1

Chingizxon kim bo`lgan? Yoxud uni ulug`lashdan kimlar manfaatdor?

Moziydan sado 24.08.2018, 11:12
Chingizxon kim bo`lgan? Yoxud uni ulug`lashdan kimlar manfaatdor?

Tarixning axlat qutisi bo`lmaydi, deyishadi. Biroq, har bir tuzum tarixni o`ziga moslashtirib yozadi. Bu tarixiy haqiqat. Shu paytga qadar bizning ham tariximiz, tarixiy shaxslarimizga turlicha yondashuvlar, turli “burchaklar” ostidan qarab kelindi. Bugun ham tariximizni ayrim mavhum sahifalariga “tuzatishlar” kiritilmoqda. Bu albatta yaxshi. Ammo...

Qon changallab tug`ilgan go`dak

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Chingizxonning kelib chiqishi bilan bog`liq ayrim bahslarga guvoh bo`lib qoldim va beixtiyor bu mubohasalarga qo`shilib o`z fikrimni aytgan bo`ldim. To`g`ri, men tarixchi emasman. Lekin xalqimiz tarixiga chandon qiziqaman, tarixiy asarlarni ko`p mutolaa qilaman, har qalay shu yurt tarixi xususida fikr bildirishga bahslashishga haqqim bor deb hisoblayman.

Bahsga kirishganlarning aksariyati “Chingizxon bo`lmaganda o`zbek xalqi ham bo`lmasdi”, “Chingizxon – bizning ajdodimiz” singari fikrlarni ilgari surishmoqda. Avvalo har bir fikr hurmatga loyiq. Kimnidir fikri yo qarashlari uchun tahqir yo ta`qib etadigan zamonda yashamayapmiz. Ammo, fikrlar etarli asosga ega bo`lmasa, unga qarshi chiqish, mavjud dalillarni ro`kach qilish mumkin-ku?

Keling. Chingizxon kimligini, uning dunyo xalqlari boshiga qanchalik kulfatlar solgani kundek ravshan bo`lsa-da, tarixga ozgina ko`z tashlab o`taylik. Qator manbalarga tayanadigan bo`lsak, Chingizxon txminan 1155-1167 yillar oralig`ida, bugungi Rossiya va Mo`g`uliston chegarasidagi Delyun-Boldok vodiysida, Onon daryosi bo`yidagi bir ovulda tug`ilgan. Uning asli ismi Temuchin bo`lib, otasi Esugay mo`g`ullarning borjigin, onasi Oelun esa olxonut urug`iga mansub edi. Onasining qornidan qon changallab tushgani uchun o`sha paytda uning dong`i ketgan jahongir bo`lishi bashorat qilingan ekan.

Sharqdan kelgan “balo”

Dastlab mo`g`ullar qurultoyida xon deb e`lon qilingan Chingizxon avvali o`sha hududdagi mo`g`ul qabilalarini birlashtirishga kirishadi. Keyinchalik uning tasarrufidagi hududlar kengayib, ko`plab turkiy qabilalarni ham o`ziga bo`ysundiradi.

1213 yilda Xitoyning Szin imperiyasini o`ziga bo`ysundirib, juda katta hududni qo`lga kiritgan Chingizxon e`tiborini g`arbga qaratadi. Bu paytda Xorazmshohlar davlati sharqdagi qudratli davlatlardan biriga aylangandi. Dastlab Chingizxon va Xorazmshoh o`rtasidagi munosabatlar do`stona ko`rinsa-da, 1219 yil bahorida chegara shahar O`tror hokimi tomonidan Chingizxonga qarashli savdo karvoni talanib, unda odamlarning o`ldirilishi diplomatik munosabatlarni izdan chiqardi. Xorazmshoh Chingizxonning talabiga binoan aybdorni yuborish o`rniga uning elchisini behurmat qilib jo`natdi. Bu esa, Chingizxon uchun Xorazmshohga qarshi urush ochishda jiddiy sabab bo`ldi.

Bu bosqin xalqimiz boshiga qanday kunlarni solgani tarixiy va ilmiy manbalarda, adabiy asarlarda, filmlarda juda ko`p bor ko`rsatilgan.

Mamlakat tarixida biror bosqinchi ona zaminimizni Chingizxonchalik qonga botirmadi. Otamalik Juvayniy, Fazlulloh Rashididdin, Nasaviy, Mirxond, Mirzo Ulug`bek, Abulg`oziy Bahodurxon singari mualliflar bu bosqinning dahshatlarini o`z asarlarida aks ettirganlar.

Ko`z ko`rib quloq eshitmagan vahshiyliklar

Mana ma`lumotlarga e`tiborr bering: Samarqandda har uch kishidan ikkitasini o`ldirib, shaharni suvga bostirishdi. Masjidlarimizni otxonaga aylantirishdi. Buxoroda ayollarni o`z mahramlarning ko`z o`ngida xo`rlab, keyin o`ldirishgan. Urganch aholisini 50 mingdan ortiq mo`g`ul askarlaridan har biriga o`ldirish uchun 24 kishidan taqsimlab berishgan.

Marvda 1 mln 400 ming kishini qatl etishgan va o`liklar 14 kun davomida yig`ib olingan.

Termizda bir ayol "meni o`ldirmanglar, bir qimmatbaho gavharni yutib yuboruvdim, shuni chiqarib beraman" degani uchun mo`g`ul askarlari hamma xotinlarning qornini yorib gavhar qidirishgan ekan.

Mo`g`ul bosqinchilari tarixda misli ko`rilmagan vahshiyliklarni, xunrezliklarni amalga oshirdilar. Ular nainki raqib askarlari yoki qurol ko`tarishga qodir bo`lgan erkaklar, balki bosib olingan hududlardagi keksalar, ayollar, bolalar, bemorlarni ham ham ayamay qatl etishdi. Qatl va qiynoqlarning ko`z ko`rib quloq eshitmagan usullarini “ixtiro” qilishdi.

Er aholisining 11 foizi qirilib ketgan

O`zgan, Xo`jand, Kesh, Farg`ona singari qanchadan-qancha shaharlar er bilan yakson qilingan. Najmiddin Kubro, Fariduddin Attordek allomalarni qiymalashdi, Ajdodlarimiz yaratgan qancha-qancha yozma yodgorliklar, me`moriy obidalar er bilan yakson qilindi.

Chingizxon va uning avlodlari nainki Movarounnahr va Xuroson, balki Osiyo va Evropadagi o`nlab davlatlar hududini, boshqacha aytganda quruqlikning beshdan bir qismini ishg`ol etdi. Uning imperiyasi Tinch okeanidan to Markaziy Evropaga qadar bo`lgan ulkan hududni qamrab oldi. Mo`g`ul qo`shinlari qilichdan o`tkazgan insonlarning umumiy soni 40 million kishidan oshadi. Bu esa, o`sha paytdagi Er shari aholisining 11 foizidan ko`proqni tashkil etardi.

Chingizxon bosqini sayyoramizdagi mamlakatlar, xalqlar va elatlar tarixini, millionlab insonlar taqdirini, hatto sayyoramiz iqlimini ham o`zgartirib yubordi (ma`lumotlarga ko`ra, Er yuzida karbonat-angidrid gazi ajralishining kamayishi oqibatida harorat pasayib ketgan). Minglab shaharlar vayronaga aylanib,o`n yillar davomida kimsasiz huvillab yotdi. Ularning qayta tiklanishi uchun yuz yillar kerak bo`ldi. Ayrimlari esa umuman tarix sahifalaridan o`chib ketdi.

Chingizxon 1227 yili Tang`ut davlatiga qarshi kurash asnosida vafot etadi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, Chingizxonni undan qasos olish fursatini kutayotgan kichik xotini o`ldiradi. Vasiyatiga ko`ra, Chingizxonni hech kim bilmaydigan joyga, daryoning o`zaniga ko`mishadi. Uning qabriga Chingizxonning jasadi bilan birga birga ko`plab xizmatkorlar, kanizaklar, juda katta xazinalar ham dafn etilgan.

Bir so`z bilan aytganda, Chingizxon umrimni bosqinchilikka, zulmga bag`ishladi. Imkon qadar o`z sarhadlarimni kegaytirishga urindi. Tog`-tog` oltinu kumushlar, hisobsiz o`ljalar to`pladi. Uning o`limidan so`ng, avlodlari qonli yurishlarini davom ettirishdi.

Buyuklik va shafqatsizlik timsoli

Bugungi kunga kelib, Chingizxon shaxsiga qarashlar turlicha tus olgan. Masalan uning vatani Mo`g`ulistonda Chingizxon butun xalqning chin manodagi faxru iftixoriga aydlangan. Udan-Bator xalqaro aeroporti, yirik mehmonxonalar, restoranlar, ko`chalar, maydonlar, davlat mukofotlari Chingizxon nomi bilan ataladi. Mo`g`uliston pul birligida “ulug` xon” tasvirini uchratasiz.

Mamlakatning Bogdo-uul tog`ida Chingizxonning bahaybat surati chizilgan. Poytaxt Ulan-bator shahrida, parlament maydonida Chingizxonning taxtda o`tirgan haykali o`rnatilgan. U tug`ilgan Delyun-Boldok vodiysida ham ulkan yodgorlik o`rnatilgan. Poytaxtdan 54 kilometr masofada Tuul daryosi bo`yida Chingizxonning ot ustidagi 40 metrlik haykali o`rin olgan.

Albatta, mo`g`ullarning bunga haqqi bor. Chunki, bu xalq aynan Chingizxon tufayli dunyoga tanildi. Chingizxon o`nlab mo`g`ul qabilalarini birlashtirib, markazlashgan davlat barpo etdi. Har qalay o`z xalqi uchun katta ishlarni amalga oshirgandir. Ammo, bularning bari boshqa xalqlarni qon qaqshatish, obod yurtlarni vayron etish evaziga yuz berdi.

Harkimniki o`ziga!

Yaqin-yaqinlarda ayrim qozoq va qirg`iz olimlari Chingizxonni ulug`lashga, uni o`z ajdodlari sifatida ko`rsatishga intilgani jiddiy tanqidga uchragandi. Ikki qardosh xalqning atoqli adiblari Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonov “Cho`qqida qolgan ovchining ohu zori” kitobida bunday qarashlarni keskin qoralagan, ushbu mo`g`ul xonini bosqinchi va zolim hukmdor sifatida baholashgan.

Bugun ayrim o`zbek ziyolilari ham shu ishga bosh qo`shayotgani, Chingizxonning o`zbek xalqining shakllanishiga katta hissa qo`shgani, eng achinarlisi, Chingizxon bizning ajdodimiz ekanini isbotlashga urinishlar ko`zga tashlanmoqda.

To`g`ri, mo`g`ullar bosqini Markaziy osiyoning ko`plab xalqlari, jumladan o`zbeklarning ham etnogeneziga sezilarli ta`sir o`tkazgan. Shundan kelib chiqib, butun bir xalqning Chingizxonning avlodidan bo`lgan Oltin O`rda xoni O`zbekxon (1312-1342)ga borib taqamoqchi bo`lganlar ham ko`p. Ammo, tarixiy manbalar o`zbek nomi ushbu hukmdordan avval ham mavjud bo`lgani, xususan qipchoqlardan bo`lgan Otabeklar davlati asoschisi Shamsiddin Eldengiz (1137-1174) o`z nabirasiga O`zbek deb ism qo`ygani tarixdan ma`lum. Qolaversa, mo`g`ullar bizning vatanimizdan minglab chaqirim olisdan yashagani, ular kirib kelguncha yurtimiz hududida ming yillardan beri turkiy xalqlar yashab kelgani ham isbot talab qilmaydigan haqiqat. Mo`g`ullarning olis ajdodlari turkiylarga yaqin ekani aytilsa-da, mo`g`ul tili sanoqli so`zlarni hisobga olmaganda, biz bilgan turkiy tillarning birortasiga o`xshamaydi.

Shunday ekan, bugungi kunda, xalqimiz o`z tarixi, o`zligi, buyuk allomalari, sarkardalarini tanib ulgurgan bir paytda etti yot begona, buning ustiga insoniyat tarixidagi eng zolim, shafqatsiz hukmdorlardan birini “o`zbeklashtirish” to`g`rimikin? Umuman dunyo ahli bugun zulmdan, terrordan, adolatsizlikdlan xunrezlik bezib, bong urayotgan bir paytda, biz Chingizxondek bedodlik timsolini ulug`lashimiz qanchalik mantiqqa yaqin?

Albatta, bu mavzuda tarixchilarimiz o`z mulohazalarni bildiradilar degan umiddamiz.

Rustam JABBOROV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1