoh va shoir Husayn Boyqaro” kitbini chop etishdi. Undan Husayn Boyqaroning falsafiy mavzudagi “Risola”si hamda devoni o`rin olgan. Tadqiqotchilar bu kitobga Husayn Boyqaro devonining 1968 yilda Kobulda Muhammad Ya`qub Juzjoniy tomonidan nashr qilingan nusxasini asos qilib olishgan.

“Devoniy Husayniy”ning yani bir nusxasi ayni paytda Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburg shahridagi Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanmoqda. V 284 raqami ostidagi ushbu qo`lyozma nasta`liq xatida, sifatli qog`ozda ko`chirilgan va shohona bezaklar berilgan. Sahifalariga oltin zarralari sepilgan.

Devonda o`ta mahorat bilan bilan ishlangan to`rtta miniatyura, nafis naqshlardan hosil qilingan ikkita zarvaraq, Husayn Boyqaroning turli davrlarda bitilgan 154 ta g`azali (shundan ikkita g`azali to`liq emas) o`rin olgan.

Ushbu to`plam garchi “Devoni Husayniy” deb nomlangan bo`lsa-da, u devon talablariga to`la-to`kis javob bermaydi. Zero, devon uning umumiy mazmuni, muallifi, yaralish sabablari haqida qisqacha ma`lumot beruvchi debocha, arab alifbosi asosida tartibga solingan turli janrga oid she`riy asarlardan iborat bo`lishi lozim edi.

Ma`lumotlarga ko`ra, kitob Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hayotlik chog`larida, 1490 yillarda bitilgan. Ayrim g`azallar to`la yozilmaganiga qaraganda, ushbu to`plam tuzilgan chog`da bu g`azalar hadi tugallanmagan bo`lgan. Qolaversa, 1968 yilda Kobul nashr qilingan devondagi ellikka yaqin g`azal bu to`plamdan o`rin olmagan.

Bundan xulosa qilish mumkinki, to`plam hali Husayn Boyqaro devon tartib qilib ulgurmagan bir paytda, nedir munosabat bilan shoshilinch tarzda tuzilgan. G`azallar matnidagi ayrim imloviy xatolar, ba`zi so`zlar va baytlar (ehtimol ular keyinchalik qo`shilgandir)ning tushirib qoldirilgani ham shundan dalolat beradi. Kitob o`z davrining mashhur kotibi, asosan Hazrat Navoyining qo`lyozmalarini ko`rish orqali shuhrat topgan “qiblatul-kuttob” Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko`chirilgani taxmin qilinadi.

Shu bilan birga mazkur to`plamda ayrim g`azallarning Kobul nashrida uchramaydigan parchalarini ham uchratishga muvaffaq bo`ldik.

Kitob o`zining shohona badiiy bezaklari, shakl-shamoyili, naqsh va miniatyuralarning bejirimligi bilan sharq kitobat san`atining bebaho durdonasi bo`la oladi. Shuningdek, bu kitob Temuriy davri madaniyati, xususan, xattotlik, tasviriy san`at va va kitobat san`ati xususida muayyan tasavvur uyg`otadi.

Ushbu nodir to`plam tuzilgan vaqtga nazar solsak, unga Hazrat navoiyning ham muborak nazarlari tushgan bo`lishi mumkin. Mazkur to`plamdagi ayrim g`azallar aynan ul zotning tavsiyalari bilan tahrir qilingan, to`ldirilgan bo`lishi ham ehtimoldan xoli emas. Zotan Husayniyning ko`plab g`azallarida Alishar Navoiy ijodiga ixlos va unga intilish yaqqol sezilib turadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1