1

Salomatlikning oltin fasldagi "dushman"lari

Salomatlik 10.09.2018, 10:03
Salomatlikning oltin fasldagi "dushman"lari

Kuz — organizmimiz qanchalik mustahkamligini tekshiruvchi jiddiy sinov davri. Har bir organizm kuzdan turlicha ta`sirlanadi. Kimningdir maza qilib uxlagisi, kimningdir yig`lagisi keladi. Yana birov uyqusizlikdan aziyat cheksa, birovning bo`lar-bo`lmasga jahli chiqaveradi. Mutaxassislar fikricha, ayrim kasalliklar, ayniqsa, kuz faslida tez-tez bosh ko`taradi. Ular haqida bilib olsak, salomatligimiz borasidagi muammolarning oldini olish choralarini ko`rishimiz va oltin fasl tarovatidan bahra olishimiz mumkin bo`ladi.

Mutahassis — Sayyora Xolova, terapevt

Yilning bu faslida tabiatda jiddiy “qayta qurish” yuz beradi. Biz esa shu tabiatning bir bo`lagimiz. Shunday ekan, organizmimiz ham kun sovishiga, quyoshli kunlar kamayishiga moslashishga harakat qiladi.

“Quloq-tomoq-burun” sohasidagi surunkali kasalliklar shodasini inobatga olmaganda ham kuzgi xastaliklar ro`yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Bugun ular haqida to`xtalamiz.

Gripp

Kuz — turli virusli infeksiyalar “ishga tushadigan” davr. Organizmi etarlicha chidamli bo`lmagan inson osongina ulardan birining nishoniga aylanishi mumkin. Yuqtirgandan so`ng harorat ko`tariladi, umumiy holsizlik hissi, bo`g`imlarda zirqirash, ko`zlarda og`riq, yorug`likdan qo`rqish, peshana sohasida og`riq yuzaga keladi. Kech kuzning birmuncha jiddiy virusli infeksiyasi gripp hisoblanadi. Chunki u o`zidan keyin birmuncha jiddiy asoratlar qoldiradi.

Oldini olish uchun:

  • odam gavjum joylarda bo`lmaslikka harakat qiling.
  • Uydan chiqishdan oldin burningizga oksolin surtmasi surtib oling va ko`pchilik bilan muomalada bo`lishga to`g`ri kelsa, bu muolajani har uch soatda takrorlab turing.
  • Imkon qadar tez-tez qo`llaringizni yuving. Chunki gripp virusini transport tutqichlaridan yoki boshqalar bilan qo`l berib ko`rishish orqali ham yuqtirib olish mumkin.
  • Agar immunitetni ko`taruvchi dori vositalari qabul qilishni istamasangiz, tabiiy vositalar (qora qorag`at, malina, na`matak…)dan foydalanishingiz mumkin.
  • Ertalablari kontrast dush qabul qilish foydali, shu tarzda organizmning immun tizimini kuchaytirasiz.
  • Sarimsoq piyoz va piyoz iste`mol qiling, ko`proq ko`k choy iching.

Angina

Bu kasallik kuzda juda ko`p uchraydi. Xastalik organizmga infeksiya qo`zg`atuvchisi tushib, bodomsimon bezga o`rnashishi oqibatida boshlanadi. Yuqori harorat, yutinganda og`riq, bo`g`imlar zirqirashi, bodomsimon bezlarning oq qatlam bilan qoplanib, kattalashishi kuzatiladi.

Oldini olish uchun imkon qadar immunitetni ko`tarishga harakat qilish lozim. Kasallikning ilk alomatlarini sezishingiz bilan ko`proq iliq suyuqlik ichish kerak. Agar xastalik avj olaversa, albatta shifokorga murojaat qilib, antibiotiklar vositasida maxsus muolaja kursini o`tash zarur.

Laringit

Agar oyoqlaringizdan nam o`tsa yoki shunchaki sovqotsangiz, bir necha kundan keyin tomoq qichishishi, quruq yo`tal va tovush paychalari bilan bog`liq muammolar bosh ko`tarishi hech gap emas.

Kasallikning ilk alomatlarini sezishingiz bilan har bir burun kovagiga 2 tomchidan xlorofilliptning yog`li eritmasi tomizing. U dimoqqa yoyilib, tomoqni bezovtalikdan himoyalaydi va kasallik rivojiga qarshilik ko`rsatadi. Burunni qizilpoycha (zveroboy) nastoykasi bilan chayish ham foydali ta`sir ko`rsatadi. Nastoykani har ikki burun katagiga ninasiz shpris yordamida yuborsangiz bo`ladi. Bu muolajani har ikki soatda takrorlab tursangiz, bir kun o`tiboq kasallik haqida unutish mumkin.

Traxeit

Agar laringitni “to`xtatish”ning imkonini qilolmasangiz, infeksiya va yo`tal pastga — traxeyaga tushishi mumkin. Traxeitda qaynoq suyuqlik ichish mumkin emas. Yaxshisi, iliq qaynatmalar ichgan ma`qul. Chunki ular traxeyani kamroq ta`sirlantiradi va uning shishishini keltirib chiqarmaydi.

Oldini olish uchun ingalyasiya qilish juda foydali. Ayniqsa, giyohlar qaynatmasi va propolis, ya`ni asalari elimini qo`llagan holda. Shuningdek, ingalyasiya uchun bir necha tomchi efir moyini qo`llash ham mumkin.

Sistit

Mazkur kasallikda peshob pufagi shilliq qavati zararlanadi. Sistit tez-tez peshob ajratish, hatto bu jarayonning og`riqli kechishida namoyon bo`ladi. Qolaversa, bunday holat umumiy asabiylik, ba`zida tana haroratining ko`tarilishi, umumiy darmonsizlik bilan kechadi.

Oldini olish uchun:

  • avvalo sovqotishdan, uzoq vaqt bir xil holatda o`tirishdan (ayniqsa sovuq binoda) qochish;
  • organizmda mavjud barcha infeksiya o`choqlarini o`z vaqtida davolatish;
  • shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish;
  • jismoniy zo`riqishlardan qochish;
  • ovqatlanish tartibi va tarkibiga e`tiborli bo`lish;
  • doimiy ravishda uyquga to`ymaslik, stress kabi holatlarni bartaraf etish lozim.

Pielonefrit

Ko`pincha pielonefritning yuzaga kelishi sistit alomatlari bilan boshlanadi. Tanosil tizimi infeksiyalari o`z vaqtida davolanmasa, kasallik yuqoriga — buyraklarga “ko`tarilishi” va pielonefritni qo`zg`ashi mumkin. Buyraklar yallig`langanda organizmning holati o`tkir respirator infeksiyaga o`xshash bo`ladi: badan uvishib, titraydi, harorat 28 darajadan oshadi, bemor ko`ngil aynishi va kuchli bosh og`rig`ini his qilishi mumkin. Buyraklar yallig`lanishining surunkali kechishi qisman umumiy holsizlik, tez charchab qolish, bosh og`riqlari, bel sohasining simillab og`rishi bilan ifodalanadi.

Qalqonsimon bez faoliyati buzilishi

Kuzgi mavsum qalqonsimon bez uchun ham sinovli davr. Hatto sog`lom insonlarda ham kuz-qishki davrda qalqonsimon bez gormonlari ishlab chiqarish jarayoni sustlashadi. Bu muhim a`zo faoliyatidagi buzilishlar haqida bir necha alomatlar mavjudligidan bilish mumkin. Qalqonsimon bez faoliyati oshganda ishtaha yaxshi bo`lsa-da, birdan vazn yo`qotish, gipertoniya va bosh og`rig`i, yurak urishi tezlashishi, qo`llar qaltirashi, ta`sirchanlik va xavotir hissi oshishi, uyqusizlik, haddan ortiq terlash kabi belgilar kuzatiladi. Qalqonsimon bez faoliyati susaygani esa doimiy charchoq hissi, kayfiyat o`zgarishlari, odatdagidek ovqatlanganda ham vazn ortishi, mushak va bo`g`imlar og`rishi, ruhiy siqilish, sovuqqa chidamsizlik kabi alomatlar bilan namoyon bo`ladi.

Kasallikning ikki yoki bir necha alomatlari yuzaga kelganda albatta endokrinolog maslahatini olish kerak. Mutaxassis qalqonsimon bez faoliyati darajasini aniqlash uchun kerakli tekshiruvlarni amalga oshiradi.

Asab faoliyati buzilishi

Ultrabinafsha nurlari etarli miqdorda bo`lmasligi, yog`in-sochinli ob-havo, kuzning qisqa kunlari asab tizimiga ta`sir ko`rsatadi. Aynan shuning uchun shifokorlar kuzgi davrda nevroz, psixoz va depressiyalarning sezilarli ravishda avj olishini takidlashadi. Ko`pincha bunday holat uyqusizlik, o`ta jizzakilik, ruhiy siqilish bilan birga kuzatiladi.

Mutaxassis bilan maslahatlashgan holda engil dori vositalarini qabul qilishingiz yoki xalq tabobati tajribalaridan foydalanishingiz ham mumkin. O`zingizga g`am-qayg`uni yo`latmaslikka harakat qiling. Ular nafaqat xayollaringizni band qiladi, hatto immun tizimingizga ham infeksiya singari ziyon etkazadi.

Kuzgi maslahatlar

1. Chakanda (oblepixa)ni g`amlab qo`ying. 1-2 choy qoshiq chakanda mevasining shakar bilan aralashmasi organizmning vitaminlarga bo`lgan ehtiyojini ta`minlaydi.

2. Tajriba qilmang. Yara kasalliklari (masalan, oshqozon yarasi) zo`rayganda og`riq xurujini bir chimdim tuz qo`shilgan sut bilan qoldirish mumkin. Ammo, inobatga olingki, bu shoshilinch chora va uni butkul sog`ayish uchun qo`llash samarasiz. Oziq-ovqat qo`shimchalari va giyohli damlamalarni unuting, aks holda o`zingizni jiddiy xavfga qo`yishingiz mumkin.

3. Bo`g`imlarni ehtiyot qiling. Agar bo`g`imlaringizda mavsumiy og`riq yuzaga kelsa, V guruhi vitaminlari qabul qiling. Ular asab tolalari va bo`g`imlarning tog`aydan iborat yuzalari oziqlanishini yaxshilaydi. Shuningdek, kalsiy preparatlari ham foydali.

4. Shamollashning oldini oling. Kasallikning ilk alomatlari paydo bo`lganda yotoq rejimiga amal qiling, elvizakli joylardan qoching, o`zingizni issiq tuting. Suv va boshqa suyuqliklardan ko`proq iching. Epidemiya davrida odam gavjum joylardan qoching.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1