1

Ayollar mardikor bozorida to`rt soat

Mutolaa 12.03.2018, 16:31
Ayollar mardikor bozorida to`rt soat

Ayollarning turmush sharoitlarini yaxshilash... Ularni munosib ish o`rinlari bilan ta`minlash, oilasiga farovonlik olib kirish... Prezidentimiz bugun mana shunday ustuvor vazifalarni davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlaridan qat`iy talab qilmoqda. Lekin mamlakatimizning turli hududlarida norasmiy tarzda shakllangan “Mardikor bozorlari” hamon ayollar bilan gavjum. U erda mung`ayib, ish qidirib yurgan xotin-qizlarning soni esa kamayayotgani yo`q...
Shu yilning 8 yanvar kuni Qo`yliq hamda Chorsu bozorlari atrofida to`planib turuvchi ayollar bilan suhbatlashdik. Qora mehnat bilan qozon qaynatayotgan bu xotin-qizlar hayoti haqida avval ham bir necha marta maqolalar chop etilgan. OAV bu mavzuga befarq emas. Biroq ahvol o`sha-o`sha. Ularga “Bu erda turmanglar, bir joyga to`planmanglar!” deb dag`dag`a qilish bilan vaziyat o`zgarmaydi.
“Ayollar mardikor bozori”ga ish qidirib chiqqan xotin-qizlar bilan suhbatlasharkanmiz, ayrimlari ism-sharifi, doimiy yashash manzilini o`zgartirmay chop etishimizni, taqdirning turfa chalkashliklari tufayli yuraklari zada bo`lib ketganini, ular ham boshqalar kabi baxtli yashashni istashlarini aytdi. Biz hammaga ma`lum bo`lgan bu holatni jamiyatdagi muammo sifatida ko`tarmoqchi emasmiz (aslida bu rostdan ham muammo). Bu ayollarning hikoyalarini qanday bo`lsa, shundayligicha sizga etkazmoqchimiz, xalos
.

FALOKAT OYoQ OSTIDA...
– Xo`jayinim ham, men ham 10 yildan buyon Chorsu bozorida mardikorlik qilamiz, – deydi Qashqadaryo viloyatining Yakkabog` tumanidan kelgan Hanifa ismli ayol. – Bir o`g`il, bir qizimizni halol mehnat orqasidan topgan mablag`imizga o`qityapmiz. Navbati bilan kelib ishlaymiz. Hozir xo`jayinim uyda. Yoshi keksa bir ayol tomini tuzatishga olib borgan ekan. Ish paytida yiqilib, chap oyog`i to`pig`idan sinibdi. Gipslab qo`yishdi. Hayriyat, jarohati og`ir emas. Agar xo`jayinimning o`rnida men bo`lganimda shifoxona xarajatlarini uy egasiga to`latgan bo`lardim. Or-nomus ustun kelib, andishaga boribdi. Hech bo`lmasa, ish haqining yarmini berishini ham so`ramabdi. Tomdan yiqilib, ishingni unumi bo`lmadi, deb quppa-quruq qaytarib yuboribdi. Yana deng, yonidagi sheriklaridan qarz ham olibdi. Odamda, andisha-yu, istihola bo`lgani yaxshi, ammo buning ham me`yori bor-da. Nega haqingizni talab qilmadingiz, desam: “Uy egasi juda ochko`z, janjalkash ekan. Yiqilganimdan so`ng “Tez yordam” mashinasini chaqirish o`rniga butun aybni menga ag`darib, janjal ko`tardi”, deydi.
Har xil odamlar bilan muomala qilamiz. O`tgan yili keksa bir ayol kelib, meni uyiga olib ketdi. Borib changlarini artib, idish-tovoqlarini yuvib, uyini tozalab berdim. Ketayotganimda qo`limga pul, nevaralarining kichkina bo`lib qolgan kiyimlari, yana bir talay egulik berib yubordi. Ikki-uch marta uyiga borib, ishlaganimdan so`ng: “Ijara haqi to`lab yurgandan ko`ra, kelib biznikida yashang”, deb bir xonaning kalitini berib qo`ydi. Ishga kelmay qo`ysam, qo`ng`iroq qilib, chaqirib oladi.

FARZANDLARIMNI DEB OTASIDAN VOZ KEChDIM
– Yoshim 54 da. To`rt nafar farzandim bor, – deydi toshkentlik Zarifa opa. – Yoshim bir joyga borganida xo`jayinim bilan ajrashishga majbur bo`ldim. Ichkilikka ruju qo`yib, hamma narsani hatto o`zini ham unutdi. Ko`cha-ko`yda yotib qoladigan darajaga etgach, ro`zg`or tashvishlarini o`z zimmamga olib, mardikor bozoriga ishlashga chiqdim. O`g`illarim dadasining ortidan poylab yurar, ko`pincha ko`cha va xiyobonlardan mast holda topib, uyga olib kelishardi. Nima bo`lganda ham bolalarimning otasi, insof kirib qolar, deb kutdim, ammo o`zgarish bo`lmadi. Eng dahshatlisi, uyda, o`zini bilmay, yalang`och ham yuraveradigan bo`lib qoldi. Uning bu qiliqlaridan farzandlarim or qilishardi. Ularning kelajagi uchun otasidan voz kechdim. Avvaliga shunchaki alohida yashab ko`rdim, bo`lmadi. Kunda-kunora eshigimni taqillatib kirib keladigan, ijara uyda biz bilan tunab ketadigan odat chiqargach, qonuniy ajrashishga ariza berdim.
To`rt bolamni olib, ota uyimga yo`l oldim. Ukalarim hovli chetidan ikkita xonani ajratib berishdi. Qizlarimni sovchilar so`rab kelishyapti. Nasib bo`lsa, to`y-tomosha qilib uzataman.
Ertalab soat 7:00 dan ish boshlayman. Kuniga 50-60 ming so`m topaman. Ko`pincha uch-to`rt ayol birga yuramiz. Men qizlarga brigadirlik qilaman.

“PRORABING” BILAN O`ZIM GAPLAShAMAN”

– Bizni ko`proq prorablar, xususiy uylarning ish yurituvchilari aldab, chuv tushirishga harakat qiladi, – deydi samarqandlik Laylo ismli ayol. – Yaqinda bir yigit yangi qurilgan uyni tozalashimiz kerakligini aytdi. Uyga yaqinlashganimizda, xonadon sohiblariga 100 ming so`mdan haq olishga kelishdik”, denglar deb o`rgatdi. Aslida esa u biz bilan 50 ming so`mdan kelishgandi. Kechgacha ishladik, ketayotganimizda uy egasi mehnatimizni ko`rib, qanchadan haq berishim kerak, dedi. Ellik ming so`mga kelishganimizni aytdik. U pulni ish yurituvchiga bermay, birma-bir sanab, har birimizga 100 ming so`mdan berdi.


IZOHGA HOJAT BORMI?
Mardikor bozoridagi ayollar bilan suhbatlashib turganimda bir yigit kelib, Navoiy ko`chasida yangi qurilgan do`konning beshinchi qavatidagi oynalarni tozalash kerakligini aytgach, savdolashish boshlandi. Yigit: “Ikki soatlik ish, 30 ming so`m beraman”, dedi. Ayollarning ba`zilari 50 ming so`mdan kam emas, deb turganda, ayrimlari 40 ming so`mga ham roziliklarini bildirishdi. Narxni pasaytirgan ayol shu topdayoq hammadan dakki eshitdi. Ular aytgan narxga prorabi ko`nmasligini tinmay ta`kidlayotgan yigitga ayollarning yoshi kattarog`i: “Telefon raqamini ber, o`zim kelishib olaman prorabing bilan”, degandi, yigitcha qochib qoldi. “Hozir ko`pchilik “soxta tadbirkor”lik yo`liga o`tib olgan. Ko`rdingizmi, bizga o`xshagan qora ishchilarning ham ustidan foyda ko`radiganlar bor”, dedi ayollarning yoshi keksarog`i kuyinib.

O`Z UYIMDAN HAYDALDIM
– Yoshim 47 da, turmush o`rtog`im bilan qonuniy ajrashganman, – deydi Farg`ona viloyatining Beshariq tumanidan kelgan Mohira ismli ayol. – Besh nafar farzandim bor edi, ikkisi nobud bo`ldi. Xo`jayinim bir so`m pul ishlab topmas, qo`limga qarab o`tirardi. Bunisi ham mayli, maishatga berilgan, uydagi pullarni ham ko`chadagi ayollarga sarflardi. Bolalarni boqish uchun mardikorlik qildim. Avvaliga qishloqdagi fermerlarning erlarida ishlab yurdim. Sovuq tushgach, poytaxtga keldim. Bir kuni ishdan qaytsam, xo`jayinim jazmani bilan uyda maishat qilib o`tiribdi. O`zimni tutib tura olmadim. Janjallashdim, yig`ladim-siqtadim. O`sha ayolni deb meni bolalarim bilan uydan haydab chiqardi. Boshpanasiz qolgach, turli idoralarga yordam so`rab bordim. Uyning hujjatlari uning nomida bo`lgani uchun qonun uni himoya qildi. Qonuniy ajrashdik, hatto aliment ham undira olmadim. Olti yashar qizcham bilan shaharda mardikorlik qilib yuribman.

XATOIMNI TUShUNDIM, AMMO KEChIRIShMADI
– 21 yoshimda o`ylamay bosgan qadamimning jazosini tortayapman, – deydi surxondaryolik Saodat ismli qiz. – Oilada to`rt o`g`il, uch qizmiz. Aka-opalarim oilali. Ular ancha ulg`ayib qolishganida dunyoga kelganman. Kenjatoy bo`lganim uchun ota-onam, yaqinlarim ko`nglimga qarab o`stirishgan. Aytganim aytgan edi. Chiroyli, yangi kiyimlarning hammasi men uchun, shirin egulik­lar ham menga atab olib kelinardi. Kimdir aytganimni qilmay jig`imga tegsa, o`sha kuniyoq dadam yoki katta akam tomonidan jazolanardi. Ro`zg`or ishlari kelinoyimlardan ortmasdi. Maktabni tugatgach, biror kasb-hunarning etagini tutmadim. Bunga hojat ham yo`q edi-da. Axir hamma narsam etarli, xohlasam katta akam, xohlasam kichiklaridan pul olardim. O`zimga o`xshagan dugonalarim bilan erta-yu kech tuman markazidagi bog`da sayr qilib, kinoga tushardik. Bir kuni o`sha parkda Inomjon ismli yigit bilan tanishib qoldim. O`rtamizda muhabbat paydo bo`ldi. Tez-tez uchrashadigan bo`ldik. Hind kinolarini yaxshi ko`rardim. Birga kinoga tushardik. Bir kuni kinodan so`ng bir joyga tezgina o`tib kelamiz, deb meni olib ketdi. Yoshi keksaroq bir ayol bizni kutib oldi. O`sha xonadonda tuni bilan qolib ketdik...Bu xabar tezlik bilan oilamizdagilarga etib bordi. Akalarim meni uydan haydashdi. Onam zor yig`lab kechirishlarini so`radi. Ammo ular eshitishni ham istashmadi. Lash-lushlarimni sumkaga joylab, boshim oqqan tomonga ketdim. Inomga qo`ng`iroq qilgandim u meni yana o`sha ayolnikiga olib borib tashladi. Menga sovchi yuborishini, tezlik bilan nomimni oqlab berishini iltimos qildim. Ammo u uylangan, bitta qizchasi borligini, men bilan faqat ko`ngilxushlik qilib yurganini aytgach, boshimni devorga urib qolaverdim. Inom meni bir ayol bilan tanishtirib, yordam berishini uqtirdi. Qo`ng`iroq qilib, ayolga dardu xasratimni aytdim. U meni o`z uyida yashashga taklif qildi. Dastlab uy yumushlarini bajardim. So`ng esa, ba`zi ba`zida tunda mehmonga kelgan erkaklarning ko`nglini ovlashni buyurdi. Shunday qilib hayotim izdan chiqdi. O`sha ayolning yordami bilan Rossiyaga ishlagani ketdim. Uyoqda topgan pullarimni opamning nomiga yubordim. Mendan pul kelayotganini eshitgan akalarim qo`ng`iroq qilib, bog`lanib, hol-ahvol so`ray boshlashdi. Bu orada ikki marta uyga ham kelib ketdim. Qozog`istonda ham besh yil ishlab, topgan pullarimni uyga yubordim. Akalarim o`z shaxsiy manfaatlari yo`lida ishlatishdi. Besh yil oldin to`satdan buyragimdagi shamollash kuchayib, ishga yaroqsiz bo`lib qolgach, uyga qaytdim. Ammo ikki akam meni ostonaga ham yo`latmay, ochiqdan-ochiq haydashdi. Poytaxtga kelib, mardikorlik qila boshladim. Bozor atrofidagi yog`ochdan yasalgan hujrada yashayman. Xona juda sovuq, sharoiti yo`q. Bir kunimni ko`rib yuribman. Ilgarigi noma`qul ishlarimni takrorlashni istamayman. Hayotimni o`zgartirish uchun o`z-o`zimga so`z berdim.
2017 yil oktyabr oyida onamning tug`ilgan kunida sovg`a-salomlar olib, uyimga bordim. Ammo kichkina akam uyga kiritmadi. Katta opamning yordamida onam bilan uchrashdim. Onam ham: “Bolam, meni tinch yashasin, desang, boshqa bu xonadonga qadam bosma”, dedi. Bu gapni eshitgandan ko`ra o`lganim afzal emasmi? Pul topganimda meni kechirishgan, hatto uyda bir necha oylab yashashimga ruxsat bergan akalarim nima uchun xastaligimda yana uydan haydadi?
Yordam so`rab, tuman, viloyat hokimliklariga bordim. Hech kim dardimni eshitishni istamaydi. Boshimda boshpanam, doimiy ishlaydigan ish joyim bo`lishini, taqdirimni o`zgartirishni istayman, ammo...

BIZNING QISMATIMIZ UChUN BOShQALAR AYBDOR EMAS
Taqdirim juda chigal, – deydi navoiy­lik Qunduz ismli ayol. - 18 yil turmush qurib, to`rt nafar farzandimni tirik etim qilib, er-xotin ajrashdik. Xo`jayinim ichkilikka berilgan. Uy-joysiz qolgach, bolalarimni maxsus internatlarga joylashtirib, o`zim mardikorlik qilishga majbur bo`ldim. Yordam so`rab tuman, viloyat hokimliklariga bordim, najot bo`lmadi. Turli joylarda ijarada yashadim. Ijara haqini to`lolmay, u erlardan ham haydaldim. Mardikor bozorida noqonuniy ishlaganimiz uchun ichki ishlar xodimlaridan qochib yuramiz. Qo`lga tushsak, panjarali avtobusga tiqib, “Panelniy”dagi maxsus bo`linmaga olib ketishadi. Uch-to`rt kun o`tgach, qishloqqa ketish sharti bilan qo`yib yuborishadi. Cho`ntagimizda bir so`m pulimiz, eyishga nonimiz qolmagach, yana mardikor bozoriga chiqaveramiz. Kuniga 30-40 ming so`m pul topaman. Bog`bonlikdan xabarim bor. Yoshligimda otamdan o`rganganman. Odamlarning uylarini tozalashga borsam, daraxtlarini ham kesib, parvarish qilib beraman. Kelishilgan pulga yana 10-15 ming so`m qo`shiladi. Yaxshi gap ham, yomon gap ham bir og`izdan chiqadi. Odamlar bilan iloji boricha yaxshi munosabatda bo`lishga harakat qilaman. Ayrim ayollar juda asabiy bo`lib qolgan. Sal gapga mijozlar bilan janjallashib ketadi. Biz shunday hayot kechirayotganimiz uchun boshqalar aybdor emas. To`g`risi, turli tashkilotlarga yordam so`rab borganman, biror narsa talab qilib emas. Kimdir yoki qaysidir tashkilot menga yordam berishga majbur, deb hisoblamayman. Biroq ozgina qo`llab yuborishsa, doimiy ishim bo`lsa, hayotimni izga tushirib olardim. Muhtojlikdan mardikorlik qilaman. Ammo bu ishimdan uyalmayman. Begona yurtlarda kamsitilgan, xo`rlangandan ko`ra o`z yurtimda mardikorlik qilganim ming marta yaxshiroq. Bolalarimga go`sht edirmasam ham, non topib berayotganimga shukr qilaman.

QIRQ KUNLIK ChAQALOG`I BOR EKAN

– O`tgan yili yoz oyida bir xonadonda ta`mirlash ishlarini o`tkazdik, – deydi samarqandlik Mehmonali ismli ish yurituvchi yigit. – Uy egasining iltimosiga ko`ra, Qo`yliq bozoriga borib, yigirma yoshlardagi mardikor juvon bilan gaplashib, 40 ming so`m ish haqiga kelishib, olib keldim. Oyoq-qo`li chaqqongina ekan. Tushlikka yaqin uy egasi Jamila opa meni chaqirib: “Tezlik bilan ayolning ish haqini berib, uyiga qaytarib yuboring”, dedi. Jamila opa, ayolning emizikli bolasi borligini payqab qolibdi. So`rab-surishtirsa, 40 kunlik chaqalog`ini tashlab, ishga chiqqan ekan.

O`ZIDAN O`TGANINI O`ZI BILADI
– Qo`yliq bozori yonidagi ko`prik tagida turadigan ayollarning xizmatidan men ham foydalanganman, – deydi Quyi Chirchiq tumanida yashovchi Shirin ismli ayol. – O`tgan yili bahorda tomorqadagi yumushlar uchun surxondaryolik yoshgina juvonni olib ketdim. Ko`hlikkina ekan. Besh yashar qizchasini ham o`zi bilan birga olib yuribdi. Yana qornida uch oylik homilasi ham bor. Uyga borgach, taqdiri haqida surishtirdim. Turmush o`rtog`i olamdan o`tgach, otasining uyiga qaytib borgan. Ota-onasi uni uzatmoqchi bo`lsa, qizim o`gay ota qo`lida o`sishini istamayman, deb uyidan chiqib ketibdi. Qizchasini enagaga topshirib, o`zi mardikorlik qilgan. Enaga qizchani qarovsiz qoldirganini bilgach, uni o`zi bilan olib yurishga majbur bo`lgan. Yoz kunlari halol mehnat qilib, ro`zg`origa etadigan pul topgan. Qishda esa uch-to`rt kunlab ishsiz yurib, och qolgach, oilali erkakning ra`yiga yurishga majbur bo`lgan. Homiladorligini bilgach, oldirib tashlashga mablag` topolmay qolgan. O`zidan o`tganini o`zi biladi. Dardi dunyosi qorong`u. Yurtiga qaytib, turmush qurishini maslahat bersam, ko`nmadi. Birgina nojo`ya harakatining kasri ayolni botqoqqa tortyapti.

XULOSA
To`rt soatlik suhbat davomida tagcharmi qalin, qo`nji baland etigimdan ham sovuq o`tib ketdi. Bu erda turishga ortiq toqatim etmasligini bilib, ketishga chog`lanar ekanman, beixtiyor ayollarning oyoqlariga razm soldim. Biri kalish, yana biri kuzgi, boshqasi esa yozgi engil shippakda yuribdi. Qirq yoshlar atrofidagi surxondaryolik Qizlarbas ismli ayol: “Opa, menga ham vaqt ajrating”, deb iltimos qilgach, yana ortga qaytdim.
...“Mana bu o`g`limning ismi Ziyodulla. 14 yashar. Maktabda a`lo baholarga o`qiydi. Ammo chap qulog`i tanasiga yopishib tug`ilgan. Shundan uyalib maktabga borgisi kelmaydi. Shifokorlar operasiya uchun 1000 AQSh dollari miqdorida pul ketishini aytishgach, boshim qotib qoldi. Imkoni bo`lsa yordam bering”, dedi u javdirab. Chap qo`lidagi bosh barmog`i yo`q bir ayol esa tikuvchilik qilish istagida... Faqat u kredit olib ish boshlash uchun qaerdan yordam so`rashni bilmaydi...
Bu ayollarning deyarli 90 foizi yordam so`rab turli idoralarga borgan, telefon qilgan, dardini aytgan. Ularni qabul qilganlar esa muammoni qalin daftarga qayd ham qilib qo`yishgan. Biroq bu daftarlar o`sha ondayoq yopilgan, unutilgan. Shu bois bu ayollar hech kimga ishonmaydi, hech kimdan najot kutmaydi. Hayotning turli zarbalarini ko`raverib diydasi qotgandir, biroq ularning qalblari toza.

Nigora RAHMONOVA,
“Oila va jamiyat” muxbiri

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1