Kuchli insonlarning 13 xislati

SUG'DIYONA 11.01.2018, 11:08
Kuchli insonlarning 13 xislati

Muvaffaqiyat nimadan boshlanadi? Mag`lubiyat-chi? Bari fikrdan, niyatdan. Fikrlarimiz amallarimizni, amallarimiz esa xarakterimizni shakllantiradi. Shu taqlid biz o`zimizni, hayotimizni quramiz. Shuning uchun ota-bobolarimiz «Yaxshi niyat — yarim davlat» deyishgan. Insonning fikrlash tarzi, nimaga intilishin, nimani muhim deb bilishi, kelajakka doir qanday rejalar qurishiga uning kelajagi, qismati ko`p jihatdan bog`liq. Shu sababli fikrlarimizga, niyatlarimizga, orzularimizga ehtiyot bo`laylik.

Ma`nan etuk, hayotdan nima istashini biladigan odamlar esa quyidagi fikrlarni umuman xayoliga ham keltirishmaydi.

1. Ular o`zlariga achinish uchun qimmatli vaqtlarini sarflashmaydi.

Ma`nan etuk insonlar vaziyat shunday bo`lib qoldi yoki falonchi menga nisbatan bunday ish qildi, deb nolib o`tirmaydilar. O`z hayotlari uchun mas`uliyatni zimmalariga oladilar va umr faqat bayramdan iborat emasligini, uning o`ziga yarasha o`nqir-cho`nqirliklari borligini tan oladilar. Kutilmaganda muvaffaqiyatsizlikka duch kelsalar, o`ylagan ishlari amalga oshmasa, buni to`g`ri qabul qilib, «Іayotda bo`lib turadi» degan xulosaga kelib, yo`llarida davom etadilar.

2. Hech qachon o`zlarini yo`qotmaydilar.

Boshqalar ularning ustidan hukmronlik qilishiga, ularni boshqarishiga yo`l qo`ymaydilar. Іammasini o`zlari boshdan kechirib, o`zlari qiynalsalar-da, echimni ham o`zlari topadilar. Tuyg`ulari ularning yuragida kechadi, ammo hech qachon boshlariga chiqib olmaydi. Ya`ni hislari ularni emas, ular hislarini boshqaradilar. Hissiyotlarini boshqara olgan odam hayotini ham, kerak bo`lsa, dunyoni ham boshqara olishi mumkin. Chunki ularning kuchi o`zini enga olishga etgan.

3. O`zgarishlardan qochishmaydi.

Kuchli insonlar o`zgarishlardan qo`rqmaydilar. Aksincha, doim ularga tayyorlar, yangiliklarni munosib qabul qilishni biladilar. Ularning eng katta qo`rquvi bir joyda to`xtab qolish va hayotga bo`lgan muhabbatni yo`qotib qo`yishdir. O`zgarishlar davrida bunday insonlar xarakterining eng yaxshi qirralari namoyon bo`ladi.

4. Boshqara olmaydigan narsalariga quvvatlarini va vaqtlarini sarflashmaydi.

Ma`nan etuk odamdan siz hech qachon kun bo`yi sharros yoqqan yomg`ir, yo`llardagi tirbandlik kabi holatlardan nolishni eshitmaysiz. Chunki bu holatlar ularning nazorat hududiga kirmasligini yaxshi tushunadilar. Oldini olishing mumkin bo`lmagan ko`ngilsizliklar uchun qayg`urishning nima keragi bor? Buning o`rniga ular boshqara oladigan, o`zlarining nazoratlariga bo`ysunadigan narsalarga e`tibor qaratadilar. Ko`pincha bu ularning voqea-hodisalarga munosabatida namoyon bo`ladi. Ya`ni voqelikni o`zgartira olmasalar, unga munosabatni o`zgartiradilar, tamom-vassalom. Masalan, tirband yo`lda mashinalari bilan uzoq turib qoldilar deylik. Mashinalar ustidan yurib o`tib ketolmaydilar, tirbandlikni zumda bartaraf eta olmaydilar, demak, ular bu holatni o`zlari uchun berilgan jazo emas, imkoniyat deb qabul qiladilar. Darrov telefonlarini olib, zarur qo`ng`iroqlarni amalga oshiradilar, ishlarini masofadan turib boshqara ketadilar yoki kecha o`qishni boshlagan asarlarini davom ettiradilar. Xullas, vaqtdan unumli foydalanish yo`lini topadilar.

5. Hammaga yoqishga intilishmaydi.

Hammaga yoqishni istaydigan odamlar bor. Іammaga qarshi borib, shu orqali o`zini ko`rsatishga, «baho» olishga intiladiganlar ham ko`p. Ma`nan etuk inson uchun bu ikki usulning birontasi ham ma`qul emas. Kuchli odamlar hamisha hammaga yoqish imkonsiz ekanini yaxshi anglaydilar. Ular zarur bo`lganda «Yo`q» deya oladilar. Boshqalarga nisbatan e`tiborli va mehribon bo`lishni eplaydilar. Savobtalabliklari ham bor, biroq o`z vaqtlari va kuchlarini qadrlaydilar. Shu tufayli o`zlari uchun befoyda ishlarni nariga surishadi.

6. Ongli ravishda tavakkal qila olishadi.

Ular tasodifiy yoki ahmoqona tavakkal qilib boshqalar uchun mas`uliyatni zimmalariga olishmaydi, lekin yaxshi hisob-kitob qilingan, o`ylangan tavakkaldan qochmaydilar. Ma`nan etuk insonlar qaror qabul qilishdan avval xavf va foydani taroziga soladilar, ehtimolli yo`qotishlar haqida yaxshi ma`lumot yig`adilar, shundan so`ng qaror qabul qilib, amaliy ishga o`tadilar.

7. O`tmishni o`ylayvermaydilar.

Aqlli va kuchli kishilar bo`lib o`tgan ishlarni hadeb tahlil qilib, hammasi boshqacha bo`lishi mumkin edi, deya afsuslanib o`tirmaydilar. O`tgan ishga salovot — mana, ularning shiori! Bunday toifa insonlar o`tmishdan xulosa chiqaradilar, xolos. Ammo muvaffaqiyatsiz onlarini qayta-qayta eslab, ularni takror va takror boshdan kechirish fe`llariga xos emas. Buning o`rniga hozirgi zamon bilan yashashadi, kelajakka oid rejalar tuzishadi.

8. Bir xatoni bir necha marta takrorlashmaydi.

Ahmoqlik nimaligini hammamiz yaxshi bilamiz a? Har safar bir xil qarorni qabul qilaverish va endigi gal natija boshqacha bo`lishidan umid qilish ahmoqlikdir, shundaymi? Ma`nan etuk insonlar o`z qilmishlari uchun mas`uliyatni zimmalariga oladilar va xatolaridan xulosa chiqarib, ularni takrorlamaslikka harakat qilishadi. Natijada bunga muvaffaq bo`ladilar ham. Shu sababli kelajakda ular rivojlanadilar, xatolarni kamroq qiladilar, to`g`ri va aqlli qarorlar qabul qilishga odatlanadilar.

9. Boshqa odamlarning muvaffaqiyatiga hasad qilishmaydi.

Biz ko`kka ko`tarayotgan kishilar boshqalarning muvaffaqiyatini tan olishadi va ulardan xursand bo`lishadi. Bu juda muhim jihat. Ular boshqalar zafar quchganda, hasad qilmaydilar, o`zlarini aldangan hisoblamaydilar, faqat o`shalarning tajribasini o`rganadilar. Muvaffaqiyatga og`ir mehnat va sabr orqali etishilishini biladilar va muvaffaqiyatga erishish uchun tinmay qattiq ishlashga tayyorlar.

10. Birinchi mag`lubiyatdan so`ng taslim bo`lishmaydi.

Har bir mag`lubiyat – yanada yaxshiroq bo`lish uchun imkoniyat. Іatto, eng zo`r tadbirkorlar ham ishning boshida ko`p muvaffaqiyatsizliklarga uchraganlar. Ma`nan etuk insonlar hech qachon tarvuzlarini qo`ltiqdan tushirib yubormaydilar, niyatlariga etmaguncha tinchimaydilar, chunki har bir muvaffaqiyatsizlik ularni zafar sari bir qadam bo`lsa ham yaqinlashtirishini biladilar.

11. Yolg`izlikdan qo`rqishmaydi.

Yolg`izlikda ham bir imkoniyat ko`rishadi-da, odamlardan xoli o`tkazgan har bir daqiqalari, soniyalaridan lazzatlanadilar, ularni qadrlaydilar. Ular o`z fikrlari bilan yolg`iz qolishdan qo`rqmaydilar. Bu vaqtni g`oyalar o`ylab topishga, ularni amalga oshirish uchun rejalar tuzishga sarflaydilar. Ular doim birovlarning kayfiyatiga bog`liq holda yurmaydilar. Boshqalar bilan baxtiyor bo`lganlari holda, o`zlari bilan ham har daqiqalarini xushnud kechira oladilar.

12. Butun dunyo mendan qarzdor deb o`ylashmaydi.

Siz havas qilatyogan kishilarning yana bir muhim xususiyati, bu dunyoda hamma huquqlarga egaman, degan o`ydan yiroqliklari. Ular hamma men haqimda qayg`urishi, atrofimda parvona bo`lishi, hayot menga falon-falon narsalarni berishi shart demaydilar. Buning o`rniga o`z imkoniyatlari va qobiliyatlariga munosib ravishda muvaffaqiyat yo`llarini izlaydilar.

13. Bir zumda natijalarni kutmaydilar.

Salomatliklarni tiklashmi yoki yangi biznes ochishmi, farqi yo`q, ma`nan etuk insonlar natijaga tezgina erishaman, deb kutmaydilar. Ular o`z vaqtlari va quvvatlarini ma`lum miqdorda kelajakka investisiya qiladilar, har bir mayda natijani ham bayram qilib kutib oladilar. Ular sabrli va qanoatli insonlar bo`lib, yaxshi o`zgarishlar uchun ma`lum vaqt kerakligini anglaydilar.

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1