Uyqu vaqtida organizmimiz nima bilan "mashg`ul" bo`ladi?

Salomatlik 16.08.2018, 11:33
Uyqu vaqtida organizmimiz nima bilan "mashg`ul" bo`ladi?

Tabiatning mo``jizasini qarangki, zahmatkash organizmimiz uyqu vaqtida ham tinim bilmas ekan. Chunki tunda organizmimiz har bir a`zoni tekshirib, o`zini-o`zi tiklash bilan band bo`larkan. Masalan, miya kun davomida qabul qilgan axborotlarni qayta ishlab, saralaydi. Jigar va buyraklar o`z ishini sekinlashtirsa, oshqozon odatiy tartibda ishlayveradi. Ko`rish qobiliyati tunda ham o`z ishini davom ettiradi, lekin miya ko`rilgan manzarani qabul qilmaydi… Xullas, organizmimizning tungi ish tartibi quyidagicha…

Mutaxassis: terapevt — Sayyora Xolova

Tungi soat 22:00

Bu paytda organizm o`z qo`riqchisi — immun tizimi qay darajada ekanini tekshirib ko`radi. Aynan shu vaqtda uxlashga yotgan insonni organizm yoshlik gormoni — melatoninni ikki baravar ko`p ishlab chiqarish bilan “taqdirlaydi”.

Tungi soat 23:00

Bu paytda hujayralar o`z faoliyatini tiklaydi. Qon bosimi, modda almashinuvi pasaya boradi. Shuning uchun kech ovqatlanmang, zarari bor, deyishadi. Sababi hazm qilish traktining «oromi buziladi» va oshqozon bu “yuk”ni uddalashga qiynaladi.

Tungi soat 24:00

Tanamiz, miyamiz o`tgan kunni sarhisob qiladi: foydali xulosalarni saqlab, keraksizlarini ajratib qo`yadi.

Tungi soat 1:00

Bu paytda organizm og`riqqa nisbatan sezgir bo`ladi. Masalan, tish og`rig`i aksariyat hollarda aynan shu vaqtda “bosh ko`tarib” qolishi mumkin.

Tungi soat 2:00

Jigardan boshqa aksariyat a`zolar o`z faoliyatini sekinlashtiradi. Jigar esa g`ayrat bilan ishlab, zaharli moddalarni kuchsizlantirib, organizmdan chiqarib yuborishga yordam beradi.

Tungi soat 3:00

Butun organizm dam oladi. Mushaklar to`liq bo`shashadi. Puls va nafas olish tezligi sekinlashadi, tana harorati va qon bosimi tushadi. Soat 3 dan 4 gacha bo`lgan davrda organizmda sarf qilingan quvvatni tiklash ishlari bo`ladi.

Tungi soat 4:00

Hujayralarning katta qismi faollik bilan bo`linishi va yangilanishi ishlari yuz beradi. Hujayralar o`sish gormonlari ishlab chiqariladi, teri yangilanadi.

Tonggi soat 5:00

Buyrak usti bezlari «uyg`onadi» va faollik bilan ish boshlaydi: qonga kortizol — stress gormoni etkazib beradi. Organizm faollasha boshlaydi, qon bosimi, qondagi gormonlar darajasi ko`tariladi, himoya kuchlari faollashadi.

Tonggi soat 6:00

Qon bosimi va harorat ko`tariladi. Yurak urishi tezlashadi, qonda adrenalin darajasi oshadi. Bu dush qabul qilish uchun eng yaxshi vaqt.

Ertalabki soat 7:00

Bu paytda oshqozon-ichak trakti egulik qabul qilib olishga shay turadi. Immunitet ko`tariladi.

Madina Isroilova tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1