1

Qaltis hazillar “MILLION”chilar uchun qimmatga tushdi...

Shou-biznes 26.09.2014, 16:05
Qaltis hazillar “MILLION”chilar uchun qimmatga tushdi...

Jamoaning lisenziyadan mahrum qilinishi sabablari oydinlashdi

Keyingi yillarda o`zbek qiziqchilik san`atida bir necha yangi qiyofalar kashf etildi. Xususan, “Komedi.uz”, “Dizayn”, “Million” jamoalarini bunga misol qilib keltirishimiz mumkin. Ayniqsa, “Million” jamoasining chiqishlari ko`pchilikni e`tiborini tortdi. Munosabat ham shunga yarasha: kimdir jamoani maqtasa, yana kimdir umuman hazm qila olmadi. yaqinda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Million” lisenziyadan mahrum etilganligi to`g`risidagi xabar ko`pchilikni befarq qoldirmagani aniq. Bu boradagi taxmin va ovozalarga aniqlik kiritish maqsadida “Million” jamoasi a`zolari Behzod Komiljonov, Davron Kabulov hamda “O`zbeknavo” estrada birlashmasi bo`lim boshlig`i Odiljon Abduqahhorovlarni suhbatga chorladik.

— Oldin bir narsaga aniqlik kiritib olsak:  “Million” avval ham bir necha bor ogohlantirilganmi?

Davron Kabulov: — “Bir necha marta” deyilishi noto`g`ri. O`tgan yili konsert qo`yayotganimizda “O`zbeknavo”dan ogohlantirish olganmiz va ularning tavsiyalari bo`yicha dasturga o`zgartirishlar kiritilgan.

— Ilk konsert das­turlaringizdagi Mirjalol Qosimov bilan bog`liq ko`rinish hali ham ko`pchilikning yodida. Terma jamoa­miz bosh murabbiyidan kechirim so`raganlaring rostmi?

Davron Kabulov: — Mirjalol Qosimovdan jamoamizning hech bir a`zosi kechirim so`ramagan, chunki kechirim so`raydigan narsaning o`zi yo`q. Hazillar terma jamoani jahon chempionatiga chiqa olmagani bilan bog`liq, shaxsiyatga tegadigan emas. Tadbirlardan birida Mirjalol akani uchratib qoldik, o`xshatish qilgan yigitimiz — Otabek  Mirjalol akani oldiga borib, o`zini tanishtirgan, u kishi “E, o`sha bola senmiding, rosa boplapsan-ku? O`zim ko`rmadim, lekin ko`pchilik aytdi” degan. Bor gap shu. 

—  “Million” ko`pchilikning nonini yarimta qilib yurgani uchun shu ahvolga tushdi, degan da`volarga nima deysiz?

Behzod Komiljonov: —Jamoamizda faqat Davron professional tarzda shou-biznes bilan shug`ullanadi, qolgan yigitlar uchun bu o`ziga xos xobbi. Xabaringiz bor, 4 kun davomida “Istiqlol” san`at saroyi­da konsert berdik. Eng past – 10 mingdan 50 ming so`mgacha bo`lgan narxlarni belgiladik. Hamma yoqqa tarqalib, qo`lma-qo`l bo`lib ketgan disklardan ham bizga hech qanday moliyaviy foyda yo`q. Qolaversa, “Million” jamoasida o`rnatilgan temir qoida bor — jamoa to`y xizmatlariga bormaydi. 

— “Do`st kim, dushman kim, bilinib qoldi”, debsizlar. Buni qanday tushunish mumkin?

Behzod Komiljonov: — Konsertlarimiz, disklarimizni ko`rib, maqtab yurganlar gazetalar, saytlarda maqolalar chiqib, lisenziyamiz olingandan so`ng orqavarotdan “to`g`ri bo`pti, allaqachon shunday qilishlari kerak edi”, deyishibdi...

— Bu muammolarga duch kelmaslik uchun konsert dasturi ssenariysini “O`zbeknavo” mutasaddilariga ko`rsatib olsalaringiz bo`lmasmidi?

Davron Kabulov: — Ssenariyning xomaki nusxasi ham, sahnada ketadigan yakuniy ko`rinishi ham “O`zbeknavo”dan o`tkazilgan. Busiz iloji yo`q. Faqat bir narsani tushunmayapmiz: konsert 5 oy avval bo`lib o`tdi, disklar chiqqaniga ham bir-ikki oy bo`ldi. Birdaniga gazetalar, saytlarda tanqidiy maqolalar, shov-shuv...

— Yigitlar, oxirgi dasturda qaltis, qo`pol hazillar ham ketganligini nega tan olmaysizlar? Sanab berishim mumkin.

Behzod Komiljonov: — «Kamchiligimiz yo`q, lisenziyadan bekor mahrum qilishdi», degan fikrdan umuman yiroqmiz. Bizni to`g`ri tushunishlarini istardik: “Million” yigitlari 6-7 yildan beri san`atda o`zini sinab yurgan bo`lsa-da, jamoa sifatida shakllanganimizga endi bir yildan oshdi. Bor-yo`g`i 2 ta konsert qo`ydik. Qisqasi, endi yo`limizni topyapmiz.

Davron Kabulov: — Har qanday tanqidni qabul qilishga tayyormiz. Chunki hali bir narsani qoyillatib qo`yganimiz yo`q. Faqat kelib, biz bilan tanishib, “Qani, senlar nima qilyapsan o`zi? Mana bu sahna ko`rinishi orqali nima demoqchisan” deb bir og`iz fikr so`ramasliklari alam qiladi. “Yoshlar tarbiyasiga salbiy ta`sir o`tkazadi”, deyishibdi. Yillar mobaynida shakllanadigan tarbiya qanday qilib uch soatlik dastur davomida buzilishi mumkin?

— Ijtimoiy yuki bor ko`rinishlarga ko`proq urg`u berilsa yaxshi emasmidi? 

Davron Kabulov: — Kundalik hayotdagi muammolarni sahnaga olib chiqishga harakat qilyapmiz.  Bir narsani to`g`ri tushunaylik: kulgu dasturlari boshdan-oyoq jiddiy mavzular atrofida o`ralashaversa, tomoshabin uchun qizig`i qolmaydi. “Million” sahnaga majlis o`tkazishga emas, konsert berish uchun chiqadi. 

“O`zbeknavo” estrada birlashmasi bo`lim boshlig`i Odiljon Abduqahhorov:

— “Million” jamoasining lisenziyasi haqiqatan ham tugatilgan. Jamoa a`zolariga buning sabablari tushuntirildi. Bu chora jamoa yo`l qo`ygan xato va kamchiliklarni bartaraf etishlari uchun qo`llanildi. Konsert dasturi davomida ssenariydan chetga chiqish holatlari bo`lgan, qolaversa, lisenziya aynan mana shu kamchilik uchungina tugatilgani yo`q. Boshqa san`at turlari kabi qiziqchilikning ham o`ziga yarasha talablari bor va istaysizmi-yo`qmi, ularga amal qilish kerak. O`ylaymanki, jamoa bundan to`g`ri xulosa chiqaradi. Keyin­chalik ijobiy o`zgarishlar ro`y bersa, lisenziya olib, yana faoliyatlarini davom ettirishlari mumkin. 

“Million” jamoasi a`zolari, “O`zbeknavo” mutasaddisi va jurnalist fikrlari bilan tanishdingiz. Bu vaziyatda yana bir tomon — muxlislar ham borligini unutmasligimiz kerak. Kulgu san`ati vakillari (bu gap “Million” jamoasiga ham tegishli) ba`zan tor davralar, gap-gashtaklarda aytishga loyiq latifalar, ko`rinishlarni sahnaga ko`tarib chiqishdan tap tortishmayapti. Me`yor, did emas, “tomoshabin shuni xohlayapti”, degan bahona ko`pincha tosh bosib ketayotganini  inkor etolmaymiz. Munozaramizni yozuvchi Erkin A`zamning fikri bilan yakunlashni lozim topdik: “Dunyoda chorasiz narsa yo`q. Gap nimani tanlab, nimadan voz kechishda”.

Azizbek ABDUVALIEV.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1