1

Sopol mushukcha

Mutolaa 14.03.2018, 10:35
Sopol mushukcha

Bolalaringizdagi sho`xlikni o`ldirsangiz, hech qachon donishmandlarni voyaga etkazolmaysiz.

Jan Jak Russo

U juda sho`x edi, yo`q-yo`q, haddan ortiq tinib-tinchimas, benihoya shumtaka, biroq yoqimtoy va odamshavanda bola edi.

Kichkina bo`lishiga qaramay atrofida ro`y berayotganlarni o`z-o`zicha tushunishga harakat qilar, odamlarga qo`lidan kelgunicha yordam berishga oshiqardi. Kimgadir ozgina ko`mak bera olsa, o`zining bu ishidan huzurlanardi. Uni hamma: qo`ni-qo`shnilar, qarindoshlar, tanigan-bilganlar yaxshi ko`rib erkalashardi.

Ammo shu kunlarda ota-onasi ko`p janjallashib qolishayapti-da. Oyisining ko`zida doim yosh. Ba`zan uni bag`riga bosib, yum-yum yig`laydi, ammo hech nima demaydi. Bola aqli bilan onasini qanday qilib bu rutubatdan olib chiqish haqida o`ylab yuribdi. Biron tadbir topolsaydi. O`zi bosh qotirmasa bo`lmaydi, singillari nimanidir tushunadigan yoshda emas.

Dadasi g`alatiroq bo`lib qolgan. Bir kuni ota-onasining navbatdagi janjaliga guvoh bo`lib qoldi. Ularning xonasidan oyisining jahl aralash gapirgani eshitildi:

– Nega chekasiz shu zahri qotilni, bolalarni, meni o`ylasangiz-chi, bunaqada xonavayron bo`lib, mahalla-ko`yga sharmanda bo`lamiz-ku. Bir kunimizga yarar deb yig`ib qo`yganimizni ham havoga sovurib bo`ldingiz.

– Sekinroq gapir, bolalarning oldida shallaqilik qilib tomosha ko`rsatmay, yaxshisi to`yga deyilgan pulni olib chiq.

– To`yga deyilgan pulni?! Uni nima qilmoqchisiz, axir bahorda o`g`il to`yi qilmoqchi edik-ku.

– Bahorgacha hali bor. Olib chiq, dedim senga.

– Nimaga ishlatmoqchiligingizni ayting.

– Ko`p gapirma, tez bo`l, qo`zg`al...

– Yo`q, hech qachon... Bermayman.

So`ng olatasir to`polon ovozi eshitildi, birpasdan keyin esa ko`cha eshigi qattiq yopildi... Xayriyat, dadasi ketdi. Endi narigi xonadan faqatgina onasining piq-piq yig`lagani qulog`iga chalinardi, xolos. Bir oz o`ylanib turib, oyisining yoniga kirdi.

– Dadang kecha televizorni sotgandi. Bugun esa bor-budimizni olib chiqib ketdi, – oyisi unga hasrat qilib.

– Oyi, men savdoni o`rganmoqchiman, – dedi bir oz ikkilanib turib.

– Nega o`g`lim, uni o`rganib nima qilasan?

– Hozir yozgi ta`tildaman, istirohat bog`ida muzqaymoq sotsammi, deb o`ylab yuruvdim. Yoki kompot qaynatib bersangiz, bozorda sotib kelardim. Kun issig`ida odamlar muzdekkina ichimlikni jon deb olib ichishadi. Foydasiga sizga televizor olib beraman.

– Bo`lmaydi, bolam, charchab qolasan, buning ustiga voyaga etmaganlarning ishlashi taqiqlangan. Lekin ahding qat`iy bo`lsa, o`z nomimga kichik bir do`koncha ochaman, ishlarimiz ham qonuniy bo`ladi, savdoda asosan o`zing bo`lasan. Faqat bir shartim bor. Ishlab topgan pullaringni o`zing yig`ib borasan. Kuzda maktab uchun o`quv qurollari va kiyimlarni shu pullarga sotib olishing mumkin bo`ladi.

– Televizor-chi?!

– Kerakmas, kun bo`yi serial ko`rib vaqt o`tkazardim, o`ylab qarasam, shundog`am ortiqcha matoh ekan. Lekin bir muammo bor... Bizda savdo boshlashga etadigan mablag`ning o`zi yo`q-ku, uning ustiga hozir har qadamda bitta do`kon bo`lsa, – oyisi ovozi qaltiragan holda o`g`lining ko`zlariga qaray olmay aytdi bu gaplarni. So`ng javondan chiroyli ishlangan sopol mushukchani olib, unga uzatdi:

– Bu buvingdan qolgan esdalik. U ataylabdan pul yig`ish uchun yasalgan. Qara, mana bu erida kichik tirqish bor. Shu erdan pul tashlaysan, ammo ololmaysan. O`shanda pullaring yig`ilib boraveradi, – dedi.

Bola o`yinchoqqa o`xshab ketadigan mushukchani olib, xonasidagi shkafga qo`ydi. Xayolida hali boshlamagan ishidan zavqlana boshladi. Qarorida sobit turib, yoz bo`yi muzqaymoq, sovuq choy, muzdekkina kompot, rayhonli ayron — xullas, nima o`ng`ay kelsa sotdi, ko`rgan foydasini “mushukcha”ga tashlayverdi.

Yozning so`nggi kunlari edi. Savdodan qolgan foydani “mushukcha”ga tashlash uchun shkaf eshigini ochdi. Biroq u erda “mushukcha”ni ko`rmadi. Hayron bo`lib xonaning har burchagini qidirdi. Yo`q! So`ng xamir qorib o`tirgan onasining oldiga chiqib:

– Mushukcha qani, oyi? – deb so`radi.

– Qaysi mushukcha?

– Pul yig`ib yurgandim-u. Buvimdan qolgan mushukcha-da.

– Bilmadim, bolam. Ko`zim tushmadi. Qaerga qo`yganding?

– Xonamdagi shkafga.

– Tag`in axtarib ko`r-chi. Chiqib qolar, – dedi oyi tashvishga tushib.

– Xo`p, siz ishingizni qilavering, – deb hovli tomonga yurdi.

– Tandirga yoqishga o`tin tayyorla, o`g`lim. Nonga xamir qoryapman, – dedi oyisi bir tog`ora xamirni kuch bilan mushtlar ekan.

Og`ilxona tomiga chiqib, pastga uch bog` g`o`zapoya tashladi. Hali tandir qizdirishga erta. Oldin xamir oshishi kerak, keyin o`t yoqiladi. Shunday bo`lsa ham hammasini saranjomlab qo`ygani ma`qul. G`o`zapoyalarni tizzasiga qo`yib sindirib, sovuq tandirga taxlayotganida ko`zi tanish narsaga tushgandek bo`ldi. Qarasa, tandir orqasida “mushukcha”ning bo`laklari sochilib yotibdi. Demak, uni kimdir sindiribdi, ichidagi pullar esa... Buni kim qilganini fahmlaganday bo`ldi. Keyingi paytlarda dadasi uydan nima topsa yashirincha olib chiqib sotib yuboradigan bo`lib qolgan. Endi uning yiqqan pullariga ham ko`z tikkan ko`rinadi.

Essiz, yoz bo`yi mehnat qilgandi-ya. Dili vayron bo`ldi. Axir u hali bola edi, atigi sakkiz yashargina bola. Ammo mana, sanoqli soniyalar ichida ulg`aydi, bir deganda ichimdagini top deydigan vazmin odamga aylandi qo`ydi.

Birdan o`ziga kelib, oyisining ko`zi tushmasligi uchun siniqlarni imkon qadar tezroq tera boshladi. Ularni chiqindi qopga solib, ustini xas-cho`plar bilan yashirdi.

Kechki payt issiq non bilan choy ichib o`tirganlarida, oyisi:

– O`g`lim, xayolimdan ko`tarilay debdi, mushukchangni topdingmi? – deb so`radi.

Chaynayotgan noni tomog`iga tiqilib qolayozdi, piyoladagi choydan ichib:

– Ha, topdim, karavotimning tagida ekan, kecha o`sha erga qo`yganim esimda yo`q, – dedi shosha-pisha. – Oyi, haligi chiqindi qopni to`kib kelaman, to`lib ketsa ko`tarolmay qiynalib yuraman, – deb tezgina o`rnidan turdi.

Odamlar boshqa uning nigohlarida kulgi ko`rmadilar. O`zini tutishidan uni sakkiz yashar qariya deyish mumkin edi. Giyohvandlik balosi undan bolaliligini ancha erta tortib oldi.

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1