1

BAXTLI MUNOSABATLARNING QONUNLARI

SUG'DIYONA 09.01.2018, 12:22
BAXTLI MUNOSABATLARNING QONUNLARI

Sahifamiz psixologi aziz ayollarimiz uchun yana bir sovg`a tayyorladi. Bir necha xotin-qizlar ishtirokida davra suhbati tashkil etdi. Ushbu suhbatni mavzularga ajratgan holda sizlar bilan baham ko`rishni lozim topdik.

Kundalik turmushimizda “xo`p bo`ladi”, “roziman” kabi ijobiy hal qilinuvchi so`zlarni ishlatamiz va shu bilan birga “yo`q”, “aslo” kabi rad javobini anglatuvchi so`zlarni ham qo`llaymiz. O`z navbatida ota-onamiz, turmush o`rtog`imiz, farzandlarimiz bilan munosabatlarimizda ularni xafa qilib qo`yishdan qo`rqib” yo`q” deya olmaymiz. Bunday vaziyatda ba`zan ularning istaklariga tishimizni tishimizga qo`yib bo`lsa-da chidashimizga to`g`ri keladi. Aslida “yo`q” so`zida ham samimiylik va ishonch bor...

Samimiy “yo`q” deya oling!

Bolaligimizdan ma`lum bir tushunchalarga tayanib tarbiya topamiz. Masalan, ota-onamizga, o`zimizdan kattalarga “yo`q” demaslik, agar “yo`q” desak, ular bizdan xafa bo`lishi, tanbeh berishi, urishishi mumkinligi va hakozo. O`shanda bola bo`lib turib qat`iy xulosaga kelganmiz-ki, “yo`q”deyish bu—yomon. Shunday deyishimiz bilan biz yomon bola yoki yomon qizga aylanganmiz. Ulg`ayganimizda biz shu tushunchaga sodiq qolib, xatti-harakatlarimizni ham shunga qarab bajaramiz.

“Yo`q”deyishimiz bilan haqiqiy istagimizni bildira olamizmi? Xohishimizga qarshi bormaymizmi? Munosabatlardagi insonlarimizga “yo`q” deya olmay, keyin ulardan qochib yurishimiz yaxshimi? Balki og`rinib yurgandan ko`ra rad javobini berishni ham bilish kerakdir... Azizalarim, bu boradagi fikr-mulohazalaringiz qanday?

Begoyim: — To`g`ri, kerak vaqtda inson “yo`q” deyishni ham bilishi kerak, deb o`ylayman. Har doim ham hamma takliflarga “ho`p” deganimiz bilan takliflarning adog`i bo`lmaydi va natijada umrimizning asosiy vaqtini boshqalarning hojatini chiqarish uchun sarflaymiz. O`zimizni esa ma`lum darajada unutamiz. Inson avvalo o`zi uchun vaqt ajratishi va ichki ehtiyojlarini qondirishi kerak. Ana o`shanda hayotdan qoniqish hissi bo`ladi. Aks holda hammaning hojatini chiqarib “xo`p” deyaversak, o`z ichki talabimizni bajarmasak, o`z o`rnimizni hayotda yo`qotib qo`ymaymizmi? Bu ruhiyatimizda diskomforthosil qiladi.

Latofat: — Hayot o`zi aslida qarama-qarshiliklardan iborat. Kun va tun, oq va qora, yaxshi va yomon, ha vayo`q. To`g`ri, salbiy so`zlardan ko`ra ijobiy so`zlar chiroyli eshitiladi, lekin birovning ko`nglini olaman deb o`z ko`nglimizni ranjitishimiz yaramaydi. Yo`q deyishning ham variantlari bor. “Yo`q”ni tushuntirish orqali, samimiy ayta olsak, boshqalarning ko`nglini ranjitmasligimiz mumkin.

Hayotimda menga “yo`q” so`zi juda katta foyda keltirgan. Hayotimni ijobiy tomonga o`zgartirgan. Kollejni tamomlab, ishga kirmoqchi bo`lganman. Bir tashkilotga ish so`rab borsam, qat`iy “yo`q” degan javobni olganman. O`shanda juda xafa bo`lganman va bu menga qattiq ta`sir qilgan.Shundan so`ng, universitetga o`qishga kirish uchun kuchli tayyorgarlik ko`rdim. Oliy o`quv yurtiga o`qishga kirdim ham. Demoqchimanki, o`shanda meni ishga olmagan insonning “yo`q” deb aytgan so`zidan ta`sirlanib o`qishga kirib ketdim. Usha paytda o`sha insonni yomon ko`rganman. Lekin hozirda unga tashakkur deyman.

Nilufar: — Yo`q so`zini eshitish og`ir,aytish ham og`ir,lekin aytib bo`lganingizdan keyin o`zingizni engil his qilasiz. Ba`zan “xo`p” deb noqulay ahvolga tushib qolamiz, “nega yo`q demadim” deb afsus qilamiz.

Latofat: — Bizning mentalitetimizda tarbiya birinchi o`rinda turadi. Kattalar“ho`p degin, yo`q deging kelsa ham ho`p degin, shunda boradigan oilangga yoqasan”, deb qizlarga tarbiya berishadi.Buni uddasidan chiqaman degan qiz bir xonadonga kelin bo`lgach, o`ziga yoqsa-yoqmasa “ho`p”, “ha” deb o`zining fikriga qarshi borsa ham oila baxti uchun o`zining ko`nglini oxirgi o`ringa qo`yadi. Lekin hayot bir chiziqdan iborat emas. Bir yil, ikki yil “ho`p”, deb charchagan kelin keyinchalik o`z fikrini himoya qilishga kirishadi. Qarabsizki, uning so`zlarida “yo`q” so`zi ko`payib boradi. Shunda qaynona ham, turmush o`rtoq xam kelinni salbiy tomonga o`zgarganda ayblashadi. Natijada, oiladagi iliq munosabatlarga putur etadi.Shunday ekan, biz yangi oilaga kelin bo`lib borayotgan qizlarimiz samimiy “yo`q” deyishni boshidanoq aytishlarini o`rgatishimiz kerak. Shundaginao`shaoilakelinning“ho`p”larigaemas, uningsamimiyxarakterigamoslashadi.

Nasiba: — Yo`q deyishga juda qiynalaman. Mening yordamim kerak ekan-ki, mendan yordam kutyapti deb o`ylab, rad javobini berolmayman...

Zilolaxon: —Haqiqatdan “yo`q” deyish juda qiyin. “Yo`q” deya olmaganimiz sababli o`zimizni qiyin vaziyatga tushirib qo`yamiz. Bu bilan rejalashtirib qo`ygan ishlarimizni ortga surishga to`g`ri kelib qoladi. Bunday vaziyatga o`zim ko`p marotaba tushganman. Hayot ko`p narsani o`rgatdi. Hozirda vaqti kelganda “yo`q” deya olyapman. Bu so`zni ularni xafa qilmagan holda aytmoqdaman.

Psixolog: — Hayotda turli insonlar bilan munosabatga kirishar ekanmiz, o`z savollarimizga, iltimoslarimizga nisbatan ijobiy “ha”, salbiy “yo`q” degan javoblarni olamiz. Yo`q” deyish qanchalik qalbimizga og`ir botmasin, ayrim vaziyatlarda rad javob berishimiz nafaqat o`zimizga, balki suhbatdoshimizga foydadan xoli bo`lmaydi. Faqat buni samimiy ohangda ayta olishimiz va nima uchun “yo`q” deb javob berganimizni tushuntirib berishimiz lozim. Bu munosabatlarimizda nizoli vaziyatlarning oldini oladi. Hammasi “yo`q” so`zini qanday usulda ishlatimizga bog`liq.

Munisa ALIEVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1