​KO`ZLAR QATTIQ TOLIQSA

Salomatlik 26.12.2017, 16:38
​KO`ZLAR QATTIQ TOLIQSA
  • — Ish faoliyatim hisob-kitob ishlari bilan bog`liq. Ehtimol shungadir, ko`zlarim tez toliqadi. Kechga borib, uzoqni xira ko`ra boshlayapman. Hamkasblarimdan ko`z uchun mashqlar haqida eshitgandim, ammo ularning qay biri ishonchli ekanini bilmayman. Siz nimani maslahat berasiz? Haqiqatan ham foyda beradigan mashg`ulotlar bormi?

Nargiza Ikromova, Toshkent shahri

Savolga shifokor-okulist Nodira RASULOVA javob beradi:

–Tanangizni bo`sh qo`ying. Ko`zlaringizni yuming. Bir-ikki daqiqa shu holatda o`tiring. Endi ko`zlarni yumgancha, faqat ko`z olmasini harakatga keltirib, sakkiz shaklini hosil qiling. Mashqni 10 marta bajaring

–Deraza yoniga keling-da, oynada kichik nuqtani toping. Diqqatni jamlab, ana shu nuqtaga qarang. So`ng nigohingizni derazadan tashqariga yo`naltiring. Masofa o`zgarishi ko`zdagi zo`riqishni engillashtiradi

–Qo`lingizga ruchka, qalam yoki flomaster oling. Nigohingizni ruchka uchiga qarating. Ruchka uchidan ko`zni uzmasdan uni o`zingizdan uzoqlashtiring. Keyin burunga yaqinlashtiring. Mashq davomida ko`zingiz faqat ruchka uchida bo`lsin. Mashqni 5-7 marta takrorlang.

–Chuqur nafas oling-da, ko`zlarni qattiq yuming. Xayolan ko`z qovoqlaridagi zo`riqishni yuz mushaklari, chakka, bosh va bo`yinga tarqalayotganini tasavvur qiling. O`pkani bo`shatib, tezda ko`zlaringizni oching, xuddi biror nimadan hayratlanayotgandek. Mashqni 5 marta takrorlaysiz.

–Boshni qimirlatmay, ko`zlaringizni bir-biri bilan uchrashtiring. Ko`p emas, bir necha soniyaga. So`ngra nigohingizni chap ko`z burchagiga olib boring. 2-3 soniya chap burchakni tomosha qilib, asta-sekinlik bilan o`ng ko`z burchagiga qarang. Navbat bilan nigohingizni chap ko`zning yuqori burchagiga olib boring. Mashqni o`ng ko`zning yuqori burchagiga qarash bilan davom ettiring. Bir marta bajargach, 2-3 daqiqa ko`zga dam berib, so`ng mashqni yana bir karra amalga oshiring.

–Tasavvur qiling, xonada kapalak uchib yuribdi. Nigohingiz bilan uni tutishga urinib ko`ring. Ko`zlarni tepa-past, chap va o`ngga harakatlantiring. Yana bir usul, xayolan katta soatni tasavvur qiling. Nigohingiz soat strelkasi ortidan «yurishi» kerak. Mashqni tugatgach, ko`zlarni tez-tez bir necha marta yumib-oching.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1