1

“XITOY OLMASI”NING DORIVOR XUSUSIYaTLARI

Salomatlik 29.12.2017, 11:45
“XITOY OLMASI”NING DORIVOR XUSUSIYaTLARI

«Apelsin» so`zi nemischida «xitoy olmasi» degan ma`noni bildiradi. Nega endi Xitoy olmasi? Chunki bu mevaning vatani Xitoy-da! U qachonlardir mandarin bilan chatishtirish natijasida hosil bo`lgani haqida taxmin bor.

Apelsin mevasi ajoyib desert o`rnini bosib, ishtahani yaxshilaydi. Vitaminlar va biologik faol moddalarga boyligi uchun gipovitaminoz, jigar, yurak va tomir kasalliklarining oldini olish hamda ularni davolashda ishlatiladi. Mazkur meva tarkibidagi pektinlar hazm ishini yaxshilab, yo`g`on ichakning motor funksiyasini kuchaytiradi. Apelsin tarkibida limon kislotasi, qand, vitaminlardan S, V, A mavjud. Mevasi qandolatchilikda ishlatiladi; gullari, bargi hamda po`stlog`idan efir moyi olinadi.

Nahorga apelsin eyishqabziyatni davolaydi

Ichaklar faoliyatini yaxshilash hamda qabziyatning oldini olish uchun nahorga apelsin sharbati ichish yoki mevasidan bir-ikkita eyish lozim. Ko`pdan beri bitmayotgan jarohat va yaralarni davolash, singa kasalligining oldini olish uchun ham apelsin sharbati ichish tavsiya etiladi.

Quritilgan po`stlog`i yo`talda foyda

Apelsin sharbati yallig`lanishga qarshi kurashish xususiyatiga ega, qonda tiqinlar paydo bo`lishining oldini oladi. Xitoylik shifokorlar apelsinning quritilgan po`stlog`ini yo`tal va shamollashni davolashda ishlatishar ekan.

Uy sharoitida

Gipertoniya kasalligi boshlanayotgan payt quyidagi davoni qo`llash mumkin: 1 dona apelsinni po`stlog`i bilan qirg`ichdan o`tkazib, kuniga 3 mahal 1 choy qoshiqdan iste`mol qilinadi. Muolaja muddati – 2-3 hafta.

2 dona apelsin va 2 ta limonning urug`i olib tashlanib, go`shtqiymalagichdan o`tkaziladi. Hosil bo`lgan aralashmaga 2 osh qoshiq asal qo`shiladi. Shisha idishga solib, xona haroratida bir sutka qoldiriladi va keyin sovutkichga qo`yiladi. Kuniga 2-3 choy qoshiqdan ovqatdan yarim soat oldin iste`mol qilinadi. Ushbu muolaja bir oy davomida o`tkaziladi, ikki hafta tanaffusdan keyin yana davom ettirish mumkin, qon tomirlarni tozalashga yaxshi yordam beradi.

Curunkali qabziyatdan qiynaladigan keksalar ertalab nahorga yoki kechqurun uyquga yotishdan oldin apelsin sharbati ichganlari ma`qul.

Bronxitda (ayniqsa, o`tkir bosqichida) nafas olish osonlashishi uchun apelsinli ingalyasiya qilinadi: apelsin po`stlog`i qaynatmasi bug`idan yarim soat nafas olib turiladi.

Apelsin po`stlog`i qaynatmasi qo`rg`oshindan zaharlanishda yordam beradi: 2 osh qoshiq maydalangan po`stloqni yarim litr qaynoq suvga solib, idishning og`zini berkitgan holda 5 daqiqa qaynatiladi va 20 daqiqa damlab qo`yiladi. Suzib, har 5 soatda 1 stakandan ichiladi. Bunga qo`shimcha ravishda har kuni 200 gr nordon apelsin sharbati ichib turgan yaxshi.

Go`zallik baxsh etuvchi vosita

Apelsindan kosmetika va parfyumeriya sohasida ham foydalaniladi. Quyida go`zallik baxsh etuvchi reseptlar bilan tanishtiramiz.

2 osh qoshiq yogurtga 1 osh qoshiq maydalangan apelsin po`stlog`i, yarim choy qoshiq tuz va yarim choy qoshiq zaytun yog`i qo`shasiz. Bu muolaja yordamida yuz terisini tozalash mumkin.

Yuz terisini vitaminlar bilan siylamoqchi bo`lsangiz, ushbu usuldan foydalaning: apelsinni yupqa bo`laklarga bo`lib, yuzga qo`ying. 15 daqiqadan keyin avvaldan tayyorlangan damlama bilan artib tashlang. Damlama tayyorlash uchun apelsin po`stlog`i ustiga qaynoq suv quying, idishni yopib, tindirib qo`ying. Mazkur muojalani har kuni bajaring.

Diqqat!

Oshqozon va o`n ikki barmoq ichak yarasi, gastrit, enterit, kolitga chalingan, oshqozon kislotaliliga ko`p va allergiyasi bor bemorlar apelsin iste`mol qilishdan o`zlarini tiyganlari ma`qul.

Sevara Nishonova tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1