1

Toshkentda sakkizinchi Markaziy Osiyo savdo forumi bo`lib o`tadi

Iqtisodiyot 11.10.2018, 10:14
Toshkentda sakkizinchi Markaziy Osiyo savdo forumi bo`lib o`tadi

Xalqaro miqyosda e`tiborga sazovor biznes tadbir – sakkizinchi Markaziy Osiyo savdo forumi birinchi bor O`zbekistonda o`tkaziladi. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda tashkil qilinayotgan ushbu tadbir 2018 yil 17-18 oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo`lib o`tadi.

Markaziy Osiyo savdo forumi (MOSF) Markaziy Osiyo mamlakatlari ishbilarmon doiralari vakillari, xalqaro tashkilotlar, mintaqa va jahonning taniqli siyosiy va jamoat arboblari ishtirokidagi yillik tadbirdir. Bu yilgi forumda 1000 dan ziyod delegat ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2018 yil may oyida AQShga rasmiy tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi o`rtasida Toshkentda bo`lib o`tadigan Markaziy Osiyo savdo forumini tashkillashtirish to`g`risidagi memorandum imzolangan.

Markaziy Osiyo savdo forumi misli ko`rilmagan platforma bo`lib, biznes jamiyatiga istiqbolda 70 milliondan oshiq mijozi mavjud Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlaridagi yangi imkoniyatlar bilan tanishishga imkon beradi. Osiyo, AQSh, Evropa va Yaqin Sharqdan korxonalar rahbarlari, davlat arboblari va mutaxassislar o`z g`oyalarini almashish, shartnomalar tuzish va kelajakdagi hamkorlik uchun yangi sherikchilik yaratishda ushbu forumning o`rni muhim.

Bu yil “Savdo va investisiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar” deb nomlangan forum Markaziy Osiyoning, ayniqsa O`zbekistonning mintaqaviy va xalqaro savdo uchun ochilib borayotganini aks ettirmoqda. O`zbekistonda iqtisodiy o`sish sur`atini tezlashtirish uchun valyuta liberalizasiyasidan biznes sohasidagi islohotlargacha bo`lgan qator choralar ko`rilmoqda. Forum bilan bir paytda savdo ko`rgazmasi ham bo`lib, unda butun mintaqadagi turli tarmoqlar, shu jumladan, transport, turizm, axborot texnologiyalari, asbob – uskuna ishlab chiqarish, meva-sabzavot etishtirish va qayta ishlash va h.k. korxonalar ishtirok etadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1