1

Andijonda faoliyatini qayta tiklagan 50 nafar tadbirkorning soliq qarzi hisobdan chiqarildi

Iqtisodiyot 12.10.2018, 14:15
Andijonda faoliyatini qayta tiklagan 50 nafar  tadbirkorning soliq qarzi hisobdan chiqarildi

2013 yilda o`tkazilgan qisqa muddatli tekshirish natijasida paxtaobodlik yakka tartibdagi tadbirkor Mahmudjon Ikromovga 143 million so`mlik moliyaviy jarima hisoblangan edi. U bu jarimani na to`lay oldi, na faoliyat yuritdi. Oxiri, eshigini tamballab, tadbirkorligini vaqtincha to`xtatishga qaror qildi.

Huddi shuningdek, moliyaviy jarima qo`llanilishi natijasida 10 million 500 ming so`m qarz bo`lib qolgan bo`zlik Munojotxon Nazirova ham nima qilarini bilmayotgan edi. Ishini davom ettiray desa, bo`ynida katta qarzdorlik. Tadbirkorlik qilmasa, ro`zg`orida kam-ko`stlar ortib bormoqda.

Soliq xodimlari ikkala tadbirkorga Davlatimiz rahbarining joriy yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirishgach, ularning elkasidan tog` ag`darilgandek bo`ldi.

Ushbu hujjatga muvofiq, 2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo`qotgan, joriy yil 1 apreldan moliyaviy xo`jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan, shu jumladan, faoliyatini vaqtincha to`xtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda davlat ro`yxatidan o`tmasdan tadbirkorlik bilan shug`ullanganligi uchun bir yillik qat`iy belgilangan soliq hisoblangan jismoniy shaxslarning qat`iy belgilangan soliq va ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar bo`yicha qarzdorligi, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari bo`yicha hisoblangan qarzlar hisobdan chiqariladi.

— Ammo bitta sharti bor, - deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi bo`lim boshlig`i Muhammadmirzo Numanov. – Qarzdor 2019 yil 1 yanvargacha tadbirkorlik faoliyatini tiklashi yoki davlat ro`yxatidan o`tishi lozim.

Davlat ularning “bo`yni”dagi qarzdan voz kechar ekanu, nega faoliyatini tiklamasin?! Belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tishi bilan paxtaobodlik Mahmudjon Ikromovning 143 million, bo`zlik Munojotxon Nazirovaning esa 10 million 500 ming so`mlik soliq qarzdorligi hisobdan chiqarildi.

Bugungi kunga kelib, viloyat bo`yicha faoliyatini qayta tiklagan 50 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlarning 1 milliard 222 million so`mdan ziyod soliq qarzdorligi hisobdan chiqarildi.

Tahlillarga ko`ra, ushbu engillik tufayli Andijonda 18 mingdan ziyod fuqarolarning 30 milliarddan ortiq soliq qarzi voz kechilishi mumkin.

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1