1

Jizzaxda Rossiya kapitali ishtirokida 21 ta korxona faoliyat ko`rsatmoqda

Iqtisodiyot 18.10.2018, 11:17
Jizzaxda Rossiya kapitali ishtirokida 21 ta korxona faoliyat ko`rsatmoqda

Jizzax viloyati bilan Rossiya Federasiyasi hududlari o`rtasida hamkorlik yildan-yilga kengaymoqda.

Bugungi kunda viloyatda rossiyalik investorlar kapitali ishtirokida 20 qo`shma va 1 xorijiy maqomga ega korxona faoliyat ko`rsatmoqda. E`tiborlisi, ularning 10 tasi joriy yilda tashkil etildi, deb yozmoqda O`zA.

Iqtisodiyotning real sektorida faoliyat olib borayotgan ushbu korxonalardan 7 tasi sanoat, 6 tasi savdo, 8 tasi qishloq xo`jaligi va boshqa tarmoqlarda faoliyat yuritmoqda. Rossiyalik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan qo`shma korxonalarda mahalliy xomashyodan import o`rnini bosuvchi sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilayotir.

– Viloyatda Rossiya Federasiyasi bilan tashqi savdo aylanmasi hajmi yil sayin o`sib bormoqda, – deydi viloyat statistika boshqarmasi bo`lim boshlig`i Bunyod Yo`ldoshev. – Joriy yilning o`tgan davrida viloyatning Rossiya bilan savdo aylanmasi 18,1 million dollarga etdi. Jumladan, eksport 10,3 million, import 7,8 million dollarni tashkil etdi. Joriy yilda viloyatdan Rossiya Federasiyasiga 10 million dollarlik engil sanoat, 149,4 ming dollarlik meva-sabzavot va poliz mahsulotlari eksport qilindi. Shuningdek, Rossiyadan 3,6 million dollarlik mashina va uskunalar, 2,8 million dollarlik qurilish materiallari, 740,5 ming dollarlik tayyor sanoat mahsulotlari, 683,9 ming dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari import qilingan.

Iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida joriy yil 8-12 oktyabr kunlari viloyat delegasiyasi Rossiya Federasiyasining Rostov-Don shahri hamda Krasnodar o`lkasida bo`ldi. Tashrif davomida o`zaro hamkorlikda savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada yaxshilash, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni keng jalb etish bo`yicha o`tkazilgan uchrashuv va muzokaralar natijasida qiymati 54,2 million dollarlik 7 ta investisiya kelishuviga erishildi. Uning 32,9 million dollari to`g`ridan-to`g`ri investisiyalardir.

Rostov viloyatida ikki tomon mutasaddi tashkilotlari hamda ishbilarmonlari uchun biznes-forum tashkil etildi. Unda o`zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xususan, Jizzax viloyatiga zamonaviy ilg`or texnologiyalar asosida investisiyalar kiritish borasida fikr almashildi. Forum doirasida hududga investisiya kiritishda ustuvor yo`nalishlar, mavjud salohiyat va imkoniyatlar yuzasidan taqdimotlar o`tkazildi. Tadbir yakunida tomonlardan ishtirok etayotgan tadbirkorlik sub`ektlari uchrashuvlarida bir qator investisiya bitimlari imzolandi.

Jumladan, “Artmaks” MChJ bilan Rossiyaning Rostov-Don shahrida “Jizzax savdo uyi” ochish, “UK Rnok Donskoy” korxonasi bilan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda sotish maqsadida “Ulgurji savdo markazi” tashkil etish loyihalarini amalga oshirish bo`yicha qiymati 20 million dollarlik bitimlar imzolandi.

Shuningdek, delegasiya tarkibida borgan Paxtakor tumanidagi “World Trading Company” MChJ vakillari Rossiyaning “Slon-Avto” kompaniyasi bilan qiymati 6,2 million dollarlik havo filtrlari, antifriz va boshqa avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish bo`yicha loyihasi yuzasidan bitim imzoladi.

Safar davomida Jizzax viloyatining investisiya va turizm bo`yicha taqdimotlari o`tkazildi. “Jizzax” EIZ va “Zomin-farm” EIZ hududlarida amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari, ularda yaratilgan imtiyozlar to`g`risida tahliliy ma`lumotlar taqdim etildi.

Ayni paytda viloyatda rossiyalik ishbilarmonlar bilan kelishilgan loyihalarni hayotga tatbiq etish ishlari davom etayotir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1