1

Hayotiy hikoya: Hayo pardasi ko`tarilmasin

Mutolaa 04.04.2018, 17:22
Hayotiy hikoya: Hayo pardasi ko`tarilmasin

Bolalar axloqiy tarbiyani muhitdan olishadi,

boshqacha qilib aytganda, bolalar suvga o`xshaydilar,

suv idishning shaklini olganidek, bolalar ham

muhitning odob – axloqini qabul qiladi.

Abdurauf Fitrat

To`lin oy. Kuzning sho`x shamoli o`z kuyi bilan esmoqda. Hayotga intilayotgandek shohdagi barglar lola bargidek hilpiramoqda. Yo`lakdagi gullar atrofga kelinchakdek egilmoqda. Sovuq havo oqimi ayoz bobodan darak bermoqda. Qorasi ko`rinayotgan bir-ikki piyodalar ham og`zidan bug` chiqarib, junjikib ketishmoqda. Hayollarni chalg`itish uchun musiqa sadosi yangrasada, orqa o`rindiqdan “uh-h” degan ingrash ovozi eshitilmoqda. Sobir aka moshinani qanchalik mohirlik bilan boshqarmasin, vaqt imillab o`tayotgandek tuyulmoqda. Navbatchi do`xtirlar bemorni zudlik bilan muolaja xonasiga olib kirarkan “kutib turing” degandek qo`shnisining o`g`li arang qo`li bilan ishora qildi.

Shifoxona ostonasida g`amgin, o`ychan o`tirgan qora ko`zlarni ko`rib Sobir aka tan sihatlik cheksiz baxt ekanligiga yana bir bor amin bo`ldi. Sovuq havo ta`sirini o`tkazdimi, negadir ko`ngli issiq choyni tusadi. Moshinani ohista boshqararkan, ulkan bino erto`lasining qiya ochilgan eshigidan, oshpazning qora qozonidan chiqayotgandek bug` chiqayotganiga ko`zi tushdi. Zinapoyadan pastga yo`nalarkan, ikkita barzangi yigit:

— Qaerga? - deya yuzlandi.

— Choy ichgani.

Yigitlar elka qisgandek bir – biriga yuzlandi. Sobir aka devorga chizilgan ulkan ajdarhoni ko`rib yuragi seskandi. Ajdarho vajohatli termular, og`zidan olov purkab turardi. O`tkir tirnoqli panjalari boshingiz uzra shaylangandek. Qoyatosh ustida hissiz yotgan suvparining suqli nigohlari sizni ta`qib qilmoqda. Ichkariga odimlarkan, bursiqib ketgan tamakining achchiq hidi dimog`iga urildi va beixtiyor yo`taldi. Quloqlarni qomatga keltiruvchi musiqa sadolari ostida, yosh yalanglar loyni tepkilayotgan Hakim paxsachidek harakat qilardi. Atrofni kuzatarkan kimdir imlayotganini sezdi va sekin yo`naldi.

— Birinchi kelishingizmi?

— Ha.

— Nima ichasiz?

— Choy...

— Bu er choyxona emas.

— Kofe...

— Mana kofe.

Ha, bu joy chehralardan hayo pardasi sidirilgan, or-nomus, ibo, adab xilqatidan mosuvo bo`lgan makon edi. Qaynoq kofeni labiga tutarkan, atrofni kuzatishni davom etdi. Yoniga hushtori bilan suykalishib kelgan to`satdan qiyqirib kulgan qizning qoziq tishlari-da ko`rinib ketdi. Chiroqlarning lippilab o`chib-yonishida qizning tipratikondek sochlari qizilga bo`yalgani, ibo-latofat pardasi so`tilgan ko`zlarda, hirs o`ti balqib turar, suvsagan tuyadek o`tkir hidli stakandagi ichimlikni simirar edi. Qizning hayosiz kiyimidan qoshi chimirilgan Sobir aka yigitga yuzlandi.

Alpqomat, shalpaygan vujudning ko`zlari qashqirdek maqsadli boqmoqda. Hilol oydek soqol qo`ysada, og`zi chetidan paravozdek tutun chiqmoqda. Lo`mbozga loy bosayotgan hasharchidek peshonasiga lattani tang`ib olgan. Fransuz konyagini ho`plaganda tomog`idagi chayon tatuirovkasi harakatga kelgandek. Tarang futbolkasiga odam bosh chanog`ining surati tushirilgan , ko`k shimi ham jiydazordan chiqqandek titilgan edi.

Qiziq..., kaskali yigit boshi bilan charxpalakdek chunonam aylandiki, oyoqlari vertolyot parragining o`zginasi. Ajabo...,bu qiz bog`da olma terayotgandek o`ynasa, yonidagisi to`k urgandek harakatlanmoqda. O`yin ham har xil bo`larkan-da.

Atrofdagi bu yuzlarda zarracha hayo hilqati ko`rinmas, liboslari xijolat bo`lgudek, ayyorona ko`zlar suzilgan edi.

Xona o`rtasida yuqoridan bir to`p rangli chiroqlar yulduzlardek yog`du sochmoqda. Ko`zlar quyi tusharkan Sobir aka daxshatdan titrab ketdi... Yoshgina juvon chaqalog`ini bag`riga olib emizardi. Go`dak jamalak sochlarni o`ynoqlab yutinib-yutinib qo`yarkan, munchoqdek ko`zlari bilan bo`ridan qo`rqqan qo`zichoqdek atrofga termulardi. O`jar asov otdek taralayotgan kuy ohanglari go`dakni holi qo`ymasdi. Sharqirab oqayotgan zilol suvdek bola yana ona bag`riga talpinardi.

Eh, qalblar chirog`i bo`lgan, ona allasidan bebahra bo`lgan bolajon...,dunyo qanchalik keng bo`lmasin onasi bag`ri ham torlik qilayotgandek edi.

Telefon jiringladi.

— Allo...

— Qo`shni, qaerdasiz?

— Hozir.

Sobir aka yuqoriga ko`tarilarkan, qalbida nidolar buloqdek qaynay boshladi. Ey odamlar, jondan aziz farzandlarimizni ko`z qorachig`idek asraylik. Murg`ak qalblariga yaxshilik urug`ini qadaylik, toki mardlik, adab-axloq, ko`zlarida sharmu hayo iforlari bo`ylab tursin.

Toyirjon TUNGATOV

O`MI Matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1