Subutsiz shayx

Mutolaa 11.04.2018, 10:11
Subutsiz shayx

Xalq orasida Shayx Jalil boboning dunyoga kelishi bilan bog`liq shunday bir rivoyat yuradi:

“Emishki, Shayx Jalil bobo inson nutfasidan paydo bo`lgan esa-da, pari qizning vujudidan dunyoga kelmish ekanlar. Ul kishining otasi dong`i ketgan shayxlardan bo`lib, ne sababdankim podshoning qahriga uchraydi. Shuning uchun ham uni kimsasiz Qoratovga surgun qiladilar. Bu tog`ni sehrli parilar makon tutgan bo`lib, odam oyog`i etmagan bu zaminda kechalari olov yoqib, raqsga tushar emishlar. O`z inon-ixtiyorisiz parilar maskaniga tushib qolgan shayx ulardan biriga — eng go`zaliga oshiq bo`lib qoladi. Chunki...

Shayx navqiron edi, parizod go`zal. Shayxning shar`iy va dunyoviy bilimi kuchli edi. Tafakkuri esa bundayin muhabbatni butkul rad etardi.

Pari go`zal edi, shayx esa norg`ul. Pari ham unga moyil edi. Lek ilojsiz edi u butkul. Odamzodga ixtiyorini bera olmasdi.

Shayx uning vasli ilinjida aqlini yo`qotdi, bilimidan kechdi, o`zini unutdi. Turmush qurish niyatida tuyg`ularini to`kib-soldi. Biroq pari... qo`rqoq edi. Qavmiga qarshi borishga botinolmasdi.

Muhabbat parizodga kuch berdi. Ko`ndi. Ammo uchta shart qo`ydi:

– Taraganimda sochimga qaramaysan.

– Yuvganimda oyog`imga qaramaysan.

– Uxlaganimda badanimga qaramaysan.

Agar shartlari buzilsa, u bilan yashamasligini aytib ogohlantirdi ham.

Shayx rozi bo`ldi. Olovli sevgi ularni qovushtirdi. Vasl qalblaridagi haroratni bir oz bosganday bo`ldi. Tinchgina yashay boshladilar. Kunlardan bir kuni esa...

Shayx uzoqdan ko`rdiki, xotini sochini tarayapti. Bergan ahdi esiga tushib, ortiga qaytmoqchi bo`ldi. Lek inson zotida qiziquvchanlik doimo ustun kelgan. Shu xislat odamzodga yo pand beradi va yoki yutuq.

...Shayx parini kuzata boshladi. Ne ajabki, pari boshini tizzasiga olib qo`yib, sochini tarab o`tirardi. Hayratda qolgan ul zotning shu erdaligini ko`rgan pari darg`azab bo`lib, ketishga qaror qiladi. Biroq shayx qilgan ishidan pushaymonligini aytib, yalinib-yolvoradi. Pari keyingi ikkita shartni buzmasligi uchun unga qasam ichiradi. Ne iloj bo`lsinki, shayx undagi sinoat qandayligiga juda-juda qiziqib qolgan edi. Garchand, so`zidan qaytayotganiga aqli etsa ham, xotinining har bir qadamini poylay boshlaydi. Shunday kunlarning birida erining kuzatayotganidan bexabar pari qumg`ondan suv quyib, oyoqlarini yuva boshladi. Bu gal ham shayx es-hushini yo`qotdi. Ne ko`z bilan ko`rsinki, xotinining tovonlari yo`q edi. Qaydandir eshitibmidi: parilarning tovoni bo`lmas emish!

...Hayrat ichida nimanidir tushirib yubordi. Pari ikkinchi sharti ham buzilganini sezdi. Endi u oldingidek g`azab otiga minmadi. Erining oldiga kelib, bosiqlik bilan chertib-chertib dedi:

– Men so`zida turmaslik, qasamini buzish, va`dasini unutish faqatgina inson zotiga xosligini yaxshi bilardim. Jumladan, sen ham barcha qondoshlaring qatori bu kabi xiyonatdan xoli emassan. Shuni bila turib, malaklarni tashlab, sen ila turmush qurdim. Ana o`shanda o`zimga jabr qilayotganimni ko`nglim sezgan edi. Xo`sh, seningcha, men nega unday qildim? Sababi o`zingga ayon: seni sevib qolgandim. Endi esa to`xtatib qolishga urinma! Subutsizlik — odam zotining sevimli xatosi. Men esa sen kabi subutsiz bilan butun umr yashay olmayman.

Shayx ko`z yoshi to`kib kechirim so`ray boshladi. Uning ayanchli ahvolini ko`rgan parining ko`ngli yumshadi. Oxirgi marta unga imkon berishini, agar so`nggi shartini ham buzsa, hammasiga chek qo`yishini uqtirdi.

Pari qolmagan bo`lardi-yu, homilador ekanligi uchun ham so`nggi marta sinab ko`rish ilinjida yana ortiga qaytdi. Kunlar shu zaylda o`taverardi.

Bir kuni kechasi shayx negadir uyg`onib ketdi. Oy yorug`ida ul sohibjamolning yuziga tikilib yotar ekan, pari yopinib yotgan ko`rpa sirg`alib tushib ketdi. Shayx odam naslidan edi-da. Odam avlodlari bergan so`zida tura olarmidi?! Odam avlodlari o`zini, ko`zini tiya olarmidi?! Agar shunday qila olganida, u inson bo`lib emas, farishta bo`lib yaralgan bo`lardi.

Shayx ko`zlarini jilovlay olmadi. Parining baliq tanasidek to`rdan iborat vujudi ichida ichak-chovoqlari, hatto endi tug`ilajak farzandi ham aniq-tiniq ko`rinib turardi.

Shayx hushidan ayrildi. Ko`zlarini ochganida esa yonida hech kim yo`q: pari qiz izsiz g`oyib bo`lgandi. U qilmishidan o`kinib, so`nggi pushaymonda qoldi. Ayniqsa, farzandi tug`ilishi kerak bo`lgan vaqt etib kelganida o`zini o`zi la`natlay boshlaydi.

Bir kuni nahorda kulbasidan chiqib, tol shoxida beshik osilib turganini ko`radi. Apil-tapil beshikni erga tushirib, yopichig`ini ochsa... chaqaloq! Bu yaqin orada o`zidan boshqa inson zoti yo`q. Odamlardan ayro yashayotgan shayx bu bola o`ziniki ekanligiga, uni parilar tashlab ketganligiga amin bo`ldi. Shu o`g`liga Jalil ismini berib, voyaga etkazadi. Zehnli, ilmu shariatda tengsiz bo`lib kamolga erishgan shayxning o`g`li keyinchalik xalq orasida Shayx Jalil nomi bilan shuhrat qozonadi”.

Qoratov zaminida takror-takror aytilib kelinayotgan bu rivoyat — juda ko`hna zamonlar afsonasidir.

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1