1

Chet elga chiqish qachon cheklanadi?

Jamiyat 18.06.2018, 11:28
Chet elga chiqish qachon cheklanadi?

Men o`tgan yili 7 million so`m kredit olgan edim. Kreditni yopish uchun yana 2 yil to`lov qilishim zarur. Rossiyaga ishlash maqsadida bormoqchi bo`lsam meni chegaradan qaytarishlari mumkinmi?

Ba`zida qandaydir sabab bilan aeroport yoki vokzaldan chiqishiga “zapret” bor ekan deb qaytarib yuborilgan odamlar haqida eshitib qolamiz. O`z o`zidan savol tug`iladi, kimlarning O`zbekistondan chiqishi cheklanadi?

Amaldagi qonunchilikka ko`ra quyidagi sabablar chet elga borish huquqini cheklash uchun asos bo`lib xizmat qilishi mumkin deb ma`lumot berildi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida:

  • a) agar shaxs davlat siri hisoblangan ma`lumotlardan voqif bo`lsa yoki uning chet elga borishiga monelik qiluvchi boshqa shartnoma, kontrakt majburiyatlari amalda bo`lsa — bu holatlarning amal qilishi tugagunga qadar;
  • b) agar shaxsga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilgan bo`lsa — ish bo`yicha yakuniy qaror qabul qilingunga qadar;
  • v) agar shaxs sudning hukmi bilan alohida xavfli residivist deb tan olingan yoki ichki ishlar organlarining ma`muriy nazorati ostida bo`lsa — sudlanganlik bekor qilinmagun (olib tashlanmagun)ga qadar yoki nazorat qilish to`xtatilgungacha;
  • g) agar shaxsda sud tomonidan yuklangan ijro etilmagan majburiyatlar bo`lsa — majburiyatlar ijro etilgunga qadar;
  • d) agar shaxs o`zi to`g`risida qasddan soxta ma`lumotlarni bergan bo`lsa;
  • e) agar sudda shaxsga nisbatan fuqarolik da`vosi qo`zg`atilgan bo`lsa — ish ko`rib chiqilgunga qadar;
  • j) agar shaxs chaqiriq uchastkasida ro`yxatga olingan va haqiqiy muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo`lsa — haqiqiy muddatli xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi zaxirasidagi xizmatni o`tagunga qadar O`zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq undan ozod qilingunga qadar;
  • z) agar shaxsga nisbatan Ichki ishlar vazirligida yoki Tashqi ishlar vazirligida vakolatli organlarning ushbu shaxsning chet elda bo`lgan vaqtda kelgan mamlakati qonunlarini buzganligi to`g`risidagi axboroti, shuningdek borishi maqsadga muvofiq emasligini ko`rsatadigan axboroti mavjud bo`lsa — axborot hisobga olingan kundan boshlab ikki yil o`tgunga qadar.

Yuqoridagi holatlarning aksariyati tushunarli va cheklash qo`llanilgan shaxs undan juda yaxshi xabardor bo`ladi.

Shu bilan birga, amaliyotdan ma`lumki ayniqsa kommunal sohada, shaxslar o`zlariga nisbatan qarzdorlikni undirish bo`yicha sud qarori borligini bilishmaydi yoki unutib qo`yishadi.

Bunda shuni hisobga olish lozimki, sudni qarzni undirish bo`yicha tegishli hujjati mavjud bo`lib, davlat ijrochilari tomonidan ijro ishi ochilgan bo`lsa shaxsga nisbatan xorijga chiqishga taqiq joriy etilgan bo`lishi mumkin.

Xorijga chiqishni cheklash faqatgina eng kam ish haqining ikki baravaridan ortiq qarzdorlik uchun qo`llaniladi.

Davlat ijrochisining qarzdorning chiqish huquqlarini vaqtincha cheklash to`g`risidagi qarori ijro etilishi shart va faqat sud yoki davlat ijrochisi tomonidan qonunda belgilangan tartibda to`xtatiladi.

Davlat ijrochisi qarorining ijrosi ichki ishlar va Davlat chegarasini qo`riqlash organlari tomonidan muhokama qilinishiga, to`xtatilishiga yoki boshqacha tarzda to`sqinlik qilinishiga yo`l qo`yilmaydi.

Yuqoridagilarga ko`ra yaqin orada chet elga safar qilishni rejalashtirayotgan shaxslar barcha qarzlarini to`laganliklariga amin bo`lishi lozim.

Taqiq bor-yo`qligini esa https://mib.uz/restriction manzili orqali tekshirib ko`rish mumkin.

Agar shaxsga taqiq qo`llanilgan bo`lsa u qarzlarni to`lagandan keyin ijrochidan taqiq olib tashlanganiga aniqlik kiritib olishi lozim.

Bunda to`liq ishonch hosil qilish uchun albatta rasman yozma ravishda murojaat qilish maqsadga muvofiq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1