1

UZCARDning yangi xizmat turi ishga tushdi

Hi-tech 29.05.2018, 21:43
UZCARDning yangi xizmat turi ishga tushdi

Foydalanuvchilar ma`lumotlari maxfiyligi va elektron to`lov tizimlari ishonchliligini ta`minlash elektron tijoratni rivojlantirishning muhim shartlaridan biridir. Shu bois, UZCARD banklararo to`lov tizimi tomonidan “Sms-xabarnoma xizmatini masofaviy o`chirish – STOP 1” yangi xizmat turi ishlab chiqildi.

“UZCARD” tizimidan ma`lum qilishlaricha, so`nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda to`lov tizimining rasmiy kanallari orqali plastik to`lov karta egalaridan mobil ilovalarga ulangan sms-xabarnomani ma`lum muddatga o`chirib qo`yishga oid ko`plab savollar kelib tushgan.

Ma`lumki, agar mijoz 3 oy mobaynida mobil telefonidan foydalanmasa, uyali aloqa kompaniyasi uning raqamini avtomatik tarzda bloklaydi va uning telefon raqamini yangi sohibga beradi. Agar raqamning birinchi egasi o`z plastik kartasini mobil ilovalariga yuklab olgan bo`lsa, raqamning yangi egasi ham yuklangan kartadan foydalana oladimi, degan savol tug`ilishi tabiiy albatta. Bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida “UZCARD” mutaxassislari tomonidan “Sms-xabarnoma xizmatini masofaviy o`chirish – STOP 1” yangi xizmat turi ishlab chiqildi.

Endi mobil operatorlar uzoq vaqt ishlatilmagan raqamni bloklash jarayonida raqamni yangi mijozga berishdan oldin “UZCARD” tizimiga mobil raqam to`g`risida ma`lumot yuboradi va sms-xabarnomani o`chirishni so`raydi. Shundan so`ng, “sms-xabarnoma” xizmati o`chiriladi. O`z navbatida, to`lov ilovalariga foydalanuvchilarning maxfiy ma`lumotlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini oshirish talab etilmoqda. Eng avvalo, ular mobil telefon raqamining yangi egasi raqamning oldingi foydalanuvchisi mablag`laridan foydalanmasligi uchun unga tegishli barcha ma`lumotlarni butunlay tozalashi zarur.

“Sms-xabarnoma xizmatini masofaviy o`chirish – STOP 1” xizmatining joriy qilinishi karta foydalanuvchilari mablag`larining xavfsiz saqlanishini ta`minlaydi va mobil telefon raqami yangi mijozga berilganda, u oldingi raqam egasiga tegishli bo`lgan maxfiy ma`lumotlardan foydalana olmasligiga ishonch hosil qilish imkonini beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1