«Voyaga etdim. Otamni ko`rgim kelayapti!»

Mutolaa 28.03.2018, 11:12
«Voyaga etdim. Otamni ko`rgim kelayapti!»

Yoshim 19 da. Ota-onam chaqaloq vaqtimda ajrashib ketishgan. Dadamni yoshligimdan ko`rmaganman. 16 ga to`lib, pasport olganimda otam bilan uchrashishni juda istadim va uylariga bordim. Qo`rqmay borganimning sababi ular meni ko`p marotaba chaqirtirgan, eski hovlimizga ham qidirib borgan edi. Shuning uchun ularda ham hohish bor deb o`yladim. 15 daqiqacha gaplashdik. O`sha payti juda-juda xursand edim. Ota mehrini his qilgandek bo`ldim. Endi topishdik, bir umrga otamdan ayrilmayman, deya o`ylagan edim. Afsuski, o`sha kundan keyin otam boshqa telefon qilmadilar. Keyin raqamim o`zgardi, balki topa olmayotgandirlar, yana bilmadim. O`zim qo`ng`iroq qilganijur`atim etmadi. Chunki eshitishimga qaraganda, dadamning xotini biz uchrashganimizdan keyin arazlab ketib qolibdi. Qarindosh-urug`lari esa meni biror narsa undirgani kelgan, deyishibdi. Ishonsangiz, shu yoshimgacha onam dadamdan bir so`m aliment yoki yordam puli olmaganlar. Hamma narsamni bekami-ko`st qilib voyaga etkazdilar, hech kimdan kam joyim bo`lmadi. Ular aytgan gaplar mening xayolimga ham kelmagan edi. Endi dadam bilan yana ko`rishishni hohlayman, onda-sonda gaplashib tursak deyman... Lekin men sabab oilalari buzilishidan qo`rqaman. Nima qilsam bo`ladi? Iltimos, maslahat bering...

Ruxshona

Bu shunchaki shikoyat emas, bu — yurakdan otilib chiqayotgan nido. Farzand otaga talpinayapti, katta bo`lib, voyaga etib, aqlini tanigandan so`ng ongli ravishda talpinayapti. Ammo vaziyat, odamlar, sharoit bunga imkon bermayapti. Bundan ortiq adolatsizlik bormi? Tahririyatimizga kelgan ushbu murojaatdan so`ng biz na farzandning, na otaning sobig`i bo`lmasligini yodda tutgan holda taqdir taqozosi bilan otasidan yiroqda katta bo`lgan, ulg`aygach o`z padari bilan topishishni istayotgan insonlar muammosini tilga olishga qaror qildik. Yuqoridagi mushtariyimiz muammosi istisno holat emas, afsuski, hayotda bundaylar uchrab turadi: voyaga etganda ham o`z otasi, onasiga, jigarlariga etisha olmayotganlar qancha? Biz etni tirnoqdan ajratayotgan har uch tomon: ota, ona va o`gay onaga murojaat qilmoqchimiz.

Ota: ko`zdan nari – ko`ngildan narimi?

Shunday gap bor: ota mehri ona mehridan kuchsizroq, erkak farzandlarini oson unutib yuboradi. Lekin bu fikrga qo`shilish qiyin. Bunday otalar juda kamchilikni tashkil qiladi. Erkaklar farzandini ayollardan kam yaxshi ko`rmaydi. Faqat erkak kishi emosional jihatdan egiluvchan emas, ular tuyg`ularini izhor qilishni bilishmaydi. Farzanddan ayriliqqa ular irodali bo`lganliklari uchun ham chiday oladilar. Lekin deyarli har bir ota, agar u aroqxo`r yo giyohvand bo`lmasa, ya`ni shaxs sifatida etuk bo`lsa, farzandini o`zi tarbiya qilishni, ularning tarbiyasida faol ishtirok etishni istaydi.Faqat onalarning boladan o`z manfaatlari yo`lidan foydalanishi, farzandning otasi bilan uchrashuviga qarshilik qilishi tufayli ular ajrashgandan keyin bolalari bilan ko`p uchrasha olmaydilar. Yuqorida murojaat qilgan qahramonimizning otasi juda kichkinalik paytida uning hayotidan chiqib ketgan va ma`lum sabablarga ko`ra qizining tarbiyasida ishtirok eta olmagan. Mayli, sabablar naqadar salmoqli bo`lmasin, bo`lar ish bo`ldi. Endi farzand o`zi aqlini tanib otasiga talpinmoqda. Xo`sh, nega bolasini ko`rish uchun bir necha bor harakat qilgan, uni izlagan ota 15 daqiqalik suhbatdan so`ng ishtiyoqi so`ndi, uni ko`rish uchun bahona izlamay qo`ydi? Gap faqat uning xotini yo qarindoshlaridami? Ularda ham gap ko`p. Ammo asosiy sabab yana erkak kishining psixologiyasiga borib taqaladi. Ota chaqaloqligida yo`qotgan qizini topdi, atigi 15 daqiqagina gaplashganini tushunsa bo`ladi: hayajon, yangi vaziyatga ko`nikish qiyinligi, o`ng`aysizlik bo`lgandir balki. Qolaversa, erkaklar o`zgarishlarga, stresslarga chidamli emaslar. Endi nima bo`ladi, nima qilaman degan xayollar og`ushida qolgan bir vaqtda ham xotini, ham qarindoshlari tomonidan bosimga uchragan va... hech nima qilmay qo`ygan. Ya`ni qilajak har bir harakatidan so`ng kimgadir yomon bo`lishi ehtimoli uni qo`rqitgan. Ahvolni battar chigallashtirmaslik uchun erkak jim turibdi. Lekin endi haqiqiy erkaklikni ko`rsatish vaqti keldi. Ota vaziyani shunday taqdim qilishi kerakkki, xotini ham, boshqalar ham buni real bir voqelik deb qabul qilsinlar. «Ha, u mening farzandim, bir parcham. Undan voz kecha olmayman. Bu xotinimdan, oilamdan voz kechaman deganim emas. Shunchaki, uni qabul qilinglar, tamom». Shunday deyish kerak.

Ona: bola faqat sizniki emas!

Unutmang, farzand sobiq bo`lmagani kabi ota ham sobiq bo`lmaydi (buvi, bobo, amma... lar ham). Ammo onalar, negadir, buni unutib qo`yishadi. Sizga yoqadimi, yo`qmi – baribir, farzandingizning otasi va ota tomondan qarindoshlari uni ko`rib turishga haqlari bor. Biz farzandini yolg`iz katta qilgan, sobiq eridan bir tiyin yordam puli olmagan ayolga bunday achchiq gaplarni bekorga aytmayapmiz. Chunki yuqoridagi maktubdan ko`rinib turibdiki (aslida, hayotda ham ko`p uchraydi bunday holat) oila ajrashgach, farzand otasidan judo bo`lgan. Ko`pincha ayollar shu yo`l bilan sobiq erlaridan o`ch olishadi. Balki siz unday qilmagandirsiz, ammo bola otasini ko`rmay katta bo`lganida sizning aybingiz yo`q, deya olmaymiz. Qizingizning otasi uni bir necha bor izlaganda yo`lini topib ko`rishtirish kerak edi. Shunda qizingiz hozirgidek bir nima ta`ma qilib otasini izlab keldi, degan malomatlarga qolmas edi. Har holda, bolani otasiga ko`rsatmay nafaqat sobiq erga, balki farzandingizga ham jabr qilasiz, aziz ayollar. Bola manfaati hamma narsadan ustun, sizning kibringiz, alamlaringiz, qasos tuyg`uingizdan-ku, inchinun. Shunday ekan, xudbinlik qilmay, bolalar yoshligida ularni otasiga esh qilib o`stirish kerak. Bundan farzandingizga foyda bor: u o`zini nafaqat onasi, balki otasi tomonidan ham sevimliligini his qilib yashaydi, o`ziga bahosi ortadi. Erkakning yangi oilasi ham avval boshdanoq bunga ko`nikadi. Natijada, farzand voyaga etgach, buning uchun sizdan faqat minnatdor bo`ladi, xolos.

O`gay ona: erga tegayotganda bilmaganmidingiz?

Albatta, qahramonimizning o`gay onasi turmushga chiqayotganda erining avval uylanganini, farzandlari borligini bilgan. Hamma ayollar biladi, lekin baribir hamma ayollar erini avvalgi oilasiga, o`sha turmushdan bo`lgan farzandlariga rashk qiladi. Istisno holatlar bo`lishi mumkin, lekin bunday tushungan ayollar kam. Eri farzandi bilan uchrashsa, unga g`amxo`rlik ko`rsatsa, ayol buni xuddi o`z oilaviy hayotiga xavfdek qabul qiladi. Ba`zilar hatto «Bolalarimning rizqini qiyib o`sha farzandlaringizga tashiyapsiz» deyishgacha borishadi. Kechirasiz-u, siz biror erkakni deb farzandlaringizdan voz kechgan bo`larmidingiz? Voz kecha olganingizda ham, ularni o`ylamasmidingiz, sog`inmasmidingiz? Ota mehri onanikidan kuchsiz deb kim aytdi sizga? Siz eringizning avvalgi oilasiga hadeb diqqatni qaratavermang. Ha, avval uylangan, ajrashgan, ammo qayta borib u ayol bilan yarashmagan, u oilasini tiklamagan, aksincha, yangi hayot boshlab sizni tanlagan, shuncha yildan beri siz bilan yashab kelayapti-ku. Turmush o`rtog`ingizning sizning bolalaringizdan tashqari yana kimgadir otaligi faktini o`zgartirolmaysiz, buni qabul qilmay ilojingiz yo`q. Qabul qilsangiz, o`sha farzandlar uyingizga kelib yotib olishmaydi. Ayniqsa, endi oyoqqa turib, voyaga etib, esini tanib olgan insnlar o`z haddini bilishadi. Ularga ota mehri kerak. Albatta, siz tortib olmagansiz u mehrni. Lekin sizning farzandlaringiz kabi uning ham otasiga nisbatan mehri va haqqi bor. Bo`lishasiz, ilojingiz yo`q. Agar shu insonlarni xuddi eringizning boshqa qarindoshlari kabi qabul qila olsangiz, ularga shirin so`zingizni ayamasangiz, turmush o`rtog`ingiz buni qadrlaydi, sizga muhabbati ortadi. Aksincha, uni jigarporasidan judo qilish uchun turli ultimatumlar o`ylab topa boshlasangiz, eringiz sizni tanlagani bilan, baribir, yuragining bir cheti kemtik bo`lib qoladi, butun umr sizga nisbatan kek, alam saqlab yurishi mumkin.

ShAHINA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1