1

Ozish borasida keng tarqalgan 5 noto`g`ri fikr

SUG'DIYONA 11.01.2018, 10:50
Ozish borasida keng tarqalgan 5 noto`g`ri fikr

Ozmoqchimisiz? Dugonalar maslahatiga quloq solmang!

Ozishga qilgan ayol ko`pincha nima qiladi? Dugonalari, tanishlarining maslahatlariga quloq tutadi, internetga murojaat etadi. Natijada, uning ongida turli axborotlar bazasi paydo bo`ladi. Bu axborotlar ko`pincha bir-birini inkor etuvchi, ziddiyatli bo`lib chiqadi. Quyida biz ozish borasida keng tarqalgan 5 noto`g`ri fikrni keltiramiz va yolg`onlarni fosh qilamiz.

«Ozish uchun faqat sabzavot va mevalarni iste`mol qilish kerak»

Unday emas. Sabzavotlar, ayniqsa mevalar asosan uglevodlardan tarkib topgan, uglevod esa ozishga yordam bermaydi, aksincha, semirtiradi. Uglevodlar – tanamiz va miyamizga quvvat bo`ladigan shakardir. Ularni qancha ko`p iste`mol qilsangiz, tanangizdagi yog`lar shunchalik kam eriydi, yangi yog` qatlamlari esa ortib boraveradi. Xullas, sabzavot va mevalar foydali, ammo ozish uchun asosan oqsilli eguliklarni iste`mol qilish kerak. Faqat ozdirmas ekan deb, sazavotu mevalarni umuman chetga surib qo`ymang, ular oshqozon-ichak ishini ravonlashtiradi. Busiz ham ozib bo`lmaydi. Sabzavot-mevalarni bilib, o`rnida iste`mol qilish lozim.

«Sport bilan shug`ullansang, qomati raso bo`ladi»

Qisman to`g`ri, axir sport har kuni ko`p soatlik uzluksiz mashqlar degani. Professional sportchilar aynan shunday mashq qilishadi. Ko`pincha ular istagan narsalarini iste`mol qilaveradilar. Ammo agar siz Er yuzi aholisining sport bilan professional mashg`ul 1 foiziga mansub bo`lmasangiz, demak, bor-yo`g`i jismoniy tarbiya bilan shug`ullanasiz, xolos. Kunora 2 soatdan sport zalida qiladigan mashqlaringizga yoki kuniga 2 kilometrdan yugurishlarga haddan ortiq umid bog`lash to`g`ri emas. Bu o`rinda to`g`ri ovqatlanishsiz natijaga erishish qiyin. Qolaversa, tanadagi modda almashinuvining o`ziga xosligi ham muhim omil. Modda almashinuvi yaxshi bo`lmagan professional sportchilar ham semirib ketishi kuzatiladi. Demak, to`g`ri ovqatlanish ozish yo`lidagi muvaffaqiyatning 70 foizini ta`minlaydi.

«Yuguramiz va sarviqomat dilbarga aylanamiz»

Avvalgi afsonaga bog`liq, ammo alohida tushuntiradigan joylari bor. Yugurish bilan natijaga erishish uchun uzoq vaqt kerak. Masalan, 1 soat yugurish davomida vazni 60 kg bo`lgan odam taxminan 516 kkal kaloriya sarflaydi, 1 soat suzish 557 kkalni, erkin kurash bilan shug`ullanish esa 1000 kkalni yo`qotishga olib keladi. Bu raqamlar insonning modda almashinuvi jadalligiga ko`ra biroz o`zgarishi mumkin, ammo mohiyat o`sha-o`sha: yugurish kaloriya sarflashning eng sermahsul usuli emas. Ayrimlar agar yugurish orqali kutgan natijangizga erisha olmasangiz, yanada ko`proq yuguring, degan noto`g`ri maslahatni berishadi. Aslo, unday qila ko`rmang! Agar sport bilan avval shug`ullanmagan bo`lsangiz, hatto 3 km.ga yugurish ham siz uchun katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. 10 km. yugurishdan esa hushingizdan ketib qolishingiz hech gap emas. Ozish uchun kuniga 10-15 km.ni tez yoki muntazam tezlanish bilan yugurib o`tish kerak. Xo`sh, unda bu maslahat kimga atalgan? Engil atletikachilargami? Ularning ortiqcha vazn bilan muammosi bo`lmasa kerak. Yugurish yurak uchun foydali, ammo ozish uchun natijasi kam mashg`ulotdir.

«Soat 18:00 dan keyin ovqatlanma!»

Agar soat 21:00 da uyquga ketadigan bo`lsangiz, bu maslahat sizga qo`l kelishi mumkin. Agar kechroq yotsangiz, siz uchun emas bu. Olaylik, soat 02:00 dan avval hech uxlolmaydigan «boyqush»lardansiz. Unda organizmingiz uyqugacha 8 soat, yana uyquda 6-10 soat och qolishi kerak. Bu ochlik uning uchun haqiqiy stress. Natijada nonushtada nimaiki emang, yog` zahirasini to`ldirish uchun olib qo`yiladi. Chunki uzoq muddat och qolgan tana o`zi uchun zaxiralar to`play boshlaydi. Ozish haqida gap bo`lishi mumkin emas. Shunday ekan, kun davomida uzoq och qolmaslik, 5-6 marta oz-ozdan ovqatlanish, uyqudan 2 soat oldin so`nggi taomlanishni amalga oshirish kerak.

«Kam esang, ozasan»

Bir qarashda mantiqli gap. Ammo kaloriyalarni nimaning hisobiga kamaytirayapsiz? Nimalardan voz kechayapsiz? Muhimi shunda. Ozish yog`lar hisobiga amalga oshishi kerak. Faqat yog`siz ovqat eyaversangiz, suyaklaringiz mo`rtlashib qoladi, uglevodlar emasangiz, miyangiz zarar ko`radi, oqsilsiz teringiz, yuragingiz, jigar va buyraklaringiz xastalanadi. Shu sababli kam eyish deganda siz taomning miqdorini tushirishingiz, lekin sifatini oshirishingiz kerak. Qancha eyish yoki nimani eyish degan ikki yo`l yo`q, nimani qancha eyish degan masala bor xolos. Ya`ni miqdor va sifat muvozanatini qat`iy ushlashingiz shart.

ShAHINA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1