1

Klaster korxonalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Iqtisodiyot 18.10.2018, 13:03
Klaster korxonalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasida hududlararo hamkorlik 1-forumi o`z ishini davom ettirmoqda.

Poytaxtimizdagi “O`zekspomarkaz”da O`zbekiston Respublikasi Savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, tomonidan Rossiya Federasiyasining Iqtisodiy rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan forum doirasidagi yig`ilishlar sho``balarga bo`lingan holda davom etmoqda.

“O`zbekiston-Rossiya hududlararo hamkorlikning yangi bosqichlari: loyihalar va klasterlar” mavzusida o`tgan 1-sho``ba yig`ilishida har ikki mamlakatning ma`muriy birliklarida klaster faoliyatini yo`lga qo`yish va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Rossiya klaster va texnoparklar assosiasiyasi raisi Andrey Shpilenko klaster tushunchasi va uning mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishdagi o`rni xususida so`z yuritdi. Uning aytishicha, klasterlar ishlab chiqarish va sanoatni kompleks tarzda rivojlantirish, birlamchi xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirishda katta o`rin tutadi.

– Mamlakatimizda klaster korxonalarini ko`paytirishga katta e`tibor qaratilyapti, - dedi yig`ilishda so`zga chiqqan Farg`ona viloyati hokimi birinchi o`rinbosari Akmal Ortiqov. – Ayni paytda Farg`ona viloyatida bitta klaster faoliyat ko`rsatatyotgan bo`lsa, 2019 yilda ularning sonini oltitaga etadi. Bu viloyatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda, eksport hajmini oshirishda, qo`shimcha ish o`rinlarini yaratishda katta o`rin tutadi.

– Klasterlarni rivojlantirish borasida Oltoy o`lkasi ham etarlicha salohiyatga ega, - dedi Rossiyaning Oltoy o`lkasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Anatoliy Nagornov. – Bugun o`lkamizda kimyo, maishiy texnika, farmasevtika singari yo`nalishlarga ixtisoslashgan beshta klaster mavjud va ular yuzga yaqin korxonani o`zida birlashtiradi. Bu yo`nalishda Rossiya va O`zbekiston o`rtasidagi har tomonlama hamkorlik ikki tomonga ham katta manfaat keltiradi.

Yig`ilishda shuningdek, Rossiyaning “YuMATEKS Grup” kompaniyasi strategiya bo`yicha direktori Aleksey Lemeshko, “Elektrotexnicheskie zavodi “Energomera” AJ marketing bo`yicha direktori Anton Kozirev Sirdaryo viloyati hokimi o`rinbosari Avaz Hojiev va boshqalar so`zga chiqib, klaster korxonalarini rivojlantirish, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasida taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Forum bir nechta sho``balarga bo`lingan holda o`z ishini davom ettirmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1