1

Olcha: yurak, bo`g`im va shamollashda foydali

Salomatlik 18.06.2018, 10:47
Olcha: yurak, bo`g`im va shamollashda foydali

Barchamizga bolalikdan tanish bo`lgan olchaning birtalay foydali xususiyatlari borligini bilasizmi? Olcha faqat kamqonlikni davolaydi hamda shamollashda kor keladi, deb o`ylasangiz, u haqida hech narsa bilmaysiz, hisob. Vatani Osiyo bo`lgan olcha daraxtining dunyo bo`ylab yuzlab turlari mavjud. Olchani sharbat, kompot, murabbo, mors ko`rinishida maza qilib iste`mol qilamiz. Ammo bu tariqa mevani eyish mumkinmi o`zi? Balki bugungi maqolamizni o`qigach, olchani ko`proq xomligicha iste`mol qilishga kirisharsiz. Har holda, uning kimlarga foydayu kimlarga zarar keltirishi, xomligicha hamda murabbo holida qancha muddat saqlash mumkinligi to`g`risida ma`lumotlarga ega bo`lishingiz tayin. Bu haqda Namangan viloyati «Xalq tabobati markazi» mutaxassisi, tabib Abduhalil Bannaev ma`lumot beradi.

BO`G`IM OG`RIG`IDA FOYDA

Olcha mevasi yallig`lanishga qarshi, balg`am ko`chiruvchi, terini tozalovchi, qonni ko`paytiruvchi xususiyatga ega. Yurak urishini maromiga keltiruvchi, immunitetni ko`taruvchi mevadir. Tarkibida yallig`lanishga qarshi moddalar borligi sabab, olcha mevasi sharbati hamda bandi va shoxchasidan tayyorlangan damlama artrit, revmatizm, artroz kasalliklarida bo`g`imdagi og`riqning tezroq to`xtashiga, shishlarning yo`qolishiga yordam beradi. Agar uzoq vaqtdan beri bel og`rig`idan qiynalsangiz, olcha daraxtining po`stloq qismini qaynatib, ichish kerak.

!Olcha shoxchasidan tayyorlangan damlama yozda ko`p kuzatiladigan ichketar, qorin og`rig`ida shifo bo`ladi. Buning uchun bir siqim olcha mevasi bandini 2 piyola suvda qaynatib, kun davomida yarim piyoladan ichiladi. Bu damlama hayz ko`p kelganda, og`riq kuchli bo`lganda ham yordam beradi.

OZMOQChIMAN DENG...

Tarkibida V guruh vitaminlari, pektinni saqlagan olcha nafaqat tinchlantiradi, uyquni tiniqlashtiradi. Balki yaxshigina ozdiradi ham. Bu mevani kuniga 3 mahal, 10 donadan ovqatdan oldin esangiz, oy davomida 5-8 kilo vazn tashlashingiz aniq. Yana 10 dona olcha tanovuli bir dona aspirin dorisining o`rnini ham bosishini bilib qo`ying. Ya`ni, olcha qonni suyultirib, tozalaydi, siydik yo`llarini yallig`lanishdan xalos qiladi, gemoglobinni ko`paytiradi va yurak xastaliklarining oldini oladi.

BARGINI QAYNATAMIZ!

Virusga qarshi xususiyatlari borligi sabab, olcha bargi qaynatib iste`mol qilinsa, gripp, isitma, yo`taldan tezroq tuzalishga yordam beradi. Yosh bolalar va keksalarda og`irroq kechadigan bronxit kasalida olcha mevasini qaynatib ichish tavsiya etiladi. Olcha bargi qaynatmasi ayollardagi jinsiy yo`llardagi shamollash, erkaklardagi prostata bezi adenomasida ham ayni muddaodir.

Olcha bargini sutda qaynatib ichish iztirobli yo`talda, o`t pufagi yallig`lanishida, sariq kasalida, jigarning yog` bosishida foydasi bor.

QANDAY TANLAYMIZ?

Mevani tanlashda uning shoxchasi (bandi) yashil bo`lishiga e`tibor bering. Bu mevaning yangi uzilganini bildiradi. Xomligicha olchani sovitgichda atigi 2 kun saqlash mumkin. Hatto buning uchun ham mevani yaxshilab yuvib, quritib keyin sovutkichga solish kerak. Agar uzoqroq saqlashni istasangiz, danagidan ajratib muzlatib qo`ying. Shu holatda olchani 6 oygacha saqlash mumkin.

KIMLARGA ZARAR?

!Olcha murabbosiga danagini olmasdan ishlatmang. Sababi, danagi va olcha urug`i tarkibidagi amigdalin moddasi uzoq saqlansa va odam uni beixtiyor yutib yuborsa, organizmni zaharlashi mumkin. Olchadan tayyorlangan murabbo, kompotni bir yildan ko`p saqlamaslik zarur. Sababi, olcha danagi tarkibidagi amigdalin moddasi sog`liqqa zarar qilishi, yurak urishini tezlashtirishi mumkin.

Yodda tuting: olchani haddan ziyod ko`p eyish tish emalining buzilishiga olib keladi.

Oshqozon yarasi, qandli diabet, pankreatit, o`pka yallig`lanishi, teri kasalliklari, psoriazda bu mevani imkon qadar kamroq eyishni tavsiya qilamiz.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1