1

Somondan mo``jiza yaratgan iste`dod sohibi

Rekord 15.12.2017, 15:26
Somondan mo``jiza yaratgan iste`dod sohibi

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga yo`llangan samimiy maktubda ana shunday so`zlar bor edi. Chindan ham bugun Jasur o`zini imkoniyati cheklangan, deb hisoblamaydi. Sababi u hamma ham qila olmaydigan va ko`rganni hayratga soladigan nodir hunar sohibi, betakror san`at asarlarining muallifi. Bir so`z bilan aytganda, oddiygina somondan mo``jiza yarata olgan iste`dod egasi. Aynan Jasur somon san`ati­ni haqiqiy san`at darajasiga va noyob hunar sifatida olib chiqdi. Xo`sh, u somon san`atiga qanday kirib keldi? Uni qachon san`at va hunar darajasiga olib chiqdi?

Jasur JUMAEV, “O`zbekiston belgisi” ko`krak nishoni, “Jasorat” medali sohibi:

— 2004 yilda kollejda o`qib yurgan kezlarim otamning do`sti Vladimir Petrovich Fotinning maslahati bilan ilk bor somon san`ati sirlarini o`rgana boshladim va shu yo`nalishda ustozim Otabek Yo`ldoshevga shogird tushdim. Ularning yordami bilan bu hunarning nozik tomonlarini, mashaqqatli jihatlarini o`rgandim va keyinchalik o`z ijodiy ishlarimni yarata boshladim. Lekin shu insonning qo`liga shogird bo`lib kelgunimga qadar hech qachon bu hunarni o`rganaman, egallayman, deb xayolimga keltirmaganman.

— Ma`lumki, hunarmandchilikning turi ko`p, ammo somon san`ati haqida hamma ham bilavermaydi. Bu o`zi qanday hunar? Somonga qanday ishlov beriladi-yu, nimalar yasaladi?

— Somon san`ati azaldan ham mavjud bo`lib, asosan Evropa mamlakatlarida ko`p uchraydi. Biroq ularning ijodiy ishlarida somon turli ranglarga bo`yalib, ishlov berilganligini ko`rishimiz mumkin. Biz ishlarimiz uchun dalalarda o`sadigan yovvoyi javdardan foydalanamiz va somonning rangidan o`z holicha foydalanishga, milliylikni saqlab qolishga harakat qilamiz.

Avvalo terib kelingan yovvoyi javdardan somonlar ajratib olinadi va qanday maqsadda foydalanishimizga ko`ra turlarga bo`lib olamiz. Masalan, uy, odam, tabiat manzarasi. Yasalayotgan rasmning to`qroq yoki ochroq bo`lishiga qarab somonga olov yordamida ishlov beramiz. Eng muhimi, shakllarni nihoyatda e`tibor bilan aniq o`lchamlarda qirqa olish. Buning uchun o`ta kichik hajmdagi qaychilardan foydalaniladi. Hattoki, katta hajmdagi asarlarni ham ana shu mayda qaychi bilan ishlab chiqamiz.

Qahramonimizning so`zlarini eshitib, xalqimizning “igna bilan quduq qazish” degan iborasi yodimizga tushdi. Jasur bu quduqni ulkan sabr va matonat bilan qazidi, orqaga chekinmadi. Ana shunday shijoat, g`ayrat va tinimsiz mehnat o`z mevasini bera boshladi. Uning ijodiy ishlari nafaqat respublikamiz, balki dunyo davlatlari tomonidan e`tirof etila boshladi, xorijiy ko`rgazmalarda uning mo``jizaviy san`ati yuksak baholandi. Ana shunday ishtiroklari natijasi o`laroq, Jasur 70 dan ortiq respublikamiz hamda xorijiy davlatlarning diplomi, sertifikat va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Yurtimiz hunarmandchiligiga o`zgacha san`at turi bilan qo`shgan hissasi uchun Jasur Jumaev2012 yilda “O`zbekiston belgisi” ko`krak nishoni, 2015 yilda “Jasorat” medali va “E`tirof-2015” taqdirlash marosimida “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo`nalishi bo`yicha g`oliblikni qo`lga kiritdi.

Ko`plab ko`rgazmalarda ishtirok etdim, davlatimiz mukofotlariga sazovor bo`ldim. Birinchi yurtboshimiz Islom Abdug`anievich Karimovga minnatdorchilik bildirib yozgan maktubimning keyinchalik “Prezidentga maktublar” kitobida bosilib chiqishi men uchun eng katta e`tibor va e`tiroflardan biri bo`ldi...”, — deb g`ururlanadi Jasur.

Hozir Jasur Jumaev o`zi ta`lim olgan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida dars beradi. Shuningdek, o`z ustaxonasida bir qancha shogirdlariga noyob hunarini beminnat o`rgatib kelmoqda. Kuz oylarida esa u “Somon san`ati” ko`rgazmasini tashkillashtirmoqchi. Biz ham iste`dodli hunarmandimizga ijodiy muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1