Haqiqiy go`zallik insonning tashqi ko`rinishida emas, balki uning qalbidadir

Mutolaa 13.03.2018, 14:40
Haqiqiy go`zallik insonning tashqi ko`rinishida emas, balki uning qalbidadir

Endigina ko`zi yorigan ona o`ziga kelar-kelmas atrofdagilarga javdirab: “Bolajonimni ko`rsating”, deya iltimos qildi. Chunki u onalik baxtidan sarmast edi. To`qqiz oy qornida ehtiyotlab ko`tarib yurgani – vujudining bir parchasini tezroq ko`rishni istardi. Yo`rgaklangan chaqaloqni quchog`iga qo`yishdi. U go`dakning yuzini asta ochib qaradi. Qaradi-yu, rangi oqarib ketdi. Yuzida biroz avvalgi baxtiyorlikdan asar ham qolmagandi. Ona va bolani kuzatib turgan shifokor indamay xonadan chiqib ketdi. Chunki... chaqaloqning quloqlari yo`q edi.
O`tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida bolaning eshitish qobiliyati nuqsonsiz ekani, faqatgina quloq suprasisiz tug`ilgani ma`lum bo`ldi. Oradan yillar o`tdi, bolakay ulg`ayib, maktabga chiqdi. U darslarni juda yaxshi o`zlashtirar, faqat a`lo baholarga o`qir, o`rtoqlari ham uni hurmat qilishardi. Ammo kimdir achinib, kimdir uning muvaffaqiyatlarini ko`rolmay ba`zan orqavorotdan, ba`zan esa yuziga nuqsonli ekanini aytishar, bu gapdan bola juda, o`ksinardi. Shu sababli ham odamlarga qo`shila olmasdi, doimo o`zini olib qochardi. U taqdirning bergan “tuhfa”siga sabr-bardosh bilan ulg`aysa-da, yuzida kulgu ko`rinmas, doimo mahzun yurardi.
O`g`liga har qaraganda yurak-bag`ri ezilib ketadigan ota-onasi unga: “Mundoq odamlarga qo`shilsang-chi, sen ham o`ynab-kulsang-chi axir”, deb yolvorishar, ammo ayni vaqtda dardlariga yana dard qo`shilardi. Bir kuni dadasi umid bilan bolani mashhur bir shifokor huzuriga olib bordi va o`g`lini bu holatdan qutqarish uchun biror chora topishini so`radi. Shifokor agar bir juft quloq topilsa, amaliyot orqali bu muammoni hal qilish mumkinligini aytdi. Yuraklari darddan ezilib ketgan ota-onada umid uchquni paydo bo`lib, har tomonga bosh urib ko`rishdi. Ammo kim ham o`zining quloqlarini fido qilgisi keladi, deysiz. Chet ellarda bor, deb eshitishdi, lekin uning narxini umr bo`yi ishlab ham to`lay olmasdilar. Shunday bo`lsa ham ota-ona ikki yil davomida butun kuch-g`ayratlarini shu ishga sarflashdi.
Va nihoyat bir kuni dadasi unga: “Operasiyaga tayyorgarlik ko`r o`g`lim, senga quloqlarini beradigan bir kishini topdik, faqat unutma, bu insonning kimligi sir”, dedi. Amaliyot poytaxtdagi klinikalardan birida muvaffaqiyatli nihoyalandi.
Bola tamoman yangi insonga aylangan edi. Tashqi ko`rinishi bilan birga ruhiyati ham o`zgargan yigitcha maktabni a`lo baholarga bitirdi, jamiyatda o`zining munosib o`rniga ega bo`ldi, juda katta yutuqlarga erishdi. Universitetni tugatib, diplomat bo`ldi, uylandi, bola-chaqa orttirdi. Bir kuni u, otasining holi-joniga qo`ymay so`radi:
– Dadajon, menga bu qadar yaxshilik qilgan inson kim o`zi? Garchi, yaxshiligini butun umrimni bag`ishlab ham qaytarolmasam-da, uni bir ko`rsam, minnatdorlik bildirsam...
Otasi esa unga: “Albatta, u odamni yaxshiligini hech qachon qaytarolmaysan, ammo biz kelishganmiz, bu sir saqlanishi kerak, bir kun vaqti kelib bilib olarsan”, dedi.
Yillar o`tib, ota-onasining sochiga oq tushdi. Keksayishdi. Uni oq yuvib, oq tarab voyaga etkazgan, kecha-kunduz uning haqiga duolar qilib o`tiradigan onasining umr sarmoyasi tugab, bu dunyo­ni tark etdi. Janozadan avval otasi yigitni onasi yotgan xonaga chaqirdi va mayitning kumushdek tovlanayotgan oq sochlarini asta ko`tardi. Yigit turgan joyida qotib qoldi – onasining quloqlari yo`q edi. “Jafokash onang bu ishidan hech qachon pushaymon bo`lmadi, aksincha, juda baxtiyor yashadi”, – deya shivirladi otasi, – Hech kim onangning go`zalligida hech qanday nuqson, kamchilik sezmadi. Haqiqiy go`zallik insonning tashqi ko`rinishida emas, balki uning qalbidadir! Ona shunday ulug` zotki, umrining har lahzasini, qalb qo`rini, mehri-muhabbbatini farzandiga fido etib, shundan baxtu saodat topadi”.


Alisher ERNAZAROV,
Payariq tibbiyot kolleji o`qituvchisi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1