«Erim – orsiz, men – mardikor, bolam esa...»

Mutolaa 06.04.2018, 13:08
«Erim – orsiz, men – mardikor, bolam esa...»

Samarqandga yaqindagina farzandli bo`lgan dugonamni yo`qlash uchun bordim. Buni qarangki, Toshkentdan bizni olib ketadigan haydovchi ayol kishi ekan. Elakka chiqqan xotinning ellik og`iz gapi qaynaganidek, u bilan yo`l bo`yi gurunglashib manzilga qanday etganimizni ham bilmay qoldik. Haydovchi ayol har kuni uzoq yo`l yurgani bois juda ko`p odamlar bilan tanishishi, ularning hayoti haqida turli-tuman voqealarni eshitishi haqida gapirdi. Mana bu uning hikoyasi...

– Samarqanddan poytaxtga yollanib ishlash uchun keladigan ayollar ko`p. Ularni olib kelib, olib ketib yuraman. Bu ayollarning gaplari, hayotini eshitsangiz, erkak zotidan ko`nglingiz qolib ketadi. Sizga bir ayolning hayotini aytib beraymi?

«Erimning tayinli ishi yo`q edi. Chekadigan sigaretigacha men olib berishim kerak. Bolalarim och-nahor qolib ketsa ham u buning tashvishini qilmagan, hech. Divanga ag`anab olgancha «Choy obkee, ovqat qil», deya televizor ko`rishdan, zeriksa ko`chaga chiqib, bolalarining noni uchun topilmagan pulni topib, ichib kelishdan boshqasiga yaramasdi. Uch farzandim bor, shularni etim qilmay, deb chidadim, erimning o`rniga o`zim ishladim.

Bir kuni odatdagidek, Toshkentdagi mardikor bozoriga keldim. Havo juda sovuq. O`ttizga yaqin ayol ish umidida, pul topish ilinjidamiz. Tushga yaqin «Jip» mashinasida bir kishi keldi-da, 20 tacha ayolning ichidan meni imlab chaqirdi va uyini yig`ishtirish kerakligini aytdi. Xizmat haqimni kelishgach, mashinasiga chiqib uyiga ketdik. Erim shubhaga bormasligi uchun ishga kelganimda doim 5 yashar o`g`lim yonimda bo`lardi. O`sha kuni ham bolamni olib kelgandim.

Biz chiqqan mashina yangi qurib bitkazilgan bir hovlining darvozasi yonida to`xtadi. Ichkariga kirdik. Uy egasi bizga sovun-povun deganday tozalash uchun kerakli narsalarni olib kelib berdi va «Hozir kelaman», deb ustimizdan qulflab ketdi. Men kechga qadar tinim bilmay ishladim, uydagi chang-chunglarni artib, kirlarni yuvdim, hovli supurdim, xullas, yumushlar bilan kuymalanib oqshom kirganini ham bilmay qolibman.

Soat 22 bo`lyapti hamki, uy egasidan darak yo`q. Kech qolib ketyapman, tezroq ijara uyimizga etib olishim kerak. Bolam g`ingshib ortimdan yura-yura charchab, uxlab qolgan. Bir mahal uy egasi kirib keldi. Ichib olgan ekan, shekilli, ko`zlari suzilib, g`alati tirjaydi. Keyin choy damlab berishimni aytdi-da, biroz chayqalib qadam olgancha yotog`iga kirib ketdi.

Choy damlayotgandim. Haligi odam ortimdan kirib kelibdi, payqamabman. Hech kutilmaganda birov ortingdan kelib yopishsa qo`rquvdan o`zingni yo`qotib qo`yarkansan. Rosti, erim yomon bo`lsa ham o`n yil yashab biror marta unga xiyonat qilishni o`ylamagandim, bunday xayolga borishning o`zidan hazar qilardim. Vahimaga tushib, unga qattiq qarshilik ko`rsatdim. Baqiray, desam mehmonxonada o`g`lim uxlab yotibdi, uyg`onsa qo`rqib ketadi. Shunda ham qarshilik ko`rsatishdan to`xtamadim, u esa men istamaganim sayin battar yopishar, hayvondek pishillagancha kiyimlarimni bitta-bitta yirtib otar, sochimni changallab olgan, «Qo`rqma, pulingni beraman, narxingni aytasan, hozir jim tur, meni asabiylashtirma, jonon» deya niyatiga etishga urinardi. Qo`lim bilan ko`ksiga mushtlar, oyog`im bilan duch kelgan joyiga tepardim. U shunda ham to`xtamasdi. Shu on naqadar ojiz, baxtsiz ekanimni o`ylab ko`zlarimga yosh keldi. Aroq hididan ko`nglim aynirdi. G`alati bir charchoq his qildim, taxminan ikki-uch soniya karaxt bo`ldim...

Bir mahal ne ko`z bilan ko`rayki, oshxonaning eshigini qiya ochgancha... bolam, jigargo`sham qo`rquv va savol to`la ko`zlari bilan menga qarab turardi. Miyamda nimadir portlagandek bo`ldi. Meni taslim qilgan soniyalar darhol o`z kuchini yo`qotgani va qaerdandir bitmas-tuganmas bir kuch vujudimga yog`ilib kela boshlaganini his qildim. Ikki qo`limni tepaga ko`tarib, bir zarb bilan oshxona stulini joyidan qo`zg`atdim-da, badanimga zulukday yopishib olgan pastkashning boshiga tushirdim. U o`zini yo`qotdi, boshini changallagancha yotgan joyida yonboshiga ag`anadi va men qo`lidan chiqib ketdim. Bolam hamon mo`ltirab turar, endi uning ham ko`zlaridan marjondek yosh dumalar, unsiz yig`lardi. Tez-tez sochilib yotgan kiyimlarimni yig`ib, avratimni to`sdim-da, jon holatda bolamni etaklab oshxonadan chiqdim. Eshik yonidagi javonda osig`liq turgan paltomni kiydim. O`g`lim ikkimiz yugurib hovliga chiqdik. Qarasak eshik qulf...

Nima qilarimni bilmay hovlida turib olgancha baqirdim: «Yordam bering, odamlar yordam beriiing!», deya. Oradan bir daqiqa o`tar-o`tmas hovlining darvozasi taqilladi.

– Tinchlikmi, nima bo`ldi? Eshikni oching, kimsiz? Tolibboyga kim bo`lasiz? – dedi tashqaridagi odam.

– Men... men hech kim, uyini tozalashga kelganman. U menga tashlandi, qochishim kerak, yonimda bolam bor, iltimos, yordam bering, kalitni topolmayapman, – deya yolvordim.

– Singlim, qo`rqmang, qo`rqmang, men shu erdaman, hozir, hozir milisiya chaqiraman, siz faqat qo`rqmang, xo`pmi? Bolangizni qo`rqitib yuboryapsiz, yig`lamang, singlim, men shu erdaman, hozir, hozir ochamiz, eshikni.

Uy ichkarisidan sas-sado yo`q. Bolam ikkimiz qo`rquv va sovuqdan dag`-dag` titrardik. Bu orada milisiya mashinasi etib keldi va temir darvozani buzib ochishdi. Keyin birgalikda uy ichiga kirdik. Bolamni qo`shni xotin ushlab turadigan bo`ldi. U «aya, ayalab» yig`lagancha qoldi. Uyga kirsak, haligi to`ng`iz oshxonada – o`sha joyda xurrak otib yotar, boshi qonga belangan edi. Shundagina uni o`ldirib qo`yishim ham mumkin edi-ku, degan xayol miyamga kelibdi.

Bizni so`roq qilishdi, tushuntirish xati yozdik. Keyin yordam so`raganimda birinchi bo`lib etib kelgan haligi odam o`g`lim ikkimizni mashinasida ijara uyimizga olib borib qo`ydi...

Endi aqlim kirgandi. Endigina tushungandim – shuncha yil bolalarim, ularning kelajagi uchun yashabman, tirik etim qilmay, debmanu aslida, farzandlarimning istiqboliga o`zim bolta uribman. Hech bir onaga, hech bir ayolga, hatto dushmanimga ham bunday qismatni ravo ko`rmayman. Bolaginam besh yoshida, bir kunda, bir lahzada ulg`ayib qoldi. O`zi bilmagan va o`zi istamagan holda ko`zi ochildi. Onasini ... shunday holatda ko`rganidan beri jim, xomush, hech kimga qo`shilmaydi, avvalgidek bag`rimga otilib, kechalari «Qo`lingizni ushlab yotay, ayayaya!» deya erkalanmaydi, o`rtoqlariga qo`shilib o`ynamaydi, qiqirlab kulmaydi. Yaxshiyam, akasi rasm chizishni o`rgatib qo`ygani, har kuni bog`chadan kelishi bilan daftar-qalamini chiqarib rasm chizishga tutinadi, shu bilan dunyolarni unutadi.

Uni kechirmadim. Umrimning o`n yilini o`g`irlagan, hayotimni do`zaxga aylantirgan, aybsiz aybdorlik yukini bir umr elkamga ortmoqlab yurishga mahkum qilgan odamni kechirmadim. Uni erim deyishga tilim bormay qoldi. O`sha kuni uyga qaytishim bilan yuk-jandug`imni yig`ishtirayotib bu gapni o`ziga ham aytdim: «Bugundan boshlab men sening jufti haloling emasman! Bilib qo`y, men hozir birovning qo`ynidan chiqib kelyapman, senga xiyonat qildim, yuzingga tupurdim, eshityapsanmi?! Sen aybdorsan, bildingmi, sen aybdorsan! Men bunday bo`lishini xohlamagandim. O`n yil yashab biror marta yuzingga oyoq qo`ymadim, sha`ningga zarracha dog` tushirmadim! Lekin sen bilmading, bilmading, buni! Bugungisi oxirgi nuqta bo`ldi...».

Erim biroz angrayib turdi, keyin esa «Nega? Nima bo`ldi? Bu nima deganing? Nima uchun bunday qilyapsan? Qanaqa xiyonat? Ishonmayman, yolg`on gapiryapsan! Men bilan yashashni istamay qolgan bo`lsang, boshqa bahona top, bunday deb dilimni og`ritma...», deb yolvorishga tushdi. Oyog`imga tiz cho`kdi, «Endi o`zgaraman, ishlayman, senlarni o`zim boqaman, ketma, bolalarimdan ayirma, meni...»lab yig`i-sig`i qildi. Kech edi, juda kech edi. Chunki men bu qarorga o`zim, o`z xohishim bilan kelmadim, taqdir meni shu ergacha olib keldi, oilamiz allaqachon qulab bo`lganini, endi bir tom ostida yashash imkonsizligini yuzimga oyna tutib, o`sha yuzsiz erkak misolida ko`rsatib berdi. Men shu lahzalarda o`tgan o`n yillik hayotim, erim bilan kechirgan yaxshi-yomon kunlarim, uni bir umrga tark etayotganim haqida o`ylamasdim. Bolam, mittiginam, onasiga hayvondek tashlanganlarining guvohi bo`lgan, uni juda jirkanch, kechirib bo`lmas holatda ko`rgan o`g`limnigina o`ylardim. Ertaga uning ko`ziga qanday qarayman? Hozir u shunday yoshdaki, ko`rgan-kechirganlari xotirasiga toshga o`yilgan naqshdek muhrlanib qoladi, u kunni, o`sha mash`um kunni unutmaydi. Pul dardida begona erkakka ishonib, uning uyiga kirib borgan onasini kechirmaydi, ha, kechirolmaydi. Istasa ham buning iloji yo`q...»

– Bilasizmi, nima, – gapida davom etdi haydovchi ayol. – Ajrashgan ayolni hamma ayblaydi, engiltak, oxirini o`ylamay ish qilganga chiqaradi. Lekin surishtirib kelsangiz, yaxshi erdan hech kim voz kechishni istamaydi. Menimcha, oilasi buzilgan ayollarning to`qson foizi o`z aybi va xohishi bilan emas, eri tufayli shu qarorga keladi. Buni sizga men – odamlarning ichida, har kuni ular bilan hamnafas, hamsuhbat bo`layotgan odam aytyapman. Ishoning, erkak kishida or bo`lsa, u hech qachon oilasini ko`chada qoldirmaydi, jufti halolini birovlarga xo`rlatib qo`ymaydi. Hech qachon!”

Muborak OXUNOVA yozib oldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1