1

XURMO—IMMUNITETNI MUSTAHKAMLAB, KO`RISh QOBILIYaTINI YaXShILAYDI

Salomatlik 09.01.2018, 11:22
XURMO—IMMUNITETNI MUSTAHKAMLAB, KO`RISh QOBILIYaTINI YaXShILAYDI

Xurmo nimasi bilan foydali?

Qarishni sekinlashtiradi va ko`rish qobiliyatini yaxshilaydi

Barcha apelsinrang mevalarda bo`lgani kabi, xurmoda ham beta-karotin ko`rinishidagi A vitamini ko`p.

A vitamini — hujayralarni erkin radikallardan himoyalovchi, qarish jarayonini sekinlashtiruvchi va saraton xavfini kamaytiruvchi kuchli antioksidant.

Bu vitamin o`tkir ko`rish qobiliyati garovidir. Uning etishmasligi insonning kechki payt va qorong`uda ko`rish qobiliyatining yomonlashuviga olib keladi.

Bundan tashqari, beta-karotin quyosh ostida kuyib ketmaslikka yordam beradi: u terini ultrafiolet nurlarning zararli ta`siri, qurish va yorilishdan himoyalaydi.

Immunitetni mustahkamlaydi

Xurmo o`z tarkibidagi yana bir antioksidant bilan maqtana oladi. Bu - immunitet himoyachisi sifatida mashhur C vitamini. 100 gramm mevada shu vitamin kundalik normasining 10 foizi mavjud, u shamollash va tumovning oldini olishda yordam beradi. U profilaktik vosita sifatida samara beradi. Agar yo`tal va burun bitishi boshlanib bo`lgan bo`lsa, xurmo bularni bartaraf qilishga ojizlik qiladi.

Shishlarni ketkizadi

Xurmo peshob haydovchi xususiyatga ega, chunki unda suv ko`p. U inson tanasidan ortiqcha suvlarni chiqarib, shishlarni ketkizishda yordam beradi. Bunda organizm kaliyni yo`qotmaydi: bu makroelement xurmo tarkibida bor, shunday ekan, yo`qotishlar to`ldiriladi.

Xurmoning zarari ham bormi?

Qabziyatni keltirib chiqaradi

Afsuski, xurmoning aks ta`siri ham bor. Tanin moddasining ko`pligi qabziyatni keltirib chiqarishi mumkin. Bir necha yil mobaynida muntazam ravishda xurmo eyish esa, hatto oshqozonda bezoarlar - yaxshi hazm bo`lmaydigan moddalardan iborat zich pufakchalar paydo bo`lishiga sabab bo`lishi mumkin.

Terining sarg`ayishiga olib kelishi mumkin

Shuni yodda tutish lozimki, beta-karotinning organizmda haddan ziyod ko`pligi terining sarg`ayishiga sabab bo`lishi mumkin, ayniqsa bolalarda shunday holat kuzatiladi. Bu sog`liq uchun xavf solmaydi, haftasiga 2-3 kilogramm tarkibida karotin bo`lgan mahsulotlarni iste`mol qilish terining sarg`ayishiga olib keladi.

Nechta xurmo eyish mumkin?

Xurmoni me`yorida iste`mol qilgan ma`qul. Sog`lom katta yoshli kishilarga kuniga 4 tadan ko`p bo`lmagan xurmo mevasini eyish tavsiya etiladi.

Xurmoning salbiy ta`sirlarini kamaytirish uchun faqat yaxshi etilgan mevalarini eng: ularda tanin kamroq.

Yaxshi etilmagan xurmo mevalarini muzlatgichga joylansa, ular etilib, shirinroq ta`mga ega bo`ladi, salbiy ta`sir esa kamayadi. Mevadagi tanin miqdori kamayadi, shuning uchun ichak bilan bog`liq muammolardan qo`rqmaslik mumkin bo`ladi.

Kimlar xavf guruhida?

Qabziyatga moyilligi bo`lgan kishilar

Yopishqoq tanin oshqozondagi narsalarni "yopishtiradi". Bu xususiyat qabziyatni engishga yordam beradi, biroq qabziyatga moyilligi bo`lgan kishilarning ahvolini qiyinlashtiradi.

Homilador ayollar

Xurmoni homiladorlik davrida eyish mumkin, biroq yana o`sha gap: uning tarkibida tanin va qand ko`pligini unutmaslik kerak, zero bu ortiqcha vazn va qabziyat bilan bog`liq muammolarga olib kelishi mumkin.

Shunday bo`lsa-da, xurmoning homilador ayollar uchun foydasi ehtimoliy salbiy ta`sirlardan ustun. Vitamin va mikroelementlarga boy xurmoni kuniga 1-2 tadan ko`p bo`lmagan miqdorda iste`mol qilish ham ona, ham homila uchun foydali bo`ladi.

Bolani ona suti bilan boquvchilar har qanday meva kabi xurmo ham bolada allergiya keltirib chiqarishi mumkinligini yodda saqlashlari lozim.

Bolalar

3 yoshgacha bo`lgan bolalarning xurmo eyishi nojoiz. Bunga ham tanin sababchi, u bolada qabziyatni keltirib chiqarishi mumkin.

Bolaning nozik ichak traktiga xurmoning qanday ta`sir ko`rsatishini oldindan bilib bo`lmaydi, shuning uchun 3-10 yoshli bolalarga ham xurmoni ehtiyot bo`lib berish zarur. Agar bolada allergiya yoki ichak bilan bog`liq muammolar sezilsa, uning iste`moliga darhol chek qo`ying.

Internet materiallari asosida Sevara Nishonova tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1