«O`G`LIMNI SUNNAT QILDIRGANDIK, AMMO...» BOLALAR UROLOGIGA 4 SAVOL

Salomatlik 05.01.2018, 10:26
«O`G`LIMNI SUNNAT QILDIRGANDIK, AMMO...» BOLALAR UROLOGIGA 4 SAVOL

O`g`il bolaning nafaqat tarbiyasi, balki salomatligiga ham ota-onalar alohida ziyrak va e`tiborli bo`lishlari lozim. Oilada o`g`il farzand tug`ildimi, uni, albatta, bolalar urologiga muntazam ko`rsatib turish kerak. Ana shunda boladagi turli xil yallig`lanishlar va tug`ma nuqsonlar o`z vaqtida aniqlanib, kerakli tibbiy muolajalar olinadi. O`g`il bolalar salomatligiga oid savollarga shifokor-urolog Ulug`bek ERGAShEV javob beradi.


«
PEShOB AJRATIShIDA MUAMMO BOR»

O`g`lim 6 yoshda. Sunnat qildirganimizdan so`ng olat yonidagi teshikdan siyadigan bo`lib qoldi. Nega bunday? Buni to`g`rilashning yo`li bormi?

S.K., Toshkent shahri

– Me`yorda bunday bo`lishi kerak emas. Menimcha, siydik uchun mo`ljallangan teshik o`z joyida joylashmagan. Bu tug`ma nuqson bo`lib, tibbiyotda gipospadiya nomi bilan yuritiladi. Bu holatda siydik chiqaruv teshigi olatning uchida emas, yoni yoki pastrog`ida, ba`zan esa moyakda joylashgan bo`ladi. Bu holatga onaning homiladorlik paytida qattiq gripp bilan og`rishi, boshqa yuqumli kasalliklar, misol uchun qizilcha, qizamiq hamda ba`zi antibiotik va gormonal dorilarni pala-partish (miqdorini shifokor bilan maslahatlashmay) qabul qilish sabab bo`ladi. Keyingi paytlarda bolada ana shunday nuqsonning yuzaga kelishiga onaning homiladorlik payti sochlarini hadeb kimyoviy bo`yoqlarga bo`yashi va soch uchun lak vositasini ishlatishi ham sabab bo`lishi mumkin, deb taxmin qilishmoqda. Gap shundaki, sochni tekislash va turmak shaklini saqlaydigan soch uchun sprey, laklar tarkibida ftalat nomli kimyoviy modda bor. U esa homila uchun g`oyat zararli.

Sizga maslahatim, farzandingizni bolalar jarrohi ko`rigiga olib boring. Zarur bo`lsa, jarrohlik usuli yordamida ushbu muammo hal qilinadi. Umuman olganda, kestirish muolajasidan avval har bir ota-ona farzandini urolog ko`rigidan o`tkazishi shart. Ana shundagina bir qancha noxushliklar va yallig`lanishlarning oldi olinadi.

Bilasizmi:

Kestirish muolajasidan keyin yaraga alohida parvarish zarur. Agar bolaning tana harorati ko`tarilsa, qizarish va ko`karish 2-3 kundayam o`tib ketmasa, darrov shifokorga murojaat qilish zarur. Parvarish paytida ona qo`llarini sovunda yuvib spirtda ishlov berib keyingina, bolaga yaqinlashishi mumkin. Agar yara qonasa, suyuqlik ajralsa, o`sha joylarga antibakterial surtma surtiladi. Lekin dori-darmonga oid barcha tavsiyalarni faqat shifokor berishi kerak.


«
ShIShNING BOISI NIMA

Olti oylik o`g`limning jinsiy a`zosi qizarib, shishib ketgan. Buning sababi nima bo`lishi mumkin?

Sh.K., Toshkent viloyati

– Farzandingiz emizikli bo`lsa, bu siz iste`mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari (asal, sut, tuxum, qaymoq, baliq, sitruslilar, pishiriqlar)ga nisbatanuning organizmining allergik javobi bo`lishi mumkin. Ba`zan esa har hil iforli gigienik vositalarni ishlatishham shunday oqibatlarga olib keladi. Moychechak damlamasida bolani kuniga 2 mahal cho`miltiring va, albatta, o`zingiz parhez qiling. Agar qizarish va shish 3 kunda ham o`tib ketmasa, shifokor-urologga ko`rinish kerak.



«
KRIPTORXIZM QANChALIK XAVFLI

Shifokorlarning tashxisini eshitganimdan buyon tashvishdaman. Kriptorxizmning davosi bormi?

N.O., Farg`ona viloyati

– Homiladorlikning so`nggi haftalarida o`g`il homilaning tuxumlari moyakka tushadi. Ammo kriptorxizm kasalligida tuxumlarning ikkisi yoki biri qorin bo`shlig`i yoki chov sohasida qolib ketadi. Odatda, ushbu muammoni ota-onaning o`zi bolani parvarishlayotgan mahal sezib qoladi. Bu holatni davolamasangiz xavfli. Chunki kelajakda nasl ko`rish qobiliyatiga ta`sir qilishi mumkin. Tashxis qo`yilgach, bir yil davomida bola urolog nazorati ostida bo`ladi. Tegishli davolar kor qilmasa, shifokor orxipeksiya – tuxumlarni moyakka qo`yish muolajasini amalga oshiradi.


«
BOVUL QILAYoTGANDA YIG`LAB YuBORADI»

– 4 yoshli o`g`lim siyganda og`riq borligidan dodlab yuboradi. Bu nima bilan bog`liq bo`lishi mumkin?

R. D.,Toshkent viloyati

– Bu siydik yo`llarida infeksiya borligidan dalolat. Ko`pincha bu – sistit (siydik qopi qavatining yallig`lanishi) yoki blanopostit (olat boshchasining yallig`lanishi) bo`lishi mumkin. Sistitda og`riq bola siyib bo`lganida seziladi, balanopostitda esa og`riq zo`ridan bola siyolmaydi, og`riq siydik ajralishi bilan boshlanadi. Bunday paytda bolaga bo`ymodaron, moychechak, ittikanak yoki ko`k choy damlamasidan tayyorlangan vannada o`tirish yordam beradi. Bolaning bu holatiga aniq tashxis qo`yish uchun shifokor-urolog yoki andrologga ko`rsatishingizni tavsiya qilamiz.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1