1

«Yordam bering, yo`talim o`tib ketmayapti...»

Salomatlik 16.03.2018, 11:14
«Yordam bering, yo`talim o`tib ketmayapti...»

Yo`tal organizmning o`ziga xos himoyasi. Shu yo`l bilan u nafas olishni yaxshilaydi. O`tkir shamollashda yo`tal quruq bo`lishi mumkin. Keksalarda ko`pincha yo`talning ana shunday turi kuzatiladi. Bezovtalik davom etishiga qarab farqlanishi mumkin. Misol uchun, o`tkir yo`tal besh kun kuzatlib, so`ng o`tib ketadi. Uzoq davom etadigan yoki surunkali (mavsumda) qiynaydigan turlari esa bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi ehtimoldan holi emas. Shamollash va yuqumli kasalliklarga aloqasi bo`lmagan allergik yo`tal ham odamni ancha iztirobga qo`yishi mumkin. O`qtin-o`qtin qiynaydigan tungi yo`tal esa bir qator kasalliklar haqida darak beradi.Nam yo`talni davolashda yallig`lanishga qarshi dori-darmonlardan foydalansak, quruq yo`talda tarkibida tinchlantiruvchi vositalar bo`lgan dorilar talab qilinadi. Ya`ni, har bir yo`talning o`ziga xos davosi bor. Bu haqda shifokor-terapevt Shahnoza SAIDOVA yanada batafsil ma`lumot beradi.

BEZOVTALIK QANDAY BOShLANADI?

Yo`tal yordamida nafas yo`llarimiz ortiqcha balg`am va mikroblardan tozalanadi. Agar mikrob xalqumning orqa qavatini zararlagan bo`lsa, tomoq yallig`lanadi. Ana shunda faringit yuzaga keladi, yo`tal yuzaki bo`ladi. Bordi-yu, infeksiya ovoz paylarini zararlagan bo`lsa, darrov laringit boshlanadi. Bunda yo`tal ham ancha iztirobli bo`lib, ketishi qiyinroq kechadi. Aynan shu davrda kasallikni davolasangiz, marra sizniki. Yo`taldan atigi 3 kunda xalos bo`lishingiz mumkin. Aks holda kasallikni o`tkazib yuborib, bronxitga yo`liqasiz-u, yanada og`riqli yo`talni orttirib olasiz.

Bilasizmi:

10 kundan beri qiynaydigan yo`tal – tanada infeksiya borligini bildiradi. Bu holat 2 hafta davom etsa, gap surunkali yo`tal haqida ketadi.

QO`ZG`ATUVChI OMILLAR...

Yo`talning boshlanishiga chang-to`zon, viruslar, bakteriya va mikroblar, allergik moddalar sababchi bo`ladi.

AGAR YO`TAL QURUQ BO`LSA..

Bu holat xalqum yallig`langanda, bronxlar shamollaganida, allergik kasalliklarda, bronxial astmada, nafas yo`llarida o`sma kasalligi paydo bo`lganda, ko`kyo`tal, qizamiqda, ba`zan esa gijja ko`payganda yuz berishi mumkin. Bundan tashqari, kashandalarda hamquruq yo`tal kuzatiladi. Bu ko`proq uyqudan keyin yuz beradi.

TEZROQ ShIFOKORGA!

Agar yo`tal:

*davo choralarini qo`llagan paytdan boshlab, 2 haftadan beri to`xtamasa;

*yo`tal tana harorati, nafas bo`g`ilishi, ko`krakda xushtak chalish bilan birga kechsa;

*balg`am yiringli, qontalash bo`lsa;

*bolada 3 daqiqada ham to`xtamayotgan yo`tal paydo bo`lsa;

*yo`talganda ko`krakda og`riq sezilsa, darrov shifokorga borib, tekshiruvlardan o`tish kerak. Yo`tal ko`zdagi mayda qon tomirlarning yorilishiga olib kelib, homiladorlikda noxush holatlarni paydo qilishi ham mumkin.

Bu muhim!

Yosh bolalarda quruq yo`talning paydo bo`lishiga ahamiyat berish kerak. Bolakaylar erdan topib olgan mayda narsalarni yutib, natijada nafas yo`llari zararlanishiga duchor bo`lishadi. Xalqumga yot jismlar kirganida tezkorlik bilan bolani shifokorga olib borish kerak. Aks holda, bo`g`ilish yuz berishi hech gapmas.

Quruq yo`talning aniq sababini aniqlash uchun erinmay to`laqonli tibbiy tekshiruvdan o`ting. Shifokorning ko`rsatmalariga qarab, terapevt, allergolog ko`rigi tavsiya etiladi. Quruq yo`talni davolashda kasallik turiga qarab, virus va yallig`lanishga qarshi dorilar, antibiotiklar, yo`talni to`xtatuvchi mukolitik hamda allergiyaga qarshi antigistamin vositalar buyuriladi.

XALQONA DAVOSI

Agar yo`tal shamollash va yallig`lanish bilan bog`liq bo`lsa, pishgan kartoshka bug`ida nafas olish, ko`krak sohasiga spirtli kompress, asalli sut ichish yordamida davolanish oson. Lekin bu muolajalarning birontasi laringit yoki allergik kasalliklarda davo bo`lolmaydi, aksincha yo`tal hurujini davomli va iztirobli bo`lishiga olib keladi. Shuning uchun birinchi galda yo`talingizga tashxis qo`ydiring. Garchi tekshiruv muolajalari vaqt olsa-da, yaxshisi, tashxisni bilib, keyin davo choralarini qo`llash kerak.

«BALG`AM AJRALIShIDAN ChARChADIM»

Namli yo`tal – bronxit, zotiljam kasalliklari uchun xos. Agar yo`tal paytida ko`krak qafasida kuchli og`riq sezilsa, bu o`pka kasalliklariga ishora bo`lishi mumkin. Balg`amli yo`tal tumov bilan birga kechsa, bu gripp, shamollash, ba`zan esa mushuk, it juni, o`simlik va uy changi, par ko`rpa-yostiq yoki biron mahsulotga bo`lgan allergik ta`sirdan kelib chiqadi. Agar yo`tal bir yonboshda yotganingizda paydo bo`lib, holatni o`zgartirganda yo`qolsa, o`pkani tekshirtiring.

BOLALARDA-ChI?!

Bolaning burniga yallig`lanishga qarshi tomchi dori tomizilsa, balg`amli yo`tal to`xtaydi. Kichkintoyning tishlari chiqayotganida ham balg`amli yo`tal kuzatilishi mumkin. Lekin aksariyat hollarda yo`talning bu turi surunkali shamollash haqida darak beradi. Bunday paytda qo`lga momiq qo`lqop kiyib uni isitilgan zaytun yoki paxta moyiga botirib, bolaning ko`krak qafasi, elkalari, tovonlari uqalanadi.

ALLERGIK TURI MAVSUM TANLAYDI!

Yo`talning bu turi mavsumlar o`zgarganda yanada qo`zg`ashi mumkin. Bunga sabab bahorda gullaydigan o`simliklar va daraxtlardan ajraladigan gul changi bo`ladi. Yozda esa ba`zi manzarali daraxtlar va o`t-o`lanlardan ajraladigan urug` changi sabab bo`ladi. Agar allergiyasi bor bolaning yo`tali tunda kuchaysa, bunga u yotgan xona havosining quruqligi yoki yostiq, ko`rpasi «aybdor». Ularning paxta yoki pardan bo`lmasligiga ahamiyat bering. Uyni har kuni nam latta bilan tozalash, bug`li changyutkichdan foydalanish va yuzasi silliq gulqog`ozni devorga yopishtirish yoki ekologik toza bo`yoqlar yordamida devorlarni bo`yash lozim. Shuningdek, uyda namlik bo`lmasligiga ahamiyat bering. Bu ham mog`or bosishiga olib kelib, yo`talni kuchaytiradi.

TAVSIYa: allergik yo`taldan saqlanish uchun ko`chadan kirgach, burun va tomoqni qaynatilgan iliq suvda 3 marotaba yaxshilab chayish kerak.

TUNGI XURUJLARDA NIMA QILAMIZ?

Tongga yaqin yuz beradigan yo`talning sababi kuchli shamollash, nafas yo`llari kasalliklari, noto`g`ri yotish, par yostiq, namlik yoki aksincha ortiqcha issiq havo, allergik kasalliklar sanaladi. Ayniqsa, bronxial va allergik astmada, ba`zan esa yurak kasalliklarida kuzatiladi.

Agar bu holat bolada yuz bergan bo`lsa, issiq suv, sut berish yoki issiq suv ustida 2-3 daqiqa nafas olishiga qo`yib berish kerak. Albatta, bu holat haqida tezroq shifokorga xabar berib, tegishli chora ko`rish muhimligini ham yodda tuting.

YoRDAMChI ChORALAR

Yo`talda, albatta, yotish rejimiga rioya qilish kerak. Kun davomida 2 litrgacha S vitaminiga boy damlama, kompot, mevali qaynatmalar ichish juda foydali. Tomoqni tuzli suvda chayish yo`talning har bir turida koni shifo. Yoki furasilinli eritmada chayishingiz mumkin. Bu muolaja, hatto, davosi nozik bo`lgan laringit kasalida ham kor keladi.

Iloji boricha, nafas gimnastikasidan foydalaning: bunda engil nafas olib, uni uzoqlik bilan chiqarish, keyingisida qorinni shishtirib, chuqur nafas olish lozim. Qo`llarni oldinga, orqaga xuddi suzayotgandek harakatlantirish yo`talning to`xtashiga xizmat qiladi.

Bilasizmi:

*quruq yo`talda: anjirni sutda qaynatib, yarim piyola mineral suv qo`shib ichiladi;

*nam yo`talda «yulduzcha» balzami yordamida qilingan bug`li muolajalar kor qiladi;

*tungi yo`talda oyoqqa vanna qilish yaxshi yordam beradi;

*shamollash bilan bog`liq yo`talda bir hafta davomida moychechakli damlama ichishingizmumkin;

*kashandalar yo`talida yalpiz vva asrlonquyruq damlamasi asqotadi;

*agar yo`tal homilador ayolda kuzatilsa, zig`ir yoki shivit urug`idan damlama tayyorlab ichish mumkin. Xuddi shu muolaja emizikli ayolga yordam beradi.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1