1

"O`zbekneftgaz" AJ Fransiyaning Total E&P kompaniyasi bilan hamkorlik bitimini imzoladi

Iqtisodiyot 09.10.2018, 15:27
"O`zbekneftgaz" AJ Fransiyaning Total E&P kompaniyasi bilan hamkorlik bitimini imzoladi

7 oktyabr kuni Parijda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Fransiyaga davlat tashrifiga tayyorgarlik doirasida «O`zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi v.b. Bahrom Ashrafxanov Total E&P kompaniyasi prezidenti janob Arni Breyyak bilan uchrashuv o`tkazdi, deb xabar beradi «O`zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida neft-gaz sohasida kelgusi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Fransiya tomoni «O`zbekneftgaz» AJ bilan o`zaro manfaatli munosabatlarni o`rnatishga qiziqish bildirayotganini aytib, O`zbekiston Respublikasi neft-gaz sanoatining salohiyati yuqori ekanligini ta`kidladi.

Muzokaralar yakunida O`zbekiston Respublikasi sarmoyaviy bloklarida geologik qidiruv ishlarini birgalikda olib borish imkoniyatlarini o`rganishni ko`zda tutuvchi hamkorlik bitimi imzolandi.

Bitim doirasida qo`shma ishchi guruh tuziladi. Uning tarkibiga kiruvchi mutaxassislar kelgusi hamkorlikni rivojlantirish uchun o`rganishlar yakuniga ko`ra aniq takliflarni taqdim etadi.

Mazkur Bitimning imzolanishi ikki davlat kompaniyalarining neft-gaz sanoati sohasidagi samarali hamkorligini rivojlantirishga turtki bo`ladi.

Avvalroq, 2018 yilning sentyabr oyida Total E&P kompaniyasi vakillarini O`zbekiston Respublikasining istiqbolli sarmoyaviy bloklari bilan tanishtirish maqsadida Maxfiylik kelishuvi imzolangan edi.

Ta`kidlash joiz, Total E&P kompaniyasi dunyoning 130dan ortiq davlatlarida faoliyat yuritadi va 100 mingga yaqin xodimlarga ega. Kompaniya yiliga 130 million tonna neft ishlab chiqaradi. Kompaniyaning bozor kapitalizasiya qiymati 162,78 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi.

Ishlab chiqarishdan tashqari, kompaniya neftni qayta ishlashni amalga oshiradi, shuningdek yoqilg`i quyish shoxobchalari tarmog`i va qator kimyo sanoati korxonalari egasidir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1