1

Onasi tufayli jinoyatchiga aylanayotgan bolalar

Mutolaa 15.04.2018, 15:15
Onasi tufayli jinoyatchiga aylanayotgan bolalar

Ushbu internatda tahsil olayotgan o`quvchilarning "qora" o`tmishidan ko`pchilik xabardor. O`g`irlik qilgan, janjallashgan, tan jarohati etkazgan…

Bu kabi iboralarni o`quvchilar ham yaxshi biladi. To`g`ri, bu erda hech kim bir-biridan qanday jinoyat sodir etganini so`rab o`tirmaydi. Ammo ko`pchilik yangi kelgan o`quvchi bu erga nima uchun tushib qolganini darrov anglab oladi. Hali 15 ni ham to`ldirmagan bu o`spirinning maxsus maktabga kelishi sababi esa ko`pchilik uchun sir bo`lib qoldi. Abrorning o`zi ham kamgap, hech kimga qo`shilmaydi. Oilasi haqida hali biror og`iz so`z demagan. Atrofdagilar ham undan nimadir so`rashga botinolmay turadi. Faqat bir marta onalar haqida so`z borganda uning ko`zlari chaqnab ketganini bir o`qituvchi sezib qoldi. Bayram arafasi onalarni madh etuvchi she`rlar taqsimlanganda qo`lida she`r misralari yozilgan qog`ozchani shunday g`ijimlab tashladiki, uni qayta ochib o`qish imkonsiz edi. Bu holat ham kimningdir e`tiboridan chetda qolmadi. Uni onani ulug`lab she`r aytishga majbur qilib bo`lmasdi.

Abror ham barcha bolalar qatori onasini yaxshi ko`rib ulg`aygandi. Onasi uni tashlab ketgani yo`q, doim yonida, unga mehribonlik qilardi. U o`n ikki yoshlarida, otasi ko`proq pul topaman, yaxshiroq yashaymiz, degan ilinj bilan Rossiyaga ketganidan so`ng onasi va ukasi bilan qoldi. Dadasi har yili bir kelib turar, boyib ketmagan bo`lsalar-da, oilasida moddiy jihatdan kamchilik yo`q edi. Oradan ikki-uch yil o`tdi. Abror ulg`ayib, oilada o`zida mas`uliyat his qilar, uyda erkak kishi bajarishi lozim bo`lgan yumushlarni o`zim amallayman, deb tirishardi. Shunday kunlarning birida ayasi kim bilandir telefonda tez-tez gaplashayotganini sezib qoldi. Suhbatdosh erkak kishi ekanligi ham ma`lum. Bola o`zini e`tibor qilmaganday, tushunmaganday tutdi. Qarasa, bunday so`zlashuvlar odatiy tus oldi. O`g`lini bola, deb o`ylagan ona telefondagi suhbatdoshi bilan qaerlarda ko`rishishi haqida ham bemalol so`zlay boshladi.

– Ona, bas qiling! – o`g`ilning bu suhbatlarni eshitishga toqati qolmagandi, uning ilk isyoni edi bu.

Keyingi gal suhbatlar yashirincha tus oldi, lekin endi Abrorning ko`nglida shubha oralagan, onasining izidan tushgandi. Bolasining bu qilig`ini bolalarcha rashk deb tushungan ayol pinhon tarzda bo`lsa-da, uchrashuvlarni davom ettirdi. Hali 15 yoshga to`lmagan bola esa oriyatdan azob chekar, o`rtoqlarim onamning bu yurishlarini bilib qolsa, qanday bosh ko`tarib yuraman, deb qiynalardi. Oxiri otasiga qo`ng`iroq qilib, "Onamni olib keting yoki o`zingiz qaytib keling!", deb shart qo`ydi.

Afsuski, ota ham bu gapga parvo qilmadi. Bu holat esa bolaga yanayam qattiq azob berdi. Onasi uydan ko`chaga chiqmoqchi bo`lgan kunlarning birida eshikni tashqaridan qulflab qo`ydi. Bunday holatlar ko`paygach, ona o`z o`g`li ustidan ichki ishlar idoralariga arz qildi. Shu tariqa Abror tarbiyasi og`ir bolalar safiga tushib qoldi. Bu erga kelib qarasa, onasi tufayli aziyat chekkanlar ichida u yagona emas ekan. Kimdir sayoq yurgan onasini begonalardan himoya qilaman, deya kimgadir jarohat etkazgan, yana bir bolakayning onasi giyohvand modda olib o`taman, deya bolasining tanasidan foydalangan…

Bu bolalardan oilasi haqida so`rash juda qiyin, ularga onaning muqaddasligi haqida gapirish befoyda. Ehtimol, yillar o`tib, ularning hayoti izga tushib ketar, kasb-kor egallab, jamiyatda o`z o`rnini topar. Ammo yuragida qotib qolgan iztirobni yillar davolarmikan, dunyoning barcha onalariga qadalgan nafrati susayarmikan? Bir kuni turmush qurib, rafiqasiga qaraganda, yuragidagi iztiroblar qalqib chiqib, barcha ayollarga nisbatan qalbida ildiz otgan ishonchsizlik mehrga rahna solmasmikan?

Bir paytlar notinch oila, bolalar tarbiyasiga salbiy ta`sir qiluvchi ota-onalar deganda erkak kishi tushunilardi. Bugun onalarning ham bu safga qo`shilganini, yana ularning soni ortib borayotganini aytish juda og`riqli.

Raqamlar ham buni tasdiqlab turibdi: 2016 yilda notinch oilalar soni viloyat miqyosida 1400 tani tashkil etgan bo`lsa, 2017 yilda bu ko`rsatkich ikki mingdan oshgan. O`tgan yili jinoyatga qo`l urgan xotin-qizlar soni ham oshgan. Profilaktik hisobda turuvchi farzandlar tarbiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi ota-onalar 324 nafarni tashkil etmoqda.

Tabiatning yuksak in`omi – ona bo`lishga barchaning haq-huquqi bor. Ammo farzandini bir umr ruhan majruh etgan ona bu yuksak nomga munosibmi?

Gulruh MO`MINOVA.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1