1

«O`zbekneftgaz» AJ VA Fransiyaning neft instituti qator yo`nalishlarda hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda

Iqtisodiyot 09.10.2018, 15:51
«O`zbekneftgaz» AJ VA Fransiyaning neft instituti qator yo`nalishlarda hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Fransiyaga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik doirasida joriy yilning 8 oktyabr kuni «O`zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v. b. Bahrom Ashrafxonov Fransiyaning IFPEN Neft instituti vise-prezidenti Per-Anri Bijeard bilan uchrashdi. Bu haqda «O`zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi va Hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda neft-gaz sanoati sohasida institut va uning sho``ba kompaniyalari bilan kelgusidagi munosabatlar doirasi va yo`nalishlari belgilab olindi.

Memorandumga muvofiq hamkorlikning bir qator yo`nalishlarini ko`rib chiqish rejalashtirilgan. Fransiyaning Beicip Franlab kompaniyasi bilan geologik qidiruv ishlarini ilmiy jihatdan qo`llab-quvvatlash va sarmoyaviy bloklarning salohiyatini o`rganish hamda ushbu kompaniyani mustaqil auditor va ekspert sifatida jalb qilish ular orasidadir. (7 oktyabr kuni «O`zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati delegasiyasi Beicip Franlab kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o`tkazgan).

Shuningdek, Fransiyaning Axens kompaniyasi bilan mavjud bo`lgan qayta ishlash quvvatlarida ishlab chiqarilgan mahsulot sifatini yaxshilash uchun minimal sarmoya kiritish bilan maqbul echimlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan. Axens neft va gazni qayta ishlash va neft kimyosi sohasida dunyodagi etakchi kompaniyalardan biridir. Ushbu kompaniya avval ham Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishiga va Farg`ona neftni qayta ishlash zavodini modernizasiya qilishga jalb qilingan.

Memorandum doirasida «O`zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislarini o`qitish, tayyorlash va qayta tayyorlash bo`yicha IFPEN School bilan hamkorlik ham ko`zda tutilgan. Unga ko`ra, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filialida IFPEN School o`quv kurslar tashkil etadi; o`zbek mutaxassislari Fransiyaga IFPEN School da tahsil olishlari uchun jo`natiladi.

Shu bilan birga, IFPEN bilan «O`zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo`yicha innovasion markazni yaratish borasida ham yaqin hamkorlik ko`zda tutilgan.

IFP energetika, transport va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etish bo`yicha Fransiyaning obro` qozongan davlat ilmiy-tadqiqot instituti va ta`lim maskanidir. 2017 yil yakunlariga ko`ra, kompaniya 2,6 ming lisenziyani sotgan. IFPning operasion xarajatlar miqdori 278,2 million evroni tashkil qiladi, jumladan, tadqiqotlar o`tkazishga 232,9 million evro yo`naltirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1