1

FOYDALI, ARZON VA HAMMABOP! XONIMLAR, NIQOB TAYYoRLAShNI O`RGANAMIZ!

SUG'DIYONA 10.01.2018, 10:57
FOYDALI, ARZON VA HAMMABOP! XONIMLAR, NIQOB TAYYoRLAShNI O`RGANAMIZ!

Yuz terisi parvarishi uchun mo`ljallangan kremlar hamisha ham cho`ntakka to`g`ri kelavermaydi. Xo`sh, bunday vaziyatda siz nima qilasiz? «Keyingi maoshimdan sotib olarman» desangiz, ixtiyor o`zingizda. Ammo masalaning osonroq echimi ham bor – kunora foydalanish mumkin bo`lgan niqoblar! Bi-i-ir sinab ko`rmaysizmi?

Suli + suv

Yog`li yuz terisi erta qarimaydi, deyilsa-da, unga ham parvarish zarur. Maslahatimiz, suli yormasidan foydalaning. Atigi 3 osh qoshiq suli yormasini yarim stakan iliq suvda aralashtirib, bo`tqa ko`rinishiga keltirasiz. So`ng aralashma yuzga surtilib, 15 daqiqaga qoldiriladi. Niqobni iliq suvda tozalab olgach, barmoq uchida yuzingizni uqalab qo`ying. Qon aylanishi yaxshilanib, yonoqlaringizga qizilliq yuguradi-ya.

Banan + asal

Sovuq mavsumda yuz terisini namlantirish zarurligini bilasiz. Haftada bir marta yarimta bananga bir choy qoshiq asalni aralashtirib, yuzingizga surtib olsangiz, teringiz biram yayraydiki, asti so`ramang. Niqobdan bir oy davomida foydalansangiz, teri tonusi ortib, ajinlardan asar ham qolmaydi. Ishonmaysizmi, marhamat sinab ko`ring!

Iste`mol sodasi + suv

Kun davomida yuz terisi bakteriya va mikroblar ta`sirida qoladi. Hatto eng sifatli pardozni tozalash vositasining ham teri kataklariga joylashib qolgan bakteriyalarga «tishi» o`tmaydi. Terida yallig`lanish jarayonlari boshlanmasin desangiz, haftada bir marta 1 choy qoshiq iste`mol sodasini 100 gr iliq suvda eriting-da, yuzingizni artib oling. Teringiz salgina achishishi mumkin. 10 daqiqadan so`ng aralashma yuqini iliq suvda yuvib tashlang.

Qatiq + ko`katlar

Haftada ikki marotaba vaqtingizni qizg`onmang-da, yarim piyola qatiqqa istalgan ko`katni to`g`rab aralashtiring. Mazkur niqob yuz terisini oziqlantiradi. Quruqlashishning oldini oladi.

PS: Tavsiyalarni qo`llashdan oldin, niqobni qo`l terisida sinovdan o`tkazing. Hech qanday reaksiya kuzatilmasa, muammo yo`q. Besh daqiqa ichida teri qizarsa yoki mayda toshma toshsa bu niqob sizga to`g`ri kelmaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1