1

Bulung`urlik otaxon hajga yiqqan mablag`ini qabristonni obod qilishga sarfladi

Jamiyat 15.08.2018, 10:36
Bulung`urlik otaxon hajga yiqqan mablag`ini qabristonni obod qilishga sarfladi

Islom dinining besh arkonlaridan biri haj ziyoratiga borishni hamma orzu qiladi, albatta. Egamberdi ota ham muborak haj safariga borib kelishni niyat qilib yurgan edi. Navbati kelganda esa haj safariga borishni rad etdi. Otaxon avval ota-bobolari yotgan qabristonni obod qilishni, savob va xayrli ishlarini ko`paytirishni, ana undan keyin hajga borishni niyat qildi.

— Qishlog`imizdagi eski qabristonga nazoratchi (qorovul) bo`lganimdan buyon bu erni obodonlashtirishni ko`nglimga tugib kelardim. Chunki qabriston e`tiborsizlikdan tashlandiq bo`lib qolgan edi, to`rt tomoni ochiqligidan mol-qo`ylar kirib-chiqardi. Buni ko`rgan har qanday odamning dili ranjigan bo`lardi. Axir shu tuproqda ota-bobolarim, momolarim, ota-onalarim, yaqin qarindoshlarim qo`nim topgan. Shu sababli qabristonni obod qilishga qaror qildim, - deydi Egamberdi ota.

Otaxon buning uchun haj safariga boraman deb, jamg`arib yurgan pullarini sarfladi. Bunda unga o`g`li Dilshodjon hamda qishloqdoshlari, mahalla oqsoqollari madadkor bo`lishdi. Qabriston hashar yo`li bilan obod bo`ldi: atrofi simto`r bilan o`raldi, kirish qismiga darvoza o`rnatildi, 50 metr masofaga devor ko`tarildi, yo`laklarga plitalar yotqizildi, archa daraxtlari va anvoyi gullar ekildi, har bir qabr atrofi tozalandi. Shuningdek, 200 metr masofadan toza ichimlik suvi egiluvchan quvurlar orqali olib kelindi.

— Bu ishingizdan ko`plar minnatdor bo`lgan bo`lsa kerak...

— Ha, ko`plar minnatdor bo`lishdi, yaxshi qildingiz deyishdi. Lekin “undan ko`ra hajga borib, Hoji bobo bo`lib, hurmat-izzatda yurmasmidingiz”, deganlar ham bo`ldi. Ularga parvo qilmayman. Qishloqdoshlarimning kattasi-yu kichigi meni Hoji bobo deb chaqirishadi. Shuni o`ziga g`ururlanib ketaman. Hammasi uchun Yaratganga behisob shukr!

Bilasizmi, inson xayrli, savob ish qilsa, engil tortar ekan. Meni elkamdan tog` ag`darilgandek bo`ldi. Insondan nima qoladi? Qilgan savob amali-yu, yaxshiligi, to`g`rimi? Ayrimlarni ko`raman, mol-davlat yig`ish bilan ovora. Vaholanki, mahallasining ko`chasi abgor, qo`shnisi nochor yashaydi. Savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak, degan gap borku?!

Otaxon bizga so`zlab bergan rivoyatga ko`ra, Buyuk ipak yo`li shu qishloqdan o`tgan bo`lib, Amir Temur bobomiz Doniyor payg`ambar hokini Samarqandga olib kelayotganda, bir oqshom shu tepalikda tunagan ekan. Shundan buyon tepalik Doniyor payg`ambar tepaligi deb atalar ekan.

Uch farzandning otasi, 8 nabiraning bobosi bo`lib, ularning rohat-farog`atini ko`rib umrguzaronlik qilayotgan Egamberdi otadek saxovatpeshalik hammaning ham qo`lidan kelavermaydi. Dinimizda ham qiyin ahvoldagi insonlarga, qo`ni-qo`shnilarga, etim-esirlarga, beva-bechoralarga yordam qo`lini cho`zish, silai rahm qilishga buyurilgan. Yo`l va ko`priklar qurish, qabristonlarni obodonlashtirishdek savobli ishlarni qilish haj safariga borgan bilan barobar hisoblanadi.

Egamberdi ota muborak haj safariga borish niyatidan qaytmagan. Nasib qilsa, yana pul jamg`arib, gardanidagi farzini bajarishni diliga tugib qo`ygan.

Munisa ALIEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1