1

SOATNI NEGA ChAP QO`LGA TAQAMIZ?

SUG'DIYONA 06.01.2018, 15:17
SOATNI NEGA ChAP QO`LGA TAQAMIZ?

Soatni nega chap qo`lga taqishingiz sababini hech o`ylab ko`rganmisiz?

Albatta, ko`pchilik shunday taqqani uchun, deb mantiqiy javob berishingiz mumkin. Yoki bo`lmasam, soat chap qo`lga taqishga moslab ishlab chiqariladi, deyishingiz ham mumkin. Unda yana o`rinli savol tug`iladi? O`sha ko`pchilik nima uchun soatlarini chap qo`llariga taqishadi? Yoki nima uchun soatlar chap qo`lga taqishga moslab ishlanadi? Agar tarixga nazar tashlaydigan bo`lsak, savollarga aniq javobni topamiz.

Birinchi bo`lib qo`lga taqiladigan soatni 1868 yilda Patek Filipp ixtiro qilgan. Bu aslida, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bilaguzuk bo`lib, unga soat ham joylashtirilgan edi va buni faqat ayollar taqar edilar.

1904 yilda braziliyalik harbiy uchuvchi Alberto Santos Dyumont soatsoz do`sti Luis Karterdan urush va janglarda ham echmay taqib yursa bo`ladigan qo`lsoatini yasab berishni iltimos qilgan. Do`stining iltimosiga ko`ra, Karter har taraflama qulay bo`lgan qo`lsoatini yaratdi. Ushbu soatni har qanday vaziyatlarda ham taqish mumkin bo`lib, hech xalaqit bermas edi. U soatni faqat erkaklar taqishar edi. Karter uni “Santos qo`lsoati” deb nomladi. Ushbu qo`lsoat 1911 yildan sotuvga chiqdi. Shundan keyin u ancha ommalashdi. Keyinchalik Fransiya, Shveysariya kabi davlatlarda qo`l soati taqish urfga kirdi. Cho`ntak soatiga qaraganda bu soat ancha qulay edi. Ana o`sha paytda Karter mazkur qo`lsoatini chap qo`lga moslab yasagan. Chunki, urushda askarlar o`ng qo`llariga qurol va boshqa narsalarni ushlaydilar. Boshqa ish qilinayotgan paytda ham inson odatda o`ng qo`li bilan ishlarini bajaradi. Chap qo`lga taqilgan soat esa, ishlayotgan yoki urushda qurol ko`tarib jang qilayotgan askar uchun xalaqit bermaydi. Uchuvchi Alberto aynan mana shu qulaylikni ko`zlab, do`stidan qo`l soati yasab berishni iltimos qilgandi.

Shu bilan birga soatning yonidagi buragichlari ham chap qo`lga moslab joylashtirilgan. Agar soatni o`ng qo`lga taqsangiz, uning buragichidan foydalanish ancha qiyin va noqulay bo`ladi. Yoki soatni echib, burab, keyin yana taqib olishga to`g`ri keladi.

O`ng qo`l ko`p ish bajaradigan qo`l bo`lgani uchun ham soatni chap qo`lga taqsak, uning timdalanish, darz bo`lish yoki sinish ehtimoli ancha kamayadi. Hozirda kishilar bunga e`tibor qilmay qo`yishdi. Hamma soatini istagan qo`liga taqyapti. Bundan tashqari hozirgi paytda ko`p soatlar ikkala qo`lga ham taqsa bo`ladigan qilib ishlanyapti.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1