1

Bu meva – go`zallik eliksiri!

Salomatlik 23.08.2018, 14:25
Bu meva – go`zallik eliksiri!

Olxo`ri haqida gap borganida, odatda, uning ich kelishini yaxshilash xususiyati xayolga keladi. Ammo tahririyatga kelgan maktublarga qaraganda uning boshqa foydali jihatlari ham bor. Bugun olxo`ri yordamida davolanish usullari bilan tanishtiramiz.

  • Shirinlik — tishlarimiz dushmani. Ammo qora olxo`ri karies hamda milk yallig`lanishida foydali. Buning uchun 3-4 dona mevani kosaga solib, ustidan qaynab turgan suv quyiladi. Kechki payt, uxlashdan avval og`iz chayiladi. Istasangiz, kuniga 2-3 marta og`izni chayishingiz mumkin.
  • Aslida, barcha mevalar qabziyatga qarshi ta`sirga ega. Ammo eng kuchlisi — qora olxo`ri. Buning uchun qora olxo`rining o`zini damlab ichish ham mumkin. 4-5 dona qora olxo`rini yuvib, ustidan 1 stakan qaynab turgan suv quyiladi. Damlama tongda, qorin och mahali ichiladi. Mevasini esa eyish kerak. Yana bir usul, olxo`ri damlamasiga yarim stakan limon sharbatini aralashtirib, ertalab bir soat davomida ho`plab ichiladi.
  • 2-3 ta qora olxo`ri 1-2 stakan sutda qaynatiladi. Meva yumshagach, danaklari olinib, issiqligicha qadoqqa qo`yiladi. Malham sovigach, issig`iga almashtiriladi. Imkon boricha bu muolaja takrorlanishi lozim. Shunda qadoq yumshab, teri ajralishi oson kechadi.
  • Arterial qon bosimini me`yorlashtirish uchun olxo`rili choy ichish tavsiya etiladi. Buning uchun 4 dona qora olxo`rini 5 daqiqa davomida qaynoq suvda ivitasiz. So`ng mayda to`g`raysiz-da, ko`k choyga aralashtirib damlaysiz. Choy 10-15 daqiqa tindirilgach, shoshmasdan, ho`plab-ho`plab ichiladi.
  • Yuzimga husnbuzar chiqavergach, shifokorga bordim. Bir qancha tekshiruvlardan o`tdim-da, hamma gap ichaklarda ekanligini bildim. Ichaklarni tozalash uchun esa uyda bajariladigan tabiiy usullardan foydalanishga ahd qildim. Menga qora olxo`rili muolaja juda yoqdi. Ichaklar tozalanayotganida ko`proq suv ichish, yog`siz, parda pishirilgan taomlar iste`mol qilish lozim. Ammo bu xamirli ovqatlar bo`lmasligi kerak.
  • Ortiqcha vazndan xalos bo`lish uchun shirinliklardan tiyilish kerak. Ammo bu men uchun oson emasdi. Dugonam ozishda asqatishi mumkin bo`lgan resept haqida so`zlab berdi va men uni sinab ko`rdim. Bir necha oy davomida ancha vazn yo`qotdim. Shirinlikni tayyorlash uchun 400 gr qora olxo`ri, 100 gr.dan turshak, mayiz, na`matak mevalari, 200 gr anjir qoqisi hamda 50 gr maydalangan sano o`tlari kerak bo`ladi. Barcha mahsulotlarni go`shtqiymalagichdan o`tkazib, 200 gr asal aralashtirish lozim. Uni shisha idishga solib, salqin joyda saqlash kerak. Bu vitaminli shirinlikni ertalab va kechki payt bir osh qoshiqdan, qaynatib sovutilgan suv ichib, eyish mumkin.
  • Qora olxo`ri vitaminlarga boy bo`lgani uchun yuz terisiga foyda qiladi. Masalan, uning yordamida ajinlarni tekislab, pigment dog`larni ochartirish mumkin. Buning uchun bir nechta qora olxo`rini sutda pishirib, ezamiz va teri kuymaydigan issiqlikda yuzga niqob qilamiz. 10 daqiqadan so`ng niqob yuvib tashlanadi. Bu muolajadan keyin yuz terisi yumshab, tiniqlashadi.
  • Qora olxo`ridan faqatgina davo sifatida emas, taomlarga o`zgacha maza berish uchun ham foydalanish mumkin. Masalan, men uni turli pishiriqlarga qo`shaman. Qora olxo`ri go`shtning aynimasligiga yordam berishini ko`pchilik bilmasa kerak. Shuningdek, u salmonella, ichak tayoqchalari hamda stafilakkokklar ko`payishining oldini oladi. Shu bilan birga u o`tkir ta`m bermaydi va go`sht ta`mini o`zgartirmaydi.
  • 200 gramm sulini 3 dona maydalangan qora olxo`ri bilan aralashtirasiz. Unga 2 stakan suv quyib, past olovda 30 daqiqa qaynatasiz. Idishni olovdan olgach, ustini yopib, 2 soat dam berasiz. So`ng dokadan o`tkazib, kuniga bir mahal ertalab 1 stakandan ichasiz. Damlama 10 kun qabul qilinadi.

Kamola BOShBEKOVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1